Yevropa davlatlari va Ukraina urushni joriy front chizig‘i bo‘yicha to‘xtatish uchun yangi 12 banddan iborat tinchlik rejasini ishlab chiqmoqda, deb xabar berdi Bloomberg agentligi. Ma’lumotlarga ko‘ra, reja Kiyev va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi muzokaralarning yangi bosqichiga aylanishi mumkin.
Manba ta’kidlashicha, hujjat Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi harbiy harakatlarni amaldagi pozitsiyalar asosida to‘xtatishni nazarda tutadi. Reja ijrosini nazorat qilish maqsadida AQSH prezidenti Donald Tramp raisligida maxsus Tinchlik Kengashi tashkil etish taklifi ham ilgari surilgan.
Ushbu tuzilma tinchlik kelishuvining bajarilishini ta’minlash, taraflar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish va xavfsizlik kafolatlarini amalga oshirish bilan shug‘ullanishi kutilmoqda.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, rejaga muvofiq Ukraina xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘ladi, Yevropa Ittifoqiga tezkor qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘ladi hamda tiklanish dasturlari doirasida katta miqdordagi moliyaviy yordam oladi.
Ayni vaqtda hujjat rasman e’lon qilinmagan, ammo manbalarning ta’kidlashicha, Yevropa va Ukraina delegatsiyalari uni yaqin haftalarda muhokama qilishni rejalashtirgan.
Mutaxassislar bu tashabbusni urushni diplomatik yo‘l bilan barqaror to‘xtatish sari muhim qadam deb baholamoqda, biroq Rossiyaning munosabati hozircha noma’lumligicha qolmoqda.
Shu bilan birga, tahlilchilar Trampning ehtimoliy ishtiroki Vashingtonning yangi tashqi siyosiy pozitsiyasini anglatishi va Yevropa xavfsizlik tizimini qayta shakllantirishga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!