22:20 / 02.01.2025
44

Turli mamlakatlarda Yangi yil bayrami qachon va qanday nishonlanadi?

Turli mamlakatlarda Yangi yil bayrami qachon va qanday nishonlanadi?
© AP Photo / RICHARD VOGEL
Koʻpgina mamlakatlarda, shu jumladan, MDHda Yangi yil 31 dekabrdan 1 yanvarga oʻtar kechasi nishonlanadi. Ana shu vaqtda Er sayyorasi Quyosh atrofida toʻliq aylanishni amalga oshirgan deb hisoblanadi.

Ammo hamma joyda ham bu sanalarda nishonlanmaydi. Sputnik Oʻzbekiston Yangi yilni butunlay boshqa kunlarda nishonlaydigan turli xalq va davlatlar haqida qiziqarli faktlarni toʻpladi.

Xitoy
Ehtimol, hammamiz Xitoy bayramni oy taqvimiga koʻra nishonlashini eshitganmiz. Yangi yil kunlari qishki quyosh turishidan keyingi ikkinchi yangi oyga qarab oʻzgaradi. Masalan, xitoyliklar 2024 yilni 10 fevralda qarshi olgan boʻlsa, 2025 yil ular uchun ehtimol, 28 yanvarda boshlanadi.

Xitoy Yangi yili 2025
© iStock.com / hxyume

Bayram xalq orasida Xitoy Yangi yili deb ataladi, biroq ayni shu tizim boʻyicha uni boshqa koʻplab mamlakatlarda ham nishonlashadi, masalan, Vetnamda.

Bu kunlarda odatga koʻra mushakbozliklar uyushtirilib, ajdar kostyumida an'anaviy raqslar ijro etiladi, qizil konvertlarda pullar hadya qilinadi va bayramona dasturxon yozishadi.

Hindiston
Klassik Yangi yil (1 yanvar) dunyoviy bayram hisoblanadi va ayniqsa, mahalliy boʻlmaganlar va yoshlar orasida nishonlanadi. Biroq Hindistonning an'anaviy Yangi yili bahorda, oy taqvimiga koʻra keladi – aniq sana shtatga bogʻliq. Shu bilan birga, bayram koʻplab nomlarga ega: Vaysakxi, Vishu, Ugadi, shuningdek, "kuzgi" Yangi yil – Divali.

Hindistonda Yangi yilni qanday nishonlashadi?
© Ashaindia

An'analar ham bayram oʻtkaziladigan joyga qarab farq qiladi. Koʻpincha bu diniy marosimlar, raqslar, olov atrofida aylanish, sovgʻalar, ziyofatlar, yorqin yurishlar va hatto koʻmir choʻgʻda yurishni oʻz ichiga oladi.

Eron
Eronda Yangi yil oʻz taqvimiga muvofiq nishonlanadi. Bayram "Navroʻz" deb ataladi va bahorda, yangi quyosh tsikli boshlanishi bilan nishonlanadi. Navroʻzning kelishi astronomik aniqlik bilan, hatto soniyagacha hisoblab chiqiladi.
Shu kuni koʻchalarni, uylarni bezash va bayram dasturxonini yozish odat tusiga kiradi.

Eron Yangi yilining atributi boʻlgan oʻt kurtaklari bilan savat
© AP Photo / Vahid Salemi

Bayramning oʻxshash varianti Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham mavjud: Oʻzbekiston va Tojikistonda bu Navroʻz, Qozogʻistonda – Nauriz, Qirgʻizistonda – Nooruz. U 21 mart kuni, bahorgi tengkunlikda nishonlanadi.

BAA
Yangi yil Arab Amirliklarida ikki marta nishonlanadi: Islom taqvimi (hijriy) va dunyoviy taqvim (1 yanvar) boʻyicha.

BAAda yangi yil
© AP Photo / Kamran Jebreili

BAAda bayram har doim juda yorqin nishonlanadi: dronlar va mushakbozliklar taqdimoti tashkil qilinadi, shunchalik keng koʻlamli va taassurotga boyki, allaqachon Ginness rekordlari kitobiga bir necha bor kiritilgan.

Vetnam
Tet - Vetnam (oy) taqvimiga koʻra Yangi yil. Vetnamliklar bayramni Pekin va Xanoy oʻrtasidagi vaqt farqiga asoslanib, Xitoy bilan deyarli bir vaqtda nishonlashadi.

Vetnam Oy Yangi Yili
© AP Photo / Chitose Suzuki

Vetnamda Yangi yil uch kun nishonlanadi: oilalar uyda yigʻilib, xushboʻy tutatqi tutatishadi va ajdodlarni xotirlaydilar. Shuningdek, mehmonga borish va pul sovgʻa qilish odat hisoblanadi. Yangi yil archasi oʻrnini kichik mevali mandarin daraxti yoki shaftoli gullaridan iborat shoxlar egallaydi.

Efiopiya
Qadrli narsalarni hadya qilish kuni, Enkutatash yoki Efiopiya Yangi yili 11 sentyabr (kabisa yilida – 12 sentyabr) kuni, yulian taqvimiga koʻra nishonlanadi. Uylar sariq romashkalar bilan bezatiladi. Bayramning eng muhim an'analaridan biri olov yoqishdir. Eng katta, 6 metrli evkalipt daraxtidan yoqiladigan olovni mamlakat poytaxti Addis-Abebada prezidentning oʻzi yoqadi.

Efiopiyada yangi yil
© AP Photo

Xalq sayllar oʻtkazadi, odamlar marosim qoʻshiqlari va raqslar ijro etadi.

Tailand
An'anaviy Tailand Yangi yili Songkran 13-15 aprel kunlari nishonlanadi. Har bir kun ma'lum odatlarga ega. Masalan, birinchi kuni keksalarga hurmat koʻrsatish, sovgʻalar berish va ibodatxonalarda qurbonliklar qilish odat hisoblanadi.

Ikkinchi kuni yoshlar ota-onasining oyoq-qoʻllarini xushboʻy suv bilan yuvadilar, ota-onalar esa farzandlariga yosmin gulchambar bilan duo qiladilar. Shu kuni bir-birlariga suv sepish ham an'anaga aylangan, shu bois bu bayram dunyo boʻylab mashhur boʻlgan.

Tailandning Prachin Buri provintsiyasida Tailand Yangi yilini nishonlash uchun Songkran suv festivalida ayolning ustiga bir chelak suv quyiladi
© AP Photo / Wason Wanichakorn

5 aprelda esa odamlar ibodatxonalarga borishni, bayram qilishni davom ettiradi va Buddani yosmin suvi bilan yuvish tadbirini oʻtkazadi. Bundan tashqari, Songkranda sevishganlar bir-birlariga muhabbatlarini izhor qilishadi.

Isroil
Rosh xa-Shona – yahudiy (oy-quyosh) taqvimining ettinchi oyiga, ya'ni sentyabr-oktyabr oylariga toʻgʻri keladi. Bu yil Rosh xa-Shona 2-4 oktyabr kunlari nishonlandi.

Yahudiy Yangi yilida qoʻchqor shoxida sadolar chalinadi. Yahudiylar sinagogaga tashrif buyurishadi, suv havzalari yonida toʻplanishadi va ibodat qilishadi.

Yahudiy bayrami Tu Bishvat yoki "Daraxtlarning yangi yili". Har xil mevalar bilan toʻldirilgan uzun dasturxonda ravvinlari bilan oʻtirardi
© AP Photo / Oded Balilty

Yil muammo keltirmasligi uchun bayram dasturxoniga achchiq va nordon taom qoʻyilmaydi. Aksincha, shirinliklar, asal, anor yoki olma bilan mehmon qilinadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turli mamlakatlarda Yangi yil bayrami qachon va qanday nishonlanadi?