
NATO bosh kotibi Mark Ryuttening ta’kidlashicha, Vladimir Putin Ukrainadagi frontda erishgan har bir kichik yutug‘i uchun juda katta narx to‘lamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning resurslari tobora kamayib, harbiy qudrati yetishmayotgani ko‘zga tashlanmoqda, deb xabar berdi BBC.
Ryutte Londonda bo‘lib o‘tgan «ko‘ngillilar koalitsiyasi» yig‘ilishidagi matbuot anjumanida shunday dedi:
«Putinning tajovuzi yuz minglab rossiyaliklarning hayotiga zomin bo‘lmoqda. Ukraina esa jasorat bilan qarshilik ko‘rsatmoqda va bizning yordamimiz natija bermoqda. Haqiqat shundaki, Putinda na pul, na askar, na g‘oya qolmoqda».
NATO rahbarining fikricha, frontdagi vaziyat shundan dalolat bermoqdaki, Rossiya armiyasi katta yo‘qotishlar evaziga ham faqat mayda yutuqlarga erishmoqda. Bu esa harbiy operatsiyalar strategiyasi samarasiz ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.
Shu bilan birga, Ryutte AQSH prezidenti Donald Trampning front chizig‘ida jangovar harakatlarni vaqtincha to‘xtatish haqidagi fikrini qo‘llab-quvvatladi. Uning ta’kidlashicha, «adolatli tinchlikka erishish uchun Rossiyaga nisbatan bosimni kuchaytirish vaqti keldi».
Ryutte Yevropa ittifoqi va Kanadaning Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordam ajratish haqidagi qarorini ham ijobiy baholadi. «Jang maydonidagi voqealar ko‘rsatmoqdaki, Ukrainaga berilayotgan qo‘llab-quvvatlash foyda bermoqda. Biz bu yo‘lda to‘xtamasligimiz lozim», dedi NATO bosh kotibi.
Uning bu kabi bayonotlari ilk marta emas. 16-oktyabrda u NATO davlatlarining iqtisodiy va harbiy jihatdan Rossiyadan ancha ustun ekanini ta’kidlagandi.
«Biz Rossiyadan yigirma besh barobar kattamiz. NATO mamlakatlarining umumiy iqtisodiyoti 50 trillion dollarga yetsa, Rossiyaniki bor-yo‘g‘i ikki trillion. Bu Texas shtatining iqtisodi bilan bir xil darajada», degan edi u.
Mark Ryutte ta’kidlaganidek, G‘arb mamlakatlari Rossiyaning salohiyatini ortiqcha baholamaslik kerak. «Moskva kuchli ko‘rinadi, lekin uning imkoniyatlari chegaralangan. Biz yagona maqsad sari birlashgan holda Ukrainaga yordam bersak, bu mojaroga nuqta qo‘yishimiz mumkin», dedi u.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!