13:37 / 09.01.2025
44

Trampning Grenlandiyani oʻzlashtirish maqsadi: Orol AQSh uchun nega bunchalik muhim?

Trampning Grenlandiyani oʻzlashtirish maqsadi: Orol AQSh uchun nega bunchalik muhim?
Donald Trampning Grenlandiya borasidagi bayonotlari diplomatik mojaro keltirib chiqardi. AQShning saylangan prezidenti orol “Qoʻshma Shtatlar milliy xavfsizligi uchun muhimligini” ta'kidlab, uni nazoratga olish zarurligini aytdi.

Bunga javoban, orolni 1721 yildan beri boshqarib kelayotgan Daniya oʻz gerbini oʻzgartirib, Grenlandiya va Farer orollari ramzlari — oq ayiq va qoʻchqor tasvirlarini markaziy oʻringa chiqardi. Bu mazkur ikki hududning Daniya uchun ahamiyatini urgʻulash maqsadida amalga oshirilgan deb ishonilmoqda.

U qanday hudud?

Grenlandiya Shimoliy Muz okeanida joylashgan dunyodagi eng yirik orol boʻlib, tarixi va huquqiy maqomi bilan bogʻliq ayrim murakkabliklar bor. Tadqiqotlarga koʻra, u erda miloddan avvalgi 2500 yillardan boshlab eskimoslar (inuitlar) yashay boshlagan. Ular mazkur hududga oʻzlari bilan arktik madaniyatni olib kelgan.

IX asr oxiri va X asr boshidan orolga vikinglar qadami etdi. Viking tadqiqotchisi Erik Qizil (Erik Thorvaldsson) tomonidan tashkil etilgan koloniyalar Grenlandiyada XIV asrgacha mavjud boʻldi.

Xvalseydagi qadimiy Viking cherkovi qoldiqlari.
Foto: Siril Jazbek

1721 yilga kelib Grenlandiya Daniyaning mustamlakasiga aylandi. Garchan orol 1953 yili qirollik tarkibiga toʻliq integratsiya qilingan boʻlsa-da, u keng avtonom huquqlarga ega. 1979 yili Grenlandiya oʻzining tabiiy resurslarini boshqarish va ayrim xalqaro munosabatlarda qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi. Qolaversa, mahalliy aholi oʻzining parlamenti (Inatsisartut) va hukumatiga (Naalakkersuisut) ham ega.

Grenlandiya parlamenti 31 nafar deputat oʻrniga ega.
Foto:Parliament of Greenland

Shunga qaramay, Grenlandiyaning Daniyaga bogʻliqligi yuqori. Bu ayniqsa xavfsizlik, tashqi ishlar, sud tizimi va iqtisodiy masalalarda koʻzga yaqqol tashlanadi. Orol yalpi ichki mahsulotining beshdan bir qismini Daniya tomonidan berilgan subsidiyalar tashkil etishi bunga koʻplab misollardan biridir.

AQShning urinishlari: bu yangilik emas

Donald Tramp “Qoʻshma Shtatlar Grenlandiyani nazorat qilishi kerakligi” haqida oʻzining birinchi prezidentlik muddatida ham aytib oʻtgan edi. U 2019 yili orolni sotib olish istagini bildirgan. Biroq Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen bu taklifni “bema'nilik” deb baholab, Grenlandiya suvereniteti masalasida hech qanday muhokama boʻlishi mumkin emasligini ta'kidladi. Ikki oʻrtadagi mojaro Oq uy rahbarining Daniyaga davlat tashrifi bekor qilinishiga sabab boʻldi.

AQShning Grenlandiyani oʻzlashtirishga bundan ancha oldin ham urinib koʻrgan. Jumladan 1946 yili prezident Garri Trumen orolni Daniyadan sotib olish taklifini kiritdi. Bu taklif doirasida AQSh Grenlandiya uchun 100 million dollar (hozirgi qiymatda 1,5 milliard) toʻlamoqchi boʻldi. Biroq Daniya suverenitet va milliy gʻurur masalasi hisoblangan hududni sotmadi. Qoʻshma Shtatlar 1951 yili orolda Thule harbiy havo bazasini qurish bilan cheklandi. U Shimoliy qutbda joylashgan boʻlib, AQShning mudofaa va raketalarga qarshi dasturlarining bir qismi sifatida hozir ham faol xizmat qilyapti.

Qoʻshma Shtatlarning Grenlandiyadagi Thule harbiy bazasi
Foto: Peretson

Eski gaplar kun tartibiga qaytdi

Grenlandiya neft va gazning yirik zaxirasiga ega. Qolaversa, smartfonlar, elektr transport vositalari va harbiy texnikalar ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan nodir metallar, uran hamda radioaktiv minerallarga ham boy. Biroq orol hududining 80 foizi muzliklar bilan qoplangani, qolaversa Meksikadan kattaroq hududda (2,166,086 km2) mahalliy aholi soni 50 mingdan arang oshishi kabi omillar sabab ularni qazib olish yuqori iqtisodiy manfaat keltirmaydi. Ammo muzliklarning tezlik bilan erib borishi vaziyatni oʻzgartirishi mumkin. Qoʻshma Shtatlar bu orqali qimmatli resurslarga ega chiqa oladi.

Grenlandiyaning gʻarbiy qirgʻogʻi erib bormoqda.
Foto: Delphotos/Alamy

Biroq Grenlandiyaning ahamiyati faqat iqtisodiy omillar bilan oʻlchanmaydi. Orol oʻzining strategik joylashuvi bilan muhim dengiz yoʻllarini nazorat qilishga yordam beradi. Qolaversa, bu orqali AQSh raqobat maydoniga aylangan Shimoliy qutbda ta'sirini kuchaytirib, Rossiya va Xitoyga qarshi turishi mumkin. Bundan tashqari, Shimoliy Amerika materigi va Evropa qit'asi oʻrtasida joylashgan orol AQSh harbiy logistika zanjirini mustahkamlab, raketaga qarshi mudofaa salohiyatini oshirishi muqarrar.

Bunga kim nima deydi?

Donald Tramp Grenlandiyani kuch bilan egallash masalasini istisno qilmadi. U Daniya taklifga koʻnmasa, yuqori boj tariflari bilan jazolashini aytdi. Germaniya hamda Fransiya AQSh saylangan prezidentining bayonotlariga munosabat bildirib, “chegaralar kuch bilan oʻzgartirilmasligini” va Evropa ittifoqi “boshqa mamlakatlarga, ular kim boʻlishidan qat'iy nazar, oʻz suveren chegaralariga hujum qilishga ruxsat bermasligini” ta'kidladi.

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barrot Trampning Grenlandiya haqidagi bayonotlariga izoh berdi.
Foto: Medium

Oroldagilar qanday fikrda?

2008 yilning 25 noyabr kuni oʻtkazilgan referendumda Grenlandiya aholisining 75,5 foizi avtonomiya huquqlari kengaytirilishini ma'qulladi. Orolliklarning katta qismi kengaytirilgan muxtoriyat mustaqil davlat uchun yoʻl ochishiga ishonadi. Lekin Daniyaga iqtisodiy va siyosiy masalalardagi qaramlik bunga toʻsqinlik qilmoqda.

Biroq mustaqillik tarafdorlari Daniya tasarrufidan chiqib, AQSh nazoratiga oʻtishga qarshi. Ular toʻla mustaqillik istashadi. Grenlandiyaning birinchi ayol bosh vaziri Aleqa Hammond BBC bilan suhbatda buni tasdiqladi. U Qoʻshma Shtatlar Grenlandiyaga “sotib olinadigan narsa kabi muomala qilayotganidan” norozi.

U, hatto, Grenlandiya bilan gaplashmayapti — u Daniya bilan Grenlandiyani sotib olish haqida gaplashmoqda”, degan u.

Grenlandiya parlamenti a'zosi va hukumatning sobiq rahbari Aleqa Hammond
Foto: Politiken.dk

Endi nima boʻladi?

Grenlandiya AQSh uchun naqadar muhim boʻlmasin, uni kuch bilan tortib olish nihoyatda jiddiy oqibatlarga olib keladi. Bu NATO doirasidagi ittifoqchilar – Vashington va Kopengagen oʻrtasiga ziddiyat solib, “Shimoliy Alyans” istiqbolini xavf ostida qoldiradi.

Qolaversa, Donald Trampning “orol AQSh xavfsizligi uchun muhimligi” haqida bayonotlari Ukrainaning chorak qismini bosib olgan Rossiya nazdida oʻz harakatlarini oqlash uchun asos boʻlib xizmat qilishi mumkin. Bu amalda mavjud dunyo tartibi uchun juda xavfli pretsedent yaratadi.

Biroq voqealar rivoji qaysi tomonga ogʻishib ketishini bilib boʻlmaydi. Boisi AQShning saylangan prezidenti oʻzining bashorat qilib boʻlmas tabiati bilan mashhur.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo