Spiker Jonson Kongressda nutq soʻzlagan Netanyahuni olqishlamoqda.
Foto: AP
AQSh Kongressi Vakillar palatasida yaqin kunlarda Xalqaro jinoyat sudini (XJS) javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi ovozga qoʻyiladi. Bu haqda Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Mayk Jonson ma'lum qilgan.
Avval xabar berganimizdek, 2024 yil 21 noyabr kuni Xalqaro jinoyat sudi Gʻazo sektorida insoniyatga qarshi va urush jinoyatlari sodir etgani uchun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order berdi.
Ushbu ikki shaxsga Gʻazo sektoridagi tinch aholini yashash uchun zarur boʻlgan suv, dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy jihozlar, yoqilgʻi va elektr energiyasidan qasddan mahrum qilish aybi ham ilgari surilgan.
Yaqin ittifoqchisi boʻlmish Isroil rahbarlarini qamoqqa olish orderi berilgani AQSh rasmiylarini dargʻazab qilgan.
«Vakillar palatasi XJS mansabdorlariga qarshi sanktsiya uchun ovoz beradi. XJS prokurori Karim Xonga oʻz joyini koʻrsatib qoʻyamiz», – deya poʻpisa qilgan oʻtgan hafta yangi muddatga spikerlik lavozimiga saylangan M.Jonson.
Isroil matbuoti xabariga koʻra, Vashington joriy etadigan sanktsiyalar XJS a'zolariga nisbatan viza va mol-mulk bilan bogʻliq cheklovlarni oʻz ichiga oladi.
Xalqaro jinoyat sudi – doimiy asosda faoliyat yurituvchi yuridik organ boʻlib, 1998 yil 17 iyulda imzolangan Rim statutiga asosan ta'sis etilgan. Mahkama xalqaro miqyosdagi ogʻir qilmishlar – genotsid, insoniyatga qarshi va harbiy jinoyatlarni koʻrib chiqadi. Rim statutini imzolagan 123 davlat mahkama hujjatlarini bajarishga majbur.
Inson huquqlarini bayroq qilgan AQSh tomonidan global miqyosda adolatni ta'minlashda muhim oʻrin tutib kelgan XJSga jazo choralari qoʻllanishi misli koʻrilmagan holat sanaladi. Kuzatuvchilar bu hol ikkiyuzlamachilik oʻlaroq baholanishidan ogohlantirmoqda.
Gap shundaki, AQSh rahbariyati xalqaro sud 2023 yil 17 mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order berganida bu qarorni birinchilardan boʻlib qoʻllab-quvvatlagan edi.
Netanyahu va Galantni hibsga olish haqidagp qarorni BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari idorasi qoʻllab-quvvatlagan.
Evropa Ittifoqining tashqi ishlari va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili Jozep Borrel xalqaro sud qarori «siyosiy qaror» ekani haqidagi iddaolarni rad etib, bu hujjatni EIga a'zo barcha davlatlar bajarishga majbur ekanini qayd etdi.
Dunyoning etakchi davlatlaridan birgina AQSh Netanyahu va Gallantni hibsga olish haqidagi qarorga tish-tirnogʻi bilan qarshi chiqmoqda.
Xalqaro mahkama prokurori Karim Xonga koʻra, Isroilning yuqori rutbali amaldorlariga nisbatan tergov olib borish payti unga tahdidlar boʻlgan, hatto amaldorlardan biri xalqaro mahkama Gʻarb va uning ittifoqchilari uchun emas, balki «Afrika va Putin kabi kallakesarlar uchun tuzilgani»ni uqtirgan.
2024 yil 24 iyul kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh Kongressida ma'ruza qilgani ham turlicha talqin etilgandi. Gʻazo sektorida qirgʻin sodir etishda ayblanayotgan siyosatchining Qoʻshma Shtatlar qonunchilik idorasida nutq irod qilishi ayrim demokratlar tomonidan boykot qilingan. Shunga qaramay, qariyb bir soatlik nutq mobaynida AQSh qonunchilari Isroil bosh vazirini oʻnlab marta qarsak va olqishlar bilan qoʻllab-quvvatlagan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bashar Asadning rafiqasi Britaniya razvedkasiga ishlaganlikda gumonlanmoqda
Netanyaxu Trampning inauguratsiyasida qatnashishdan bosh tortdi
Britaniya TIV rahbari Ukraina urushi qachon tugashi mumkinligini aytdi
Livanda 12 marotaba muvaffaqiyatsiz saylovlardan soʻng prezident tayinlandi
Germaniyada sobiq vazirning yuziga tort uloqtirishdi
Manba: Kreml urush tugagach Belarusni oʻziga qoʻshib olmoqchi
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti metapnevmovirus yuzasidan bayonot berdi
Eron generalining Suriyadagi “jiddiy strategik magʻlubiyat” haqidagi bayonoti