date

Sadir Japarov: Qirg‘izistonda endilikda to‘ntarishlar bo‘lmaydi

Sadir Japarov: Qirg‘izistonda endilikda to‘ntarishlar bo‘lmaydi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda siyosiy beqarorlik va davlat to‘ntarishlariga o‘rin qolmaganini qat’iy ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda respublikada davlat tizimi mustahkam, xalq esa kimni qo‘llab-quvvatlashini yaxshi biladi, deb yozdi Kabar.kg.

«Davlat to‘ntarishlari bo‘lmaydi. Birinchidan, biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Ikkinchidan, avvalgidek zaif davlat endi yo‘q — endi biz kuchli davlatmiz. Uchinchidan, xalq to‘liq anglab yetgan — kim hokimiyatda bo‘lishi kerakligini, kim haqiqatan ishlayapti, hammasiga bahosini bermoqda», — deb yozdi prezident Facebook sahifasida.

Japarov so‘zlariga ko‘ra, hozir ham jamiyatda ba’zi “fitnachi” guruhlar mavjud bo‘lib, ular xalqni gij-gijlashga, mamlakatda vaziyatni noxush ko‘rsatishga urinayotgan ekan. Prezident bunday harakatlarni qoralab, ularning maqsadi — xalqni aldash va siyosiy beqarorlik orqali o‘z manfaatini himoya qilishligini aytdi.

«Bu guruhlar tarkibida mol-mulki va pullari davlatga o‘tkazilgan korrupsiyachilar, davlat resurslarini suiste’mol qilganlar, hamda amaldagi hokimiyatdan chetlatilgan sobiq amaldorlar bor. Ular hali ham o‘ch olish niyatida, lekin bu orzulari amalga oshmaydi», — dedi u.

Prezident shuningdek, Qirg‘izistonda endi faqat mehnat bilan yutuqqa erishish mumkinligini, hokimiyatni esa “ko‘chada emas, saylov orqali” qo‘lga kiritish kerakligini ta’kidladi.

«Bundan buyon to‘ntarishni faqat tushingizda ko‘rasiz. Talonchilik va hokimiyat uchun kurashish davri tugadi. Yangi Qirg‘iziston — tinchlik va qonun ustuvorligiga asoslangan davlat bo‘ladi», — dedi Japarov qat’iy ohangda.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston so‘nggi 20-yil ichida uch marta davlat to‘ntarishini boshidan kechirgan. 2005-yilda Asqar Akayev, 2010-yilda Kurmanbek Bakiyev va 2020-yilda Sooronbay Jeenbekov hokimiyatdan chetlatilgandi. Shu bilan birga, bu jarayonlar mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotiga katta zarba bergani ma’lum.

Japarovning ta’kidlashicha, bugungi Qirg‘iziston bunday beqarorlikka yo‘l qo‘ymaydi — chunki davlat institutsiyalari kuchaygan, xalq esa to‘ntarishlar orqali emas, saylov orqali o‘z taqdirini belgilaydigan darajaga yetgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » Dunyo » Sadir Japarov: Qirg‘izistonda endilikda to‘ntarishlar bo‘lmaydi