
Rossiya prezidentining maxsus vakili va Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi (RTIF) rahbari Kirill Dmitriyev AQSHga tashrif buyurib, Tramp ma’muriyati vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Uning ta’kidlashicha, Moskva Ukrainadagi mojaroni imkon qadar tezroq tugatishdan manfaatdor, deb xabar berdi cnn.com.
Dmitriyev CNN telekanaliga bergan intervyusida bu pozitsiyani ochiq bayon etdi:
«Biz bu mojaroni har qanday yo‘l bilan cho‘zilishini xohlamaymiz. Barchamiz diplomatik yechimga umid qilayapmiz. Rossiya tinchlikni tiklash tarafdori va muzokaralarga tayyor», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hozirgi geosiyosiy sharoitda barqarorlikni ta’minlash va iqtisodiy hamkorlikni qayta tiklashni muhim deb hisoblaydi. Shu boisdan, Dmitriyevning AQSHga tashrifi ikki tomonlama muloqotni qayta faollashtirish maqsadida o‘tmoqda.
Rossiya prezidentining maxsus vakili Tramp ma’muriyati vakillari bilan bo‘lgan muzokaralarda investitsiya, xavfsizlik va diplomatik aloqalarni qayta yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilgani ma’lum qilindi.
Dmitriyev ta’kidlaganidek, harbiy harakatlar nafaqat Ukraina, balki butun mintaqaviy iqtisodga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. «Biz faqat siyosiy yechim orqali haqiqiy barqarorlikka erishish mumkinligiga ishonamiz», — dedi u.
Tahlilchilar fikricha, Moskva diplomatik harakatlarni faollashtirish orqali G‘arb bilan muloqotda yangi sahifa ochishga intilmoqda. Shu bilan birga, AQSH tomonidan ham ayrim doiralar mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini bildirmoqda.
Xalqaro kuzatuvchilar bu tashrifni ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yumshatish yo‘lida ehtimoliy ilk qadam sifatida baholashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!