00:41 / 11.01.2025
8

Pokistonning Afgʻonistonga zarbalari: “Tehrike Tolibon” qanday harakat?

Pokistonning Afgʻonistonga zarbalari: “Tehrike Tolibon” qanday harakat?
Dekabr oyida “Tehrike Tolibon Pokiston” qurolli harakati oʻz qoʻmondonlaridan birining yoʻq qilinishi ortidan hujum uyushtirib, 16 nafar Pokiston harbiysini oʻldirdi. Bunga javoban Pokiston armiyasi Afgʻoniston hududiga raketa zarbalari yoʻlladi. “Tolibon”ga koʻra, bu zarbalardan 46 kishi, xususan ayollar va bolalar halok boʻlgan.

Rasmiy Islomobod pushtunlardan tarkib topgan Pokiston toliblarining “Tehrike Tolibon Pokiston” qurolli harakatini terrorchilik tashkiloti deb hisoblaydi.

Pokiston hukumati Afgʻonistonda hokimiyatni qoʻlga olgan “Tolibon”ni Pokiston toliblarining etakchilariga boshpana berganlikda ayblab keladi. Kobuldagilar buni rad etadi.

24 dekabr kungi raketa zarbalari – “Tolibon” hokimiyati oʻrnatilgan 2021 yil avgust oyidan beri Pokistonning Afgʻoniston hududiga uyushtirgan uchinchi yirik hujumi boʻldi. Bundan avvalgi zarbalar 2024 yil mart oyida kuzatilgandi. Afgʻoniston muvaqqat hukumati bu hujumlarni mamlakat suverenetitetini qoʻpol tarzda buzish deb baholagan.

Kun.uz muxbiri etnik-siyosiy xarakterdagi bu nizoni atroflicha ochib berish uchun siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Fazliddin Madiyevga yuzlandi.

— “Tehrike Tolibon Pokiston” va Afgʻoniston “Tolibon”i oʻrtasidagi farqlar nimada?

Fazliddin Madiyev
: Ayni paytda Afgʻoniston boshqaruvida boʻlib turgan “Tolibon” 1990 yillarda paydo boʻlgan va ilk marta oʻsha vaqtlarda mamlakat boshqaruvida boʻlgan. 2021 yildan boshlangan hozirgi hukmronligida “Tolibon” oʻz hududiy birligini yaratish va hokimiyatini tan oldirish harakatida.

Pokistondagi “Tahrike Tolibon” esa pushtun guruhlarining bir-biriga qarshi harakatlari natijasida vujudga kelgan. “Tahrike Tolibon” va “Tolibon” guruhlari oʻzaro taqqoslansa, ularni bir oʻzakdan paydo boʻlgan, ammo bugungi kunda tushunchalari borasida farqlanadigan guruhlar sifatida e'tirof etish mumkin.

Avvaliga “Tolibon” Afgʻonistonda davlat boshqaruviga intildi va bunga erishdi, endi “Tahrike Tolibon” ham Pokistonda shunga harakat qilmoqda. Har holda, “Al-Qoida”, IShID va atrofdagi boshqa guruhlar bilan bir xil harakat qilayotganidan, shunday xulosaga kelish mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: 1991 yilda sovuq urush tugab, sovet ittifoqi parchalanganidan keyin Afgʻoniston hukumatida ham “vakuum” paydo boʻldi. Sovuq urush davrida Hindiston sovet ittifoqining, Pokiston esa AQShning ittifoqchisi boʻlgan. 1989 yilda sovet ittifoqi qoʻshinlari Afgʻonistonni tark etganidan keyin rus harbiylariga qarshi kurashgan mujohidlar Vaziristonda Tojikistondan kelayotgan karvonni qoʻlga oladi va ulardan savdo yoʻli uchun pul talab qiladi. Oʻsha davrda Pokiston bosh vaziri lavozimida ishlagan Benazir Bhutto esa mazkur jangchilardan geosiyosiy loyiha sifatida foydalanish kerak degan fikrga keladi.

Benazir Bhutto bu jangari guruh Afgʻoniston hokimiyatini egallashi hamda Pokistonga moyil hukumatga aylanishiga umid qilgan, Afgʻonistonni Pokiston uchun oʻziga xos savdo koridoriga aylantirishni koʻzlagan. Shundan keyin Pokiston maxsus kuchlari “Tolibon”ni qoʻllab-quvvatlay boshlagan.

Afgʻonistondagi pushtunlar yoki “Tolibon”ga Pokistonning ta'siri juda katta. 1979 yilning 29 dekabr kuni Brejnev sovet qoʻshinlarini Afgʻonistonga kiritadi va afgʻonistonliklarning 5 millionga yaqini mamlakatni tark etishga majbur boʻladi. Bunda 3 milliondan ortiq odam Pokistonga borgan, 1 milliondan ziyodi (asosan hazora shialari) Eronga qochgan, qolgani esa Evropa yoki Amerikaga qochib ketgan. Dastlab Pokistonga qochib borgan bolalar maktablarga joylashtirilgan, lekin keyinchalik bu davlat byudjetiga zarar boʻlgani sababli ularni bepul madrasalarga joylashtirgan. Bolalar qurol ishlatishga qodir yoshga etgach, Afgʻonistonga qaytib, sovet qoʻshinlariga qarshi kurashishni boshlagan.

Shu sababli “Tolibon” – Pokiston bosh vaziri Benazir Bhutto va uning maxsus xizmatlarining geosiyosiy loyihasi hisoblanadi.

1994-95 yillardan boshlab 1998-99 yillargacha “Tolibon” hokimiyatini kengaytirish boshlanadi va 2000 yillar boshiga kelib, Afgʻonistonning 90 foiz hududi “Tolibon” boshqaruviga oʻtgan. 2001 yildan boshlab “Tolibon” va AQSh oʻrtasida urush boshlandi va bu urush 20 yilga choʻzildi. Avvaliga etnik pushtunlardan tashkil topgan millatchi guruh shu 20 yil davomida bora-bora koʻp millatli qarshilik harakatiga aylanib ketdi.

Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xonning aytishicha, 2001 yilda “Tolibon” markazlashgan harakat boʻlgan, biroq AQSh kabi texnologik ilgʻor dushmanga qarshi turish uchun yillar davomida “Tolibon” brendi ostida 50 ga yaqin guruhlar shakllangan.

Afgʻonistondagi eng katta millat va Pokistondagi eng katta uchinchi millat bu – pushtunlar hisoblanadi. Afgʻonistonda 12,5 mln, Pokistonda 30 milliondan ortiq pushtunlarni ikki davlat oʻrtasidagi chegara ajratib turadi, lekin har ikkala davlatdagi pushtun millatiga mansub odamlar oʻrtadagi chegarani mutlaqo tan olmaydi. Hozir ularda etnik pushtunlar oʻzaro birlashishi va yagona qudratli Afgʻoniston tashkil qilinishi kerakligi haqidagi qarash mavjud. Pokiston hokimiyatida esa pushtunlar emas, balki harbiy elita hukmron va ularning asosiy muammosi etnik pushtunlar hisoblanadi.

— TTP va “Tolibon” oʻrtasidagi hamkorlik darajasi qanchalik chuqur va bu qanday tarixiy ildizlarga ega?

Kamoliddin Rabbimov
: Ikki davlatdagi pushtunlar aslida bitta millat, shunchaki ular 2-jahon urushidan keyin chegaraning ikki tomonida qolib ketishgan xolos. Shuningdek, ularning oʻrtasidagi chegara amalda mavjud emas: Vaziristondagi bu chegara hududlari togʻlar va dashtlardan iborat. Shu sabab ikki davlat pushtunlari oʻrtasidagi aloqa hech qachon yoʻqolmagan. Pokistondagi pushtunlar AQShga qarshi urushda oʻzlarining Afgʻonistondagi millatdoshlariga muntazam yordam berib kelgan.

Biroq bu erda kim kimga boʻysunishi masalasi bor: bunda Pokistondagi pushtunlar Afgʻonistondagi pushtunlarga boʻysunishi aniq.

Fazliddin Madiyev: Avvaliga sovet ittifoqiga, keyin esa Amerikaga qarshi kurashgan “Tolibon” yengilib yoʻq boʻlib ketmadi, aksincha, hokimiyat tepasiga keldi, bu esa “Tehrike Tolibon”ni ilhomlantirgan. Shu sababli ular oʻrtasida iliq munosabatlar mavjudligini rad etib boʻlmaydi.

Pokiston hukumati “Tolibon”ning davlatchilik yoʻnalishida harakatlanayotgani chegaralarni kengaytirish harakatiga aylanishidan va natijada oʻzlari katta siyosiy bosimga uchrashlaridan xavotirda.

“Tehrike Tolibon” ayni paytda Pokiston hukumatiga Gʻarb infrastrukturasi va siyosiy tizimini xohlamasligini aytib, hatto harbiy tizimni ham qayta koʻrib chiqish talabini qoʻymoqda.

Pokiston oʻzining Vaziriston viloyatini mutlaq nazorat qila olmaydi, chunki u erda qabilaviy tizim hukmron, hatto bu hududga harbiylarni joʻnatish ham juda xavfli, chunki pushtunlar hududni mukammal biladi va atrofdagi boshqa guruhlar bilan kelishgan holda harakatlanib, Pokiston armiyasiga munosib qarshilik koʻrsatishi mumkin.

Yuqoridagilardan xulosa qilsak, “Tehrike Tolibon” Gʻarb uchun Pokistonga siyosiy bosim oʻtkazishda eng yaxshi vosita sifatida qoʻllash mumkin boʻlgan loyihadir.

— Afgʻon “Tolibon”ining TTPdan manfaati nimada?

Kamoliddin Rabbimov
: Hozirda “Tolibon”ning siyosiy psixologiyasi juda kuchli va ular buni oʻzlarining bayonotlarida ham namoyish qilyapti. Ya'ni “Tolibon” oʻzining 20 yillik urush tajribasi va e'tiqodiga tayangan holda, oʻzining Pokistondan kuchliroq ekanini, shuningdek, Pokistondagi millatdoshlari uchun keragicha kurashishga tayyor ekanini aytmoqda.

Afgʻonistonda 38-40 million aholi yashaydi, biroq rasmiy Kobul ularning barchasini birdek nazorat qila olmaydi, chunki ularda rasmiy davlatchilik shakllanishga ulgurmagan, shu sabab koʻplab hududlar hamon qabilaviy tizimda yashaydi. Pokistondagi pushtunlar soni 30 milliondan ortiqni tashkil qiladi va ular aynan Afgʻoniston bilan chegarada yashaydi, Pokiston esa ularni nazorat qilolmaydi.

Pokistonning hozirgi vaziyatdagi eng asosiy vazifasi – Afgʻonistonga bosim qilib, uni ambitsiyalardan voz kechishga undash hamda ehtimoliy urushning oldini olish.

Fazliddin Madiyev: Bu hududlar faqatgina Temuriylar davridagina tinch boʻlgan xolos, degan qarash ham bor. Pushtunlar oʻzlarini haqiqiy musulmonlar sifatida da'vo qilsalar-da, ularda pushtunlik kayfiyati ustunroq, ya'ni ular pushtunlar har qanday vaziyatda ham bir-birlarini qattiq qoʻllab-quvvatlashi kerak degan gʻoya ostida birlashgan, shuning uchun ular boshqa millatlarga nisbatan past nazarda qarashadi. Agar “Tolibon” zamonaviy, globalizmga uygʻun davlat qurishni istasa, hozirgi amallari bu davlatni tan oldirishda katta muammolarni yuzaga keltiradi.

— TTPni faqat Afgʻoniston “Tolibon”i qoʻllaydimi?

Kamoliddin Rabbimov
: Pokistondagi “Tehrike Tolibon”ni tashqaridan kimdir qoʻllab-quvvatlashi qiyin masala. AQSh va Evropa asosan kuzatadi, Xitoy bu mintaqada urush chiqishidan manfaatdor emas. Pokistonda kuchli qurollar bilan raqobatlasha oladigan texnikalar bu hudud aholisi tomonidan qoʻlda yasab ham bozorga chiqarilaveradi, shu sababli ularda qurol borasida muammo kuzatilishi qiyin.

Xitoy – Pokistonning eng asosiy ittifoqchisi va Pokistonda fuqarolar urushi boshlanishi Xitoy manfaatlariga zid, chunki Xitoy AQSh bilan mojarolarga ega va bu ikki davlat oʻrtasidagi global raqobatda bu mintaqadagi tinch hududlar Xitoyga asqatishi mumkin. Shuningdek, bu erdagi notinchlik Xitoyning temiryoʻl loyihalari uchun ham juda xavfli hisoblanadi.

— Ziddiyatlar hal qilinmasa, ikki mamlakat oʻrtasidagi kelajakda harbiy toʻqnashuvlar ehtimoli qanchalik yuqori?

Fazliddin Madiyev
: Bu hududdagi ziddiyatlar asrlar davomida mavjud, ular hududlarni boʻlishishda muammolarga duch keladi. Bu ziddiyatlar mintaqa uchun juda yomon, shuningdek, Xitoyning “Bir makon, bir yoʻl” loyihasi uchun ham. Ammo Gʻarb davlatlari uchun oʻzlarining geosiyosiy rejalarini amalga oshirish uchun qulay vaziyat boʻlishi mumkin.

Hozir menda Pokiston fuqarolar urushining oldini olish uchun soʻnggi chora sifatida Isroilning harakatlarini takrorlashi mumkinligi toʻgʻrisidagi qarash ham bor. Biroq hozir “Tolibon” oʻzining azaliy maqsadi, ya'ni davlatchilikka ega boʻlish ostonasida turibdi va bu yoʻlda ehtimol urushni istamaydigan ikkinchi tomon bilan murosa yoʻlini tanlashi ham mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: Pokiston hukumati mamlakatni etnik pushtunlardan yoki pushtunlarni toliblardan tozalashni uddalashi qiyin. Isroil tajribasidan foydalanishning esa imkoni yoʻq, chunki Gʻazodagi vaziyatda arablar va yahudiylar oʻrtasida aniq chegara mavjud, Pokistonda esa hamma musulmon va ular qorishib ketgan. Buning ustiga hudud ham juda katta, bu hudud bir nechta Qirgʻiziston maydoniga teng degani.

Bundan tashqari, razvedka orqali “Tehrike Tolibon”ga aloqador ming yoki undan ortiq aholini aniqlab, ularni qatl qilish yoki qamoqqa olish aholining qolgan qismini gʻazablantirishi, natijada “Tehrike Tolibon”ning safi kengayishi xavfi mavjud.

Mening fikrimcha, Pokiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi ziddiyat shu sur'atda davom etaveradi, hech qachon yoʻqolmaydi va katta urushga aylanib ham ketmaydi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo