Carlos Barria / Reuters / Scanpix / LETA
Donald Tramp, shubhasiz, Amerika siyosiy tarixidagi eng dramatik qaytishni amalga oshira oldi. Oq uydan ketganidan to‘rt yil o‘tib o‘n millionlab amerikaliklar unga yana bir imkon berishga qaror qilishdi. BBC'ning Shimoliy Amerika bo‘yicha muharriri Sara Smit shu mavzuni tahlil qildi.
Bu kampaniyaning o‘zi ham tarixga kiradi: Tramp ikkita suiqasdga urinish holatini boshdan kechirdi, uning raqibi, amaldagi prezident Jo Bayden ovoz berish kuniga bir necha oy qolganida poygani tark etdi.
Saylovchilarning ovozlarini hisoblash hali ham davom etmoqda, ammo Amerikaning hal qiluvchi shtatlari Trampni tanlagani va bunday tanlovning asosiy sabablari sifatida iqtisodiyot va migratsiya bilan bog‘liq muammolarni ko‘rsatishgani allaqachon ma’lum.
Tramp uchun bu — qulashdan keyingi parvoz bo‘ldi. U 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida Baydenga yutqazganini tan olishdan bosh tortgandi va uning ovoz berish natijalarini bekor qilishga urinishdagi roli hamon tekshirilmoqda.
Trampga qarshi 2021 yil 6 yanvarida Kapitoliyga qilingan hujumni rag‘batlantirish bo‘yicha ham ayblov ilgari surilgan. Va u Amerika tarixida jinoiy ishda ayblangan ilk amaldagi prezident bo‘ladi.
Tramp nima uchun odamlarda turli tuyg‘ular uyg‘otayotganini tushunish qiyin emas. O‘z kampaniyasi davomida u siyosiy raqiblarini ayamadi: ular ustidan qo‘pol hazillar qildi va hatto qasos olish bilan tahdid qildi.
Trampning iqtisodiyot haqidagi so‘zlari odamlarga tushunarli edi
Gap Tramp haqida ketganida juda kam odam betaraf qolishi mumkin. Kampaniya davomida men gaplashgan saylovchilarning ko‘pchiligi Tramp turli bema’ni gaplarni to‘xtatsa yaxshi bo‘lishi, ammo bunga katta ahamiyat bermaslikka tayyor ekanliklarini aytishdi.
Ular uchun Tramp o‘zining barcha mitinglarida bergan quyidagi savol muhimroq edi: «Siz ikki yil oldingidan yaxshiroq yashayapsizmi?»
Donald Tramp uchun ovoz berganlarning juda ko‘pchiligi menga qayta va qayta iqtisodiyot uning prezidentligi davrida yaxshiroq bo‘lgani va hozir ular o‘sha davrni qaytarish uchun kurashayotganini aytishdi. Inflyatsiya oshish sabablari asosan tashqi omillar, masalan, kovid pandemiyasi bo‘lsa ham, saylovchilar bunda hozirgi ma’muriyatni aybdor deb bilishdi.
Amerikaliklarni Baydenning prezidentligi davrida rekord darajaga yetgan noqonuniy migratsiya muammosi ham qattiq tashvishga soladi. Lekin saylovchilar Tramp va uning tarafdorlaridan farqli o‘laroq bu masalada irqchilik qarashlarini bildirmagan va migrantlar uy jonivorlarini yeyishi haqida safsata to‘qimagandi. Odamlar shunchaki chegaralar samaraliroq qo‘riqlanishini so‘rashgan.
«Amerika birinchi o‘rinda»
Ko‘pchilik saylovchilarga, katta ehtimol bilan, Tramp kampaniyasining yana bir shiori ham yoqib tushgan: «Amerika birinchi o‘rinda». Men butun mamlakat bo‘ylab turli odamlardan — so‘llardan ham, o‘ng qarashlardagi odamlardan ham — AQSH ehtiyojlari uchun sarflanishi to‘g‘riroq bo‘lgan milliardlab dollarlar Ukrainaga berilayotgani uchun ko‘plab shikoyatlarni eshitdim.
Shu tufayli ular shunchaki so‘nggi to‘rt yil mobaynida Jo Baydenning vitse-prezidenti bo‘lgan Harrisga ovoz bera olishmasdi. Saylovchilar Harris ham shu siyosatni davom ettiradi deb hisoblashdi, ularga esa o‘zgarishlar kerak edi.
Katta ehtimol bilan, to‘rt yil oldin hokimiyatda bo‘lgan shaxs o‘zgarishlar bilan eng ko‘p assotsiatsiya qilingani (bog‘lagan) bu saylovlardagi paradokslardan biri bo‘ldi. Ammo Trampning oldingi prezidentlik muddati bilan solishtirilsa, bir qancha muhim farqlar ko‘zga tashlanadi.
Tramp 2016 yilda hokimiyatga kelganida, u siyosat dunyosida yangi edi. Shuning uchun u ma’lum vaqt davomida atrofiga tajribali siyosiy maslahatchilar va xodimlarni to‘pladi, ular unga yordam berish bilan birgalikda uning harakatlarini cheklashdi ham. Endi u, aftidan, belgilangan qoidalar bo‘yicha o‘ynashni istamaydi.
Uning dastlabki maslahatchilari va xodimlaridan ko‘pchiligi keyinroq Trampga qarshi shov-shuvli ayblar bilan chiqib, uni «yolg‘onchi», «fashist» va «lavozimga layoqatsiz» deb atashdi. Ular agar atrofida faqat sodiqlar qoladigan bo‘lsa — aynan shunday bo‘lishi kutilmoqda — uni ekstremal g‘oyalari yo‘liga to‘sqinlik qiladigan odam topilmasligidan ogohlantirishgandi.
Oq uyni tark etgach Trampga qarshi Kapitoliyni shturm qilishdagi roli, milliy xavfsizlik sohasidagi hujjatlar bilan ishlash qoidalarini buzgani hamda pornoyulduzga tilini tiyib yurishi uchun to‘lov qilgani bo‘yicha qator ayblovlar ilgari surilgandi.
Ammo Oliy sud u prezidentlik lavozimida o‘tirgan chog‘da sodir etgan harakatlari uchun qisman immunitetga egaligi haqida qaror chiqardi. Prokurorlar bu safargi prezidentlik muddati davomida Trampga yangi ayblovlar qo‘yishi juda qiyin bo‘ladi.
Va prezident sifatida u Adliya vazirligiga 6 yanvar kungi tartibsizliklar bilan bog‘liq federal ayblovlarni bekor qilishni buyurishi mumkin — kelgusida qamoq jazosidan tashvishlanmaslik uchun. Shu bilan birga, Tramp Kapitoliy shturmida ishtirok etgani uchun ayblangan yuzlab kishilarni afv etishni va’da qilgandi.
AQSHning ikki versiyasi
Alaloqibat, saylovchilar Amerikaning ikki versiyasidan birini tanlashiga to‘g‘ri keldi.
Donald Tramp ularga hozirda AQSH — omadsiz davlat ekanini va faqat ugina Amerikaga buyuklikni qaytarishi mumkinligini aytdi.
Kamala Harris esa Trampning saylanishi — Amerika demokratiyasi mavjudligiga tahdid tug‘dirishidan ogohlantirdi. Hozircha bu qanchalik to‘g‘ri bo‘lib chiqishi noma’lum. Ammo kampaniya davomida Tramp bu kabi xavotirlarni aritish uchun uringani ham yo‘q.
U Vladimir Putin va Kim Chen In kabi avtoritar rahbarlar haqida maqtovli gaplar aytadi. «Bu sizga yoqadimi, yo‘qmi, ular o‘z ishini a’lo darajada uddalamoqda», degan u.
Shuningdek, uning so‘zlari OAVdagi muxolifalarini ovozini o‘chirishga majbur qilishga urinishga ishora qiladi. Saylovdan bir necha kun oldinroq Tramp OAV xodimlari o‘ldirilishga qarshi bo‘lmasligini ko‘rsatadigan bayonotlar berdi.
Va u fitna nazariyalari va ovoz berishdagi qonunbuzarliklar haqidagi asossiz da’volarini tarqatishdan to‘xtamadi — holbuki aynan ovoz berish evaziga u hokimiyatga qaytdi.
Endi saylovchilar uning saylovoldi tashviqotidagi so‘zlarning qanchasi shunchaki «Tramp tomonidan Tramp uslubida aytilgan» quruq gaplar ekanini bilib olishi qoldi.
Va shuni yodda tutish lozim: uning ikkinchi prezidentligi realliklari bilan to‘qnashadiganlar faqatgina amerikaliklar emas.
Butun dunyo ham «Amerika birinchi o‘rinda» shiori nimani anglatishini bilib oladi: u AQSHga kiruvchi import mahsulotlar uchun joriy etmoqchi bo‘layotgan 20 foizlik tariflarning global oqibatlaridan tortib Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlarga qadar - u qaysi tomon g‘alaba qozonishidan qat’i nazar bu mojarolarga barham berishni va’da qilgandi.
Donald Tramp o‘zining birinchi muddatida barcha rejalarini amalga oshira olmagandi. Endi, ikkinchi prezidentlik mandatini qo‘lga kiritib, tiyib turuvchi omillardan xalos bo‘lgan sharoitda u Amerika va butun dunyoga aslida nimalarga qodirligini namoyish etishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Daniyalik siyosatchi musulmonlarni haqorat qilgani uchun qamoqqa hukm qilindi
Qirg‘iziston Isroilni xalqaro huquqqa rioya etishga chaqirdi
Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
Erdo‘g‘on turkiy alifboga o‘tishga tayyor davlatlarni aytdi
Tramp saylovda yutganini e’lon qildi: “Urushlarni to‘xtatmoqchiman”
Elit Chempionlar Ligasi. “Paxtakor” Qatar jamoasiga mag‘lub bo‘ldi
Rossiya tomoni Donald Trampning g‘alabasiga izoh berdi
Germaniyada hukmron koalitsiya parchalandi