date

Luvr muzeyidan o‘g‘irlangan taqinchoqlarning qiymati ma’lum qilindi

Luvr muzeyidan o‘g‘irlangan taqinchoqlarning qiymati ma’lum qilindi

Fransiya poytaxti Parijdagi dunyodagi eng mashhur muzeylardan biri — Luvrda sodir bo‘lgan o‘g‘irlik butun mamlakatni hushidan ketkazdi. New York Times yozishicha, prokuratura va madaniyat vazirligi ushbu hodisani “faqat moddiy emas, balki tarixiy talafot” deb baholamoqda.

Prokuror Lor Bekkoning ta’kidlashicha, o‘g‘irlangan buyumlar qiymati taxminan 88 million yevroni tashkil etadi. “Bu, albatta, ulkan mablag‘. Ammo tarixiy yo‘qotishni pul bilan o‘lchab bo‘lmaydi”, — degan u jurnalistlar bilan suhbatda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 19-oktyabr kuni ertalab sodir bo‘lgan. O‘g‘rilar mexanik narvon yordamida Luvrning ikkinchi qavatiga chiqib, derazani ochgan va Apollon galereyasiga kirgan. Bir necha daqiqa ichida ular 8 ta noyob asarni olib chiqib ketishgan.

Luvr muzeyidan o‘g‘irlangan taqinchoqlar

O‘g‘irlangan buyumlar orasida qirollik safir marjoni, zumrad tosh bilan bezatilgan sirg‘alar hamda Napoleon III ning rafiqasi — imperatritsa Yevgeniya taqib yurgan diadema ham bor edi.

Ayni paytda jinoyatchilar hali qo‘lga olinmagan. Tergov ishlari uyushgan jinoiy guruh izidan olib borilmoqda. Prokuratura tergov guruhini 60 nafardan 100 nafargacha kengaytirganini ham ma’lum qildi.

Maxsus ekspertlar ta’kidlashicha, bunday o‘g‘irliklar ko‘pincha asarning madaniy yoki estetik qiymati uchun emas, balki ularni maydalab yoki eritib sotish maqsadida amalga oshiriladi. Prokuror Bekko ham shu fikrni tasdiqlab, “agar buyumlar yoqib yuborilsa yoki qismlarga ajratilsa, ularning haqiqiy qiymatini qayta tiklab bo‘lmaydi”, degan.

Shu bilan birga, tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘rilar yuk mashinasiga o‘rnatilgan elektr narvonni “ko‘chirish maqsadida” degan bahona bilan olib, tekshiruvga kelgan shaxsni tahdid ostida chetga surgan. Qizig‘i, bu narvonni ijaraga bergan shaxs keyinchalik Parijdan 35 km uzoqlikda joylashgan politsiya bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan.

Fransiya madaniyat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘irlangan buyumlar sug‘urtalanmagan bo‘lgan. Bu davlat kolleksiyalari uchun odatiy hol — chunki sug‘urta narxi juda yuqori hisoblanadi. Vazirlik vakillari ta’kidlashicha, “davlatning o‘zi sug‘urtachi vazifasini bajaradi, chunki bunday asarlarga zarar yetishi holatlari juda kam kuzatiladi”.

Hozirda Parij politsiyasi ushbu jinoyatni mamlakatning so‘nggi o‘n yillikdagi eng yirik madaniy talafoti sifatida baholamoqda. Luvr rahbariyati esa o‘g‘irlangan asarlarni vayron qilmaslik va ularni ehtimoliy tarzda qayta topish umidini yo‘qotmayotganini ma’lum qildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Luvr muzeyidan o‘g‘irlangan taqinchoqlarning qiymati ma’lum qilindi