
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 25-oktyabr – Respublika kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda mamlakat aholisini birdamlik va mehr-oqibatga chorladi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, fuqarolarning o‘zaro hurmat va do‘stona munosabati — taraqqiyotning asosiy kafolatidir, deb xabar berdi tengrinews.kz.
To‘qayevning ta’kidlashicha, mamlakatda tinchlik va barqarorlikni saqlash uchun har bir inson nafaqat o‘z manfaati, balki butun jamiyatning manfaati haqida ham o‘ylashi lozim. «Boshqalarning mehnatini qadrlamaslik, fikrini inkor etish yoki kimnidir yomonotliq qilish — madaniy jamiyat uchun begona holatdir. Bunday illatlarga javobgarlik bo‘lishi shart», — dedi u.
Prezident ayniqsa internet muhokamalaridagi axloqiy qiyofaga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda biror mavzu atrofida boshlangan bahslar ko‘pincha haqorat va adovatga aylanib ketmoqda. «Bu holat — jamiyatning eng xavfli kasalliklaridan biri. Biz bu illatdan xalos bo‘lishimiz kerak», — dedi davlat rahbari qat’iy bayonot bilan.
Qozog‘iston yetakchisi, shuningdek, mustaqillik sanasini xalq uchun muqaddas kun sifatida e’tirof etdi. U 1990-yil 25-oktyabr kuni qabul qilingan davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi deklaratsiya Qozog‘istonning yangi tarixi uchun poydevor bo‘lganini eslatdi.
To‘qayev mamlakatning keyingi yillardagi yutuqlariga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy soha va ta’lim tizimida sezilarli natijalarga erishgan. Shu bilan birga, u o‘tmish saboqlarini unutmaslik zarurligini alohida ta’kidladi.
Prezident buyuk mutafakkir Abish Kekilbayevning so‘zlarini eslab, millat o‘z tarixi va qahramonlariga hurmat bilan qaray olsagina kelajakka ishonch bilan yuz tuta olishini aytdi.
«Biz har bir bosqichda xalqimiz tarixi va uni yaratgan shaxslarga minnatdorlik bildiramiz. Ular bizning kelajak sari yo‘limizni yoritib turadi», — dedi u.
Marosim so‘nggida To‘qayev barcha fuqarolarni yurt ravnaqi va birdamlik yo‘lida mehnat qilishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonning gullab-yashnashi faqat jamiyatning birlikda harakat qilishi bilan ta’minlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!