Bugun, 27 dekabr kuni Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston yangi magistral temir yoʻli qurilishi boshlandi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev qurilishning start olishiga bagʻishlab tashkil etilgan anjuman ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi.
Oʻzbekiston etakchisi, avvalo, tadbir ishtirokqilarini yangi magistral temir yoʻli qurilishi boshlanishi bilan tabrikladi.
«Bundan yarim yil oldin mazkur strategik transmintaqaviy loyihani amalga oshirish boʻyicha birinchi toʻlaqonli bitim imzolangan edi. Oʻtgan qisqa davrda texnik hujjatlarni tayyorlash ishlari yakunlandi. Bugun esa biz bevosita qurilish ishlariga start bermoqdamiz.
Bu doʻst mamlakatlarimiz salkam 30 yil davomida intilib kelgan tom ma'nodagi tarixiy voqeadir.
Sizlarning ishtirokingizda xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan yangi transport arteriyasi yaratilmoqda. U Markaziy Osiyo mintaqasini Xitoy bilan qisqa er usti yoʻli orqali bogʻlaydi, davlatlarimizning koʻp qirrali hamkorligini yanada kengaytirish va strategik sherikligini mustahkamlashga xizmat qiladi», – dedi Mirziyoev.
Shuningdek, murojaatda yana bir muhim jihat – ushbu loyiha koʻplab mamlakatlarni birlashtirib kelayotgan «Bir makon, bir yoʻl» tashabbusi doirasidagi maqsadlarga toʻliq mos kelishi ta'kidlanadi.
Shavkat Mirziyoev shu munosabat bilan XXR raisi Si Szinpin va Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga minnatdorlik izhor etadi.
«Yangi temir yoʻl qurilishi mamlakatlarimiz iqtisodiyoti va bepoyon mintaqamiz uchun katta samara berishini alohida qayd etishni istardim.
Infratuzilma sohasidagi ushbu yirik loyiha ilgʻor muhandislik, innovatsiya va raqamli echimlar asosidagi keng kooperatsiyani, yuqori ekologik standartlarga amal qilishni nazarda tutadi.
Koshgʻar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yoʻnalishi boʻyicha 20 ta stantsiya, 42 ta koʻprik, 25 ta tonnel barpo etiladi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit-logistika infratuzilmasi, omborxona va terminallar quriladi.
Hisob-kitoblarga koʻra, ushbu magistral yoʻlning ishga tushirilishi mintaqaviy savdo va investitsiyalar hajmini bir necha barobar koʻpaytirish, transport xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish, Markaziy Osiyoning ulkan tranzit salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
Quyidagi muhim raqamlarga ham e'tiboringizni qaratmoqchiman.
Ushbu yoʻl orqali yiliga 15 million tonna yuk tashiladi. Xitoydan Evropa mamlakatlariga yuklarni etkazib berish masofasi va muddati bir necha ming kilometr va deyarli bir haftaga qisqaradi. Yoʻlovchilarni muntazam tashishni yoʻlga qoʻyish imkoniyati paydo boʻladi.
Kelgusida ushbu temir yoʻl liniyasi Transafgʻon yoʻlagi bilan tutashib, Xitoy, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi transport-kommunikatsiya tarmoqlarini samarali birlashtirish va kuchaytirishga imkon yaratadi.
Bundan, hech shubhasiz, barcha mamlakatlar iqtisodiy foyda koʻradi. Yuzlab yangi korxonalar va oʻn minglab ish oʻrinlari yaratiladi.
Albatta, mazkur loyiha Buyuk ipak yoʻlining qayta tiklanishiga, madaniy-gumanitar almashuvlar rivojiga, xalqlarimizning yanada yaqinlashuviga xizmat qiladi», – dedi Oʻzbekiston etakchisi.
Murojaatda, shuningdek, Oʻzbekiston mavjud texnik va intellektual resurslarni toʻliq ishga solgan holda, bugun boshlanayotgan qurilishning barcha bosqichlarida faol ishtirok etishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygani hamda ishtirokchi davlatlarning birgalikdagi sa'y-harakatlari tufayli ushbu temir yoʻl tarmogʻi tomonlarning mustahkam doʻstligi, sheriklik va taraqqiyotining timsoliga aylanishi ta'kidlangan.
Shavkat Mirziyoev murojaati soʻnggida boshlanayotgan ulkan loyiha ishtirokchi davlatlar va mintaqaning umumiy kelajagi va ravnaqi uchun xizmat qilishini tilagan. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Netanyaxuning rafiqasi guvohlarni ta'qib qilishda ayblanmoqda
Yaman husiylari Tel Aviv aeroportiga hujum uyushtirdi
Messining oʻyinidagi qaysi jihat Yamalni hayron qoldirgan?
Seul: Shimoliy Koreya Rossiyaga yana qoʻshin joʻnatishga tayyorlanmoqda
100 nafar falastinlik vaqtincha Oʻzbekistonga evakuatsiya qilindi
Abbosbek Fayzullaev: “Jirona”ni tanlayman...
Husiylar hujumi Misrga 7 mlrd dollar zarar keltirdi
Muhammad Salohning qaysi harakati uchun misrliklarning tanqidlari "yomgʻiri yogʻildi"...?