
Xitoy o‘zining kosmik dasturi doirasida yana bir muhim qadamni amalga oshirdi. “Shenzhou” dasturi asosida Tsichuan viloyatidagi kosmodromdan uchirilgan raketa orqali mamlakat orbitaga 3 nafar astronavt va ilmiy tajribalar uchun mo‘ljallangan 4 ta laboratoriya sichqonini yubordi.
Bu parvoz Xitoyning orbital stansiyasi — “Tyanxe” modulida bir necha oy davom etadigan tadqiqot ishlarining navbatdagi bosqichidir. Ekipaj uzoq muddatli kosmik sharoitda biologik jarayonlar va tirik organizmlar to‘qimalaridagi o‘zgarishlarni o‘rganishga yo‘naltirilgan ilmiy missiyani amalga oshiradi.
Xitoy Milliy aerokosmik boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tadqiqotning asosiy maqsadi — mikrotortilma, ya’ni nul og‘irlik sharoitida biologik tizimlar qanday reaksiya bildirishini o‘rganishdir. Sichqonlar maxsus biokapsulalarda joylashtirilgan bo‘lib, ularning fiziologik ko‘rsatkichlari zamonaviy sensorlar orqali doimiy kuzatuvda bo‘ladi.
Mutaxassislar fikricha, bu tajribalar Oy va Marsga rejalashtirilayotgan uzoq muddatli parvozlar uchun inson salomatligini saqlash va muvozanatni ta’minlashga oid muhim ma’lumotlar berishga xizmat qiladi.
Xitoy so‘nggi yillarda o‘zining kosmik dasturini jadal rivojlantirmoqda. Davlat 2030-yilgacha o‘z kosmonavtlarini Oy yuzasiga jo‘natish, keyinchalik esa Marsga ilmiy ekspeditsiya tayyorlashni rejalashtirgan. Shu bois, “Shenzhou” dasturi doirasidagi har bir parvoz Xitoyning global kosmos poygasidagi nufuzini yanada oshirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!