
Nyu-York shahrida so‘nggi ikki kun davomida yog‘gan shiddatli yomg‘ir butun shahar hayotini izdan chiqardi. Yo‘llar, metro bekatlari va ko‘plab turar-joy binolari suv ostida qoldi. Hatto ba’zi jamoat infratuzilmalari faoliyati ham vaqtincha to‘xtagani ma’lum qilindi.
Ahvol shunchalik og‘irlashdiki, Nyu-York shtati gubernatori hududda favqulodda holat e’lon qildi. Hukumat aholidan ehtiyot choralariga rioya qilishni, suv to‘plangan hududlarga yaqinlashmaslikni va zarurat bo‘lmasa uydan chiqmaslikni iltimos qilmoqda.
Shahar ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, ayrim tumanlarda suv darajasi yuk avtomobillar g‘ildiraklarigacha yetgan. Metro harakati bir necha yo‘nalishda to‘xtatilgan, ba’zi avtobuslar yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.
Sinoptiklar esa yomg‘irning yaqin kunlarda ham to‘xtamasligini bildirmoqda. Ular shaharda yana qo‘shimcha suv to‘planishi xavfi borligini ta’kidlamoqda. Bu esa elektr ta’minoti va transport tizimida yana yangi muammolar yuzaga kelishi ehtimolini oshirmoqda.
Ekspertlar Nyu-Yorkdagi bunday holatni iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lamoqda. Ularga ko‘ra, keyingi yillarda shahar qurilish tizimi ham shiddatli yomg‘irlarga mos ravishda qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
Hozirgi paytda shahar qutqaruv xizmatlari suvni sorib chiqarish, yo‘llarni tozalash va aholini xavfsiz hududlarga ko‘chirish ishlarini olib bormoqda. Nyu-York hokimiyati barchaga sokinlikni saqlash va rasmiy ko‘rsatmalarga amal qilishni tavsiya etmoqda.
Kuchli yomg‘ir faqat tabiiy ofat emas, balki katta shaharlar infratuzilmasining zaif nuqtalarini ham namoyon qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!