20:11 / 03.01.2025
45

Toqayev Nazarboyevning iste'fodan keyingi harakatlari haqida: «Siyosiy andishasi bilan ajralib turmadi»

Toqayev Nazarboyevning iste'fodan keyingi harakatlari haqida: «Siyosiy andishasi bilan ajralib turmadi»
Foto: Akorda
Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Ana tili gazetasiga bergan intervyusida mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan munosabatlari va sobiq davlat rahbari iste'foga chiqqan dastlabki yillarda yuzaga kelgan ikki hokimiyatchilik bilan bogʻliq vaziyat haqida gapirdi.

Uing soʻzlariga koʻra, Nazarboyevning koʻp yillik boshqaruvi davrida «kamchiliklar» boʻlgan, ammo «ishlamaydigan odam xato qilmaydi».

«Iste'foga chiqqanidan soʻng Xavfsizlik kengashi raisi boʻlib qola turib, u, ochigʻini aytganda, siyosiy andishasi bilan ajralib turmadi, bosh vazir, Milliy bank raisi, vazirlar, hokimlar ishtirokida muntazam ravishda yigʻilishlar oʻtkazdi. Bunga hatto xorijlik rahbar va diplomatlar ham hayrat bilan qaradi, jamoatchiligimiz haqida gapirmasa ham boʻladi. Hatto hazil ham paydo boʻldi: „Nazarboyev iste'fodan soʻng martabasi koʻtarilib, prezidentni oʻziga boʻysundirdi“. Lekin aslida vaziyat hazillashadigan emasdi», — dedi Toqayev.

Qozogʻiston rahbarining soʻzlariga koʻra, bunday vaziyat ikki hokimiyatchilik haqida «mish-mishlar toʻlqinini keltirib chiqardi». «Mansabdorlar sinfi goh u, goh bu kabinetga kirib, topshiriqlarni chalkashtirib, sarosimaga tushib qoldi. Bir qator amaldorlar hatto bu gʻayritabiiy vaziyatni yuridik jihatdan asoslashga harakat qildi: Elboshi instituti prezident hokimiyatidan yuqori turishi kerak, deya», — deb eslaydi Tokayev.

Nazarboyevning 2021 yil noyabr oyida Akordaga qaytish imkoniyati haqidagi bayonoti va sobiq prezidentning oʻsha yilning dekabr oyida Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtgan MDH sammitidagi ishtiroki hokimiyat inqiroziga olib kelgan «muhim burilish» boʻldi, deya qoʻshimcha qildi Toqayev.

2022 yil yanvar oyida Qozogʻistonda ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib ketgandi, oqibatda, rasmiy ma'lumotlarga koʻra, 200 dan ortiq kishi halok boʻlgan. Voqealar keyinchalik Qaңtar (qozoqchadan «Qonli yanvar» deb tarjima qilingan) deb atala boshlandi. Toqayevga koʻra, noroziliklarning asosiy sababi «ochiq-oydin ijtimoiy adolatsizlik, siyosiy turgʻunlik, shuningdek, fitnachilarning tiyiqsiz ambitsiyalari» boʻlgan.

«Albatta, Qaңtar barchamizga koʻp narsani oʻrgatdi. Birinchidan, mamlakatda hokimiyat konsolidatsiyalashgan boʻlishi, qoʻshhokimiyat boʻlmasligi kerak. Ikkinchidan, davlat rahbari — „Xudoning erdagi soyasi“ emas, balki ma'lum muddatga yollangan davlat menejeridir. Uchinchidan, yuqori davlat lavozimlariga, shu jumladan, ichki ishlar organlari rahbarlariga nomzodlarni sinchkovlik bilan tanlab olish zarur… Eng muhimi, hamma joyda adolat tamoyillarini joriy etish, „Qonun va tartib“ kontseptsiyasi asosida xalq birligini koʻz qorachigʻidek asrash kerak», — dedi Toqayev.

Toqayev Nazarboyev boshqaruviga baho berar ekan, har qanday tarixiy davrning «yorqin va qorongʻi tomonlari» borligini, lekin ijobiy tomonlari, uning fikricha, «har holda ancha koʻp boʻlganini» ta'kidladi. «Siyosiy kon'yunktura manfaati yoʻlida oʻz tariximizni qayta koʻrib chiqish mumkin emas va, ayniqsa, tarixni toza qogʻoz bilan qayta yozish xavfli», — dedi Qozogʻiston rahbari.

Jurnalistning Toqayev Nazarboyev bilan qanchalik tez-tez muloqot qilishi haqidagi savoliga u «taxminan bir oyda bir marta» telefon orqali gaplashishlarini aytdi.

Shuningdek, Toqayevdan dekabr oyida Nazarboyevning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Moskvada boʻlib oʻtgan uchrashuviga izoh berish soʻraldi, jurnalistning soʻzlariga koʻra, bu uchrashuv Qozogʻistonda boʻlib oʻtadigan prezidentlik saylovlari boʻyicha «konspirologik versiyalarni ishga tushirdi».

«Ular, aftidan, eski doʻstlar va hamkasblar sifatida uchrashadi, ular yodga oladigan narsalar bor. Bunday uchrashuvlarning tashabbuskori Nursulton Abishevich boʻlib, bu uning uchun juda muhim. Qozogʻiston SSR Ministrlar Sovetining sobiq raisi, partiya rahbari va keyinchalik suveren Qozogʻiston prezidenti sifatida u ma'naviy va siyosiy jihatdan Kreml bilan chambarchas bogʻliq ekanini unutmaslik kerak. Axir Moskvaga xizmat safarlarida, s'ezdlar va plenumlarda, ishchi va rasmiy tashriflarda qancha vaqt oʻtkazilgan», — dedi Toqayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo