Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda xavfsizlik xizmatlari tomonidan terakt sodir etish bilan tahdid qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) 18-oktyabr kuni ma’lum qildi,.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu holat “Bishkek daxshati” nomli Telegram kanali orqali tarqatilgan xabarlar ortidan aniqlangan. Tergov davomida Ukraina fuqarosi Ya. Ovsyuk mazkur kanalni yaratgani va keyinroq uning nomini “AVERSION” deb o‘zgartirgani ma’lum bo‘ldi. U kanal orqali shahar maktablari hamda yirik savdo markazlarida terakt amalga oshirilishi haqidagi yolg‘on ma’lumotlarni tarqatgan.
MXDQ xabariga ko‘ra, “ayana” nomli foydalanuvchi audioxabar orqali “GUM”, “SUM”, “Bishkek Park”, “Dordoy Plaza”, “Azia Mall” va “Tommi Mall” savdo majmualarini portlatish niyati borligini aytgan. Bu yolg‘on tahdidlar aholi orasida sarosima va qo‘rquv uyg‘otgan, ayrim jamoat joylarida faoliyat vaqtincha to‘xtatilgan.
Qirg‘iziston maxsus xizmatlari tomonidan olib borilgan tezkor choralar natijasida jinoyat ishi doirasida Qirg‘iziston fuqarosi G.A. hibsga olingan. U terrorchilik harakati bilan tahdid qilish (Jinoyat kodeksining 252-moddasi, 1-qismi) bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda hodisaning barcha tafsilotlari bo‘yicha tergov ishlari davom etmoqda. Tergov jarayonida yolg‘on xabarlarni tarqatish ortidagi ehtimoliy sabablar va boshqa shaxslarning ishtiroki ham o‘rganilmoqda.
MXDQ jamoatchilikka murojaat qilib, shunday turdagi provokatsiyalarga ishonmaslik, tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslik va har qanday shubhali holatlar haqida rasmiy organlarga murojaat qilishni tavsiya etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!