
AQShda federal hukumat faoliyatining qisman to‘xtatilishi oqibatida Yadro xavfsizligi milliy boshqarmasi (NNSA)ning 1400 ga yaqin xodimi ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Energetika vaziri Kris Rayt Nevadada o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Vazirga ko‘ra, qisqartirishlar agentlikning umumiy shtatining 80 foizini qamrab oladi. Bu esa Amerika yadro arsenalining saqlanishi va modernizatsiyasi jarayonlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
“Bu misli ko‘rilmagan holat”, — dedi Kris Rayt.
Energetika departamenti hozircha 100 mingga yaqin shartnoma asosida ishlovchi xodimlarning ish joylarini saqlab qolmoqda. Ammo byudjet inqirozi davom etsa, bu mutaxassislar ham o‘z ishini yo‘qotishi mumkin.
Raytning ta’kidlashicha, bu o‘n minglab odamlar va ularning oilalari, shuningdek, milliy xavfsizlikka tahdid tug‘dirishi mumkin.
Nega bu sodir bo‘ldi?
1 oktyabrdan boshlab AQSh Kongressi byudjetni tasdiqlay olmagani sababli federal idoralar faoliyati qisman to‘xtatildi. Partiyalar — respublikachilar va demokratlar — o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, xususan sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xarajatlar bo‘yicha fikrlar tafovuti bunga sabab bo‘ldi.
AQSh qonunlariga ko‘ra, yopilish davrida faqat hayot va xavfsizlik uchun zarur bo‘lgan xizmatlar faoliyatini davom ettiradi. Biroq, ish haqlari keyinchalik, byudjet muammolari hal bo‘lganidan so‘ng to‘lanadi.
AQShda bunday hukumat yopilishlari yangilik emas: 1977 yildan beri 20 martadan ortiq shunday holatlar ro‘y bergan. Eng uzoq davom etgani 2018–2019 yillarda bo‘lib, u 35 kun davom etgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!