
Sharq ertaklari qum va oltinga koʻmilgan uzoq yurtlar, itoatkor malikalar-u ayyor savdogarlar va telba muhabbat haqida soʻzlab kelgan, ammo bu afsonaviy qissalar qanchalik haqiqatga yaqin? Keling, bu savolga javob izlab, arab qirollik saroyidagi hayot haqidagi tasavvurlarni tubdan oʻzgartirib yuborgan Dubay amirining qizi, shayxa Mahraning hayotiga nazar tashlaymiz.

Mahraning otasi — amir Muhammad ibn Rashid Al Maktum (shuningdek, BAA bosh vaziri va mudofaa vaziri) oʻsha paytda rasman uylangan boʻlsa-da, grek qiz Zoe Grigorakos bilan islomning sunniy mazhabida ruxsat etilgan vaqtinchalik nikohga kirgan.

1994 yilda ularning qizi Kristina dunyoga keladi va tez orada Zoe chaqalogʻi bilan Evropaga qaytib ketadi. Avvaliga Kristina onasi bilan Londonda yashaydi, aviatsiya maktabini tugatgandan soʻng, ona-bola Gretsiyaga koʻchib keladi. Qiz nasroniy boʻlib oʻsgan va Evropa an'analari boʻyicha tarbiyalangan. Muhammad bu yillarda qizining yonida boʻlmagan, ammo moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlab turgan. Mish-mishlarga koʻra, voyaga etganda Mahraning boyligi 90 million dollarga baholangan.


Kristina xususiy maktabda oʻqigan, koʻp vaqtini chet tillarini oʻrganishga va chavandozlikka bagʻishlagan — ot sportiga boʻlgan muhabbati otasidan oʻtgan. Qiz Sharq jamiyatidan uzoqda oʻsgan boʻlsa-da, noma'lum sabablarga koʻra BAAga koʻchib oʻtishga qaror qilgan.
Shayxning grek qizi 16 yoshida Dubayga koʻchib oʻtadi. Islomni qabul qilib, Mahra ismini oladi, shundan soʻng otasi unga qirollik unvonini beradi. Shunday qilib, Kristina shayxa Mahra bintu Muhammad ibn Rashid al-Maktumga aylanadi. Shu paytdan boshlab uning hayoti ertakka oʻxshab qoladi: Dubayda bir necha yil yashagandan soʻng, Mahra Britaniyaga koʻchib oʻtadi va u erda “Xalqaro munosabatlar” dasturida tahsil oladi, keyin esa amirlikka qaytib, otasi asos solgan akademiyada oʻqishini davom ettiradi.

2023 yil 4 fevralda malika diplom topshirish marosimida olingan suratni “Oilaviy qoʻllab-quvvatlash bu — hamma narsa” degan izoh bilan ijtimoiy tarmoqda joylaydi. Yordam uchun ota-onasidan minnatdor boʻlish odatiy hol, biroq bir muhim “ammo” bor edi: Mahraning oʻgay opalariga universitetda oʻqish kabi imtiyoz berilmagandi.
Muhammadning aslida nechta farzandi borligini hech kim bilmaydi. Ba'zi ma'lumotlarga koʻra, ularning soni 30 dan ortiq, ammo uning ikki qizi: Shamsa va Latifa ayniqsa mashhur boʻlgan. Aynan ular birinchi boʻlib oltin darvozalar ortidagi hayot koʻringanidek emasligini aytishgan.
1999 yil sentyabr oyida malika Shamsa akasiga xat yozib, otasining unga kollejga kirishni taqiqlagani haqida xabar beradi — shu bilan shov-shuvli voqealar zanjiri boshlanadi. E'tiborli jihati shundaki, amirning oʻzi Kembrijni tugatgan va Britaniya qurolli kuchlarida xizmat qilgan, BAAga qaytgach esa islohotchilik siyosatini yuritib, ayollar huquqlarini kengaytirish tarafdori boʻlgan.
Otasining zulmidan azob chekkan qiz ta'til paytida qochishga qaror qiladi. Shamsa Range Rover’ni olib qochib, shaharga etib boradi, afsuski, ikki oydan soʻng uni koʻchada ushlab olishadi va Dubayga qaytarishadi. Singlisi Latifaning soʻzlariga koʻra, qiz oʻsha paytda nima boʻlayotganini hatto anglamagan: unga giyohvand moddalar berishgan va majburan samolyotga oʻtqazishgan.

Shayxa Shamsa
Amirliklarda Shamsaning hayoti haqiqiy doʻzaxga aylanadi: keyinchalik ma'lum boʻlishicha, u qamoqda saqlangan va kaltaklangan. Politsiya va jurnalistlar malikani oʻgʻirlash boʻyicha tergov boshlashga harakat qilishadi, ammo ularning barcha urinishlari behuda ketadi. 2018 yilda, qochganidan deyarli 19 yil oʻtgach, Dubay qirollik saroyi “Shamsa mehr va gʻamxoʻrlik ichida yashayotgani” haqida izoh beradi.
Bu izohni oʻsha yili Latifa yozib olgan video rad etadi. Unda u boshidan kechirgan barcha dahshatlarni: oila zulmi, qiynoqlar va arab qamoqxonasidagi uch yili haqida hikoya qiladi. Latifa ham 16 yoshida saroydan qochishga ikki marta urinib koʻradi, ammo uni ham opasiniki kabi taqdir kutardi. Latifaning tashqi dunyo bilan soʻnggi muloqoti 2021 yilda boʻlgan: oʻshanda u Chili sobiq prezidenti Mishel Bachelet bilan shaxsan suhbatlashgan. Oradan 2 yil oʻtib, ayolning aytishicha, Latifa suhbat davomida unga yo qoʻrqib ketgandek yoki psixotrop dorilar ta'sirida boʻlgandek tuyulgan.

Shayxa Latifa
Malikalar bir necha yillardan beri omma oldida koʻrinmaydi, rasmiy vakolatxona esa hozirgacha ularning ahvoli haqida bir xil ma'lumot beradi: qizlar yaxshi, ular shunchaki maxfiylikni saqlashni xohlashadi.
Shamsa va Latifaning hikoyalari jamoatchilikni hayratda qoldirgan, ammo vaqt oʻtishi bilan hamma malika Mahraga e'tibor qaratdi: u Sharqning eng goʻzal 10 nafar ayoli qatoriga kiradi, ijtimoiy tarmoqlarda faol, sport musobaqalarida qatnashadi va xayriya ishlari bilan shugʻullanadi.
2023 yilda esa 29 yoshli Mahra Dubay hukmron oilasi vakili, oʻzining uzoq qarindoshi boʻlgan shayx Mana al-Maktumga turmushga chiqadi. Toʻy dabdabali boʻldi: hashamatli oq koʻylak, qimmatbaho marjonlar, etti qavatli tort va zalni bezab turgan millionlab atirgullar.

2024 yilning may oyida Mahra farzandini dunyoga keltirdi, qizaloqqa onasining sharafiga Zoe deb ism berishdi. Ammo oradan koʻp vaqt oʻtmay, Mahra eridan ajrashmoqchiligini e'lon qildi. 2024 yilning 17 iyulida u turmush oʻrtogʻining xiyonatiga shama qilib, Instagram’dagi sahifasida uch marta “Men siz bilan ajrashaman” deb post qoldiradi.
Shariatga koʻra, ajralish haqida e'lon qilish huquqi faqat erkak kishida mavjud, shunga koʻra, malikaning xatti-harakatlari diniy qonunlarni qoʻpol ravishda buzish sifatida baholanadi — an'anaviy tartib-qoidalarga ochiqdan ochiq boʻysunmaslik jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Mahraning ijtimoiy tarmoqlardagi soʻnggi posti 31 oktyabr kuni e'lon qilingan — u qizi bilan tushgan suratini joylagan. Uning ajrim haqidagi postiga shu paytga qadar na Dubay amiri boʻlgan otasi, na turmush oʻrtogʻi hech qanday munosabat bildirmagan. Ularning nikohi rasman bekor boʻldimi-yoʻqmi, hozircha noma'lum.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar