14:12 / 05.01.2025
34

Ekspert: Moldova Rossiya qarshisida tiz choʻkmadi

Ekspert: Moldova Rossiya qarshisida tiz choʻkmadi
Moldovaning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini 80 foiz qoplovchi Dnestrboʻyidagi GRES joriy 1 yanvardan elektr uzatishni toʻxtatishi haqida xabar bergandik.

Ushbu holat GRES bilan shartnomani uzaytirishning imkoni boʻlmagani, chunki elektr ishlab chiqarish uchun gaz etkazib berilishiga toʻliq ishonch yoʻqligi bilan izohlangandi. Buning ortidan Moldovaga elektr inqirozi xavf solayotgani aytilgandi.

Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov Dnestrboʻyi hududining Rossiya gazidan uzilganini postsovet makonida haftaning eng e'tiborli jarayonlaridan biri deb atagan.

“Lekin Moldovaga nisbatan energoshantaj ish bermadi, mamlakat energotizimi kutilganidan koʻra ancha barqaror qoldi. Bugun 5 yanvar holatiga Moldova nazoratidagi hududlar boʻylab energiya ta'minoti 100 foiz tiklangan. Moldova oʻzi uchun (ya'ni oʻz nazoratidagi hududlar uchun) gazni Evropa bozoridan olayotganiga ancha boʻlgan. Shimol gazini bosib olingan Dnestrboʻyi bevosita iste'mol qilgan (Moldova faqat Dnestr IES ishlab chiqargan elektr energiyasidan foydalangan). Ya'ni, boshqacha aytganda, gazni qurol deb biluvchilar energoshantaji bilan aslida oʻzlari bosib olgan Dnestrboʻyini jazolagan. Qishning qoq oʻrtasida rus dunyosiga aldangan Dnestrboʻyi gazsiz, elektrsiz va suvsiz qolgan (xuddi shunday ahvol Abxaziyada ham)”, – deb yozdi Otabek Bakirov.

Moldova navbatdagi shantaj oldida tiz choʻkmaganini urgʻulagan ekspert Kishinyov hukumati energetikani tovar emas, qurol deb biladigan Moskvaning keyingi harakatlarini oldindan koʻra bilgani, shunga yarasha favqulodda choralar koʻrgani, bozorini diversifikatsiyalashni boshlaganini qayd etgan.

“Energoshantaj modeli 30 yildan buyon oʻzgarmagan. Avvaliga aldov uchun arzon va hatto tekinga gaz beriladi, gaz ignasiga oʻtkazib qaram qilinadi, keyin sizlarni biz boqyapmiz, deyishga oʻtishadi, bir muddat oʻtib bozordan karrasiga qimmat oʻlchovlarda korruptsion hisob beriladi: yo hozir toʻlaysan yo eringni, boyligingni, demakki, suverenitetingni bizga berasan qabilida. Shuning uchun ham energoxavfsizlik milliy davlatchilik va mustaqillik uchun haddan ziyod muhim masala. Energoxavfsizlikni autsorsingga topshirib boʻlmaydi. Energoxavfsizlikni xatar yaratuvchilar qoʻliga qoldirib boʻlmaydi”, – deya xulosa qiladi O.Bakirov.

Tahlilchilarga koʻra, Moldova Rossiya qutbidan chiqib, erkin dunyo sari intilmoqda. Moskvadan uzoqlashuv siyosatini yuritayotgan Moldova 2024 yil oxirigacha Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi tarkibidan chiqish istagini bildirgandi.

Moldova prezidenti Mayya Sandu Kreml mamlakatda davlat toʻntarishi va qoʻporuvchilik harakatlariga hozirlik koʻrayotgani haqida bayonot bergani ma'lum.

Rossiya Moldovada 2024 yil 20 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan saylovga turli yoʻllar bilan aralashish hamda fuqarolarning suveren huquqidan foydalanishga toʻsqinlik qilishda ham ayblangan.

Avval xabar berganimizdek, prezident Mayya Sandu saylov natijalari e'lon qilinganidan soʻng jinoiy toʻdalar xorijdagi kuchlarning oʻnlab mln evro koʻmagi bilan Moldovada boshboshdoqlik va tartibsizlikni yuzaga keltirishga uringani haqida bayonot bergandi.

AQSh ham 2023 yili Rossiya razvedkasiga aloqador shaxslar Moldovada ommaviy namoyishlar oʻtkazish orqali hukumatni agʻdarish va davlat tepasiga kremlparast ma'muriyatni keltirishni koʻzlayotganidan ogohlantirgandi. Vashingtonga koʻra, Kreml EI bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga intilayotgan Sandu hukumatini zaiflashtirishga urinmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo