
Filippin osmonini qoplagan “Fung-Vong” tayfuni mamlakat bo‘ylab haqiqiy xavf holatini keltirib chiqardi. South China Morning Post yozishicha, u kelayotgan xavfli bo‘ron sabab qariyb bir million fuqaro xavfsiz joylarga ko‘chirildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Luson orolining bir qator hududlarida allaqachon kuchli yomg‘ir va shamol kuzatila boshlagan. Tayfunning ta’sirida suv sathi keskin ko‘tarilib, elektr ta’minotida uzilishlar ro‘y bermoqda. Hukumat tezkor ravishda evakuatsiya markazlarini faollashtirdi.
Havo sharoiti keskin yomonlashgani tufayli mamlakat bo‘ylab 400 dan ortiq aviareys bekor qilindi. Ko‘plab maktab va ishxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Hozirda shamolning tezligi soatiga 230 kilometrga yetgani qayd etilmoqda. Meteorologlarning bildirishicha, “Fung-Vong” bugun tunda Lusonning sharqiy sohilida joylashgan Aurora provinsiyasiga yetib kelishi mumkin.
Hukumat favqulodda holat e’lon qilib, mamlakatning markaziy va janubi-sharqiy hududlarida eng yuqori — beshinchi darajadagi xavf ogohnomasini berdi. Qutqaruv guruhlari faol ravishda aholini evakuatsiya qilish va suv toshqini xavfi yuqori bo‘lgan hududlarni nazoratga olgan.
Ayni paytda, Filippin hali ham bir necha hafta oldin hujum qilgan “Kalmaegi” tayfuni oqibatlarini bartaraf etish bilan band. O‘sha falokatda 224 kishi halok bo‘lgani, minglab xonadonlar vayron bo‘lgani ma’lum qilingan.
Meteorologlar “Fung-Vong”ning kuchliligi “Kalmaegi”dan ham yuqori bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, aholini ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirmoqda. Ayrim hududlarda elektr energiyasi uzilishlari, yo‘llar yopilishi va suv toshqinlari kutilmoqda.
Filippin Osiyo mintaqasida tayfunlar eng ko‘p keladigan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Har yili o‘nlab bo‘ronlar yurt aholisini sinovga soladi. Ammo bu safargi “Fung-Vong”ning kuch darajasi va yo‘nalishi mamlakatni yana jiddiy sinov oldida qoldirmoqda.
Hukumat va xalqaro tashkilotlar tomonidan aholiga oziq-ovqat, ichimlik suvi va ilk tibbiy yordam vositalari yetkazish ishlari jadallashtirilgan. Shunday vaziyatda mamlakat fuqarolari bir yoqadan bosh chiqarib, tabiat sinovini birgalikda yengib o‘tishga intilayotgani qayd etilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!