20-oktyabr kuni Lyuksemburg shahrida Yevropa Ittifoqi komissarlari, Qora dengiz, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari ishtirokida muhim mintaqalararo mashvarat bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi ec.europa.eu. Uchrashuvning asosiy mavzusi — xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va strategik bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘ldi.
Bu yig‘ilish Bryusselning Qora dengiz mintaqasiga oid yangi strategik yondashuvi va Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammitining mantiqiy davomi sifatida baholanmoqda. Unda Armaniston, Ozarbayjon, Moldova, Turkiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi. Yevropa Ittifoqi nomidan Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakil Kaya Kallas, kengayish masalalari bo‘yicha komissar Marta Kos va xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar Yozef Sikela qatnashdi.
Uchrashuvda tomonlar mintaqalar o‘rtasidagi barqaror aloqalarni rivojlantirish, infratuzilmani mustahkamlash va xavfsiz hamda farovon hamkorlik muhitini yaratish bo‘yicha kelishuvga keldi.
Asosiy e’tibor to‘rt strategik yo‘nalishga qaratildi:
– transport — Trans-Kaspiy yo‘lagini rivojlantirish va logistik aloqalarni kengaytirish;
– raqamli texnologiyalar — yuqori tezlikdagi internet va raqamli savdo infratuzilmasini kuchaytirish;
– energetika — qayta tiklanuvchi manbalarni joriy etish va energiya xavfsizligini oshirish;
– savdo — bojxona jarayonlarini raqamlashtirish orqali mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish.
Kaya Kallas Qora dengiz mintaqasini Yevropa xavfsizligi uchun strategik nuqta deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi urushi mintaqa bo‘ylab jiddiy xavf tug‘dirayotgani, shu sabab YEI savdo va energiya aloqalarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda.
Marta Kos esa “Yevropadan Xitoy chegaralarigacha cho‘zilgan barcha davlatlar ilk bor Lyuksemburgda yig‘ildi. Biz yagona yo‘llarga bog‘liqlikdan qutulib, yangi infratuzilma orqali mustaqil savdo va energiya imkoniyatlarini yaratamiz”, deya ta’kidladi.
Yozef Sikela Markaziy Osiyoni “yosh va salohiyatli mintaqa” sifatida baholab, uning Yevropaga strategik sherik sifatida ahamiyati oshib borayotganini qayd etdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ham yig‘ilishda so‘zga chiqib, mamlakat xalqaro transport yo‘llarini kengaytirish, innovatsiya va texnologiyalar almashinuvini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “mintaqalararo bog‘liqlik faqat infratuzilma emas, balki ishonch va xalqlar farovonligi uchun zamindir”.
Ma’lumot uchun, 21-oktyabr kuni Lyuksemburgda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorlik kengashining 18-yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Saidov bu uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash va umumiy qadriyatlarga asoslangan yangi sheriklik bosqichiga yo‘l ochishini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!