date

London "Liverpul" uchun «qora shaharga» aylandi

London "Liverpul" uchun «qora shaharga» aylandi

APLning 9-turi Londonda «Liverpul» uchun yana bir noxush kecha bilan yodda qoldi. Arne Slot boshqaruvidagi mersisaydliklar safarda «Brentford»ga qarshi bahsda 2:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.

Bu natija klub tarixida kamdan kam kuzatiladigan noxush seriyani davom ettirdi — «qizillar» poytaxtda ketma-ket beshinchi marta mag‘lub bo‘ldi. Ilgari jamoa ikki marta «Chelsi»ga (1:2, 1:3) hamda bir martadan «Kristal Pelas» (1:2) va «Fulhem» (2:3)ga yutqazgan edi.

Shu tariqa, London so‘nggi oylarda «Liverpul» uchun qiyin hududga aylandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Slot shogirdlari nafaqat poytaxtda, balki umumiy hisobda ham so‘nggi to‘rt o‘yinda mag‘lub bo‘lib, chempionatdagi ritmini yo‘qotib qo‘ydi.

"Brentford"ga qarshi kechgan uchrashuvda «qizillar»ning ayrim hujumlari xavfli bo‘lgan bo‘lsa-da, raqibning tezkor qarshi hujumlari natijani hal qildi. Ikkinchi bo‘limda jamoa hisobni tenglashtirish imkonini topgan bo‘lsa-da, himoyadagi xatolar yana o‘z so‘zini aytdi.

Muhim jihat shundaki, «Liverpul» tarixida ilk bor Londonda shuncha ketma-ket mag‘lubiyatga uchradi. Muxlislar bu holatni Arne Slotning taktik yondashuviga va jamoaning so‘nggi haftalardagi ruhiy holatiga bog‘lamoqda.

Hozirda «Liverpul» 15 ochko bilan turnir jadvalida 6-pog‘onada joylashgan. Chempionlik poygasida yetakchilardan orqada qolmaslik uchun jamoaga navbatdagi turlarda g‘alabalar seriyasini boshlash zarur bo‘ladi.

Slotning o‘zi esa o‘yindan keyin shunday dedi: «Biz juda ko‘p imkoniyat yaratdik, lekin ularni golga aylantira olmadik. Himoyadagi diqqatsizlik bizga yana qimmatga tushdi. Bu seriyani to‘xtatish uchun kurashamiz».

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » London "Liverpul" uchun «qora shaharga» aylandi