06:55 / 13.01.2025
22

Trampning "xarxasha"lari borasida AQShdagi oʻzbekistonlik vatandoshlar qanday fikrda?

Trampning "xarxasha"lari borasida AQShdagi oʻzbekistonlik vatandoshlar qanday fikrda?
Foto: dailymail.co.uk
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp hali oʻz vazifasini bajarishga kirishmasidan oldin bir qancha bayonotlar berib, butun dunyoda muhokamalar sababchisiga aylandi. Uning bayonotlari boʻyicha turli qatlam vakillari turlicha fikr bildirmoqda.

"Daryo" bu borada AQShda istiqomat qilayotga oʻzbekistonlik vatandoshlar fikri bilan qiziqdi. Quyida e'tiboringizga AQShda yashayotgan oʻzbekistonlik Azamat Abdullayev fikrlarini keltirib oʻtamiz.

Foto: "Daryo" / Azamat Abdullayev
"Donald Tramp saylovlargacha katta mashaqqatli yoʻlni bosib keldi. Saylovda katta ustunlik bilan gʻolib boʻldi. Bu nimani anglatadi? Donald Tramp katta ishonchga ega boʻldi, unga ovoz berganlar Tramp nimaiki bayonot qilmasin, uni qoʻllab-quvvatlashadi.

Trampning Grenlandiya va Kanada boʻyicha bayonotlariga oddiy amerikaliklarning fikri qanday? Men AQShda yashayotgan oʻzbekistonlik fuqaro sifatida fikr bildiradigan boʻlsam, Trampning bu qarashlari yangilik emas. U 2019 yil ham shunga oʻxshash bayonotlarni bergan.

Bu faqat Trampning xohishi desak, notoʻgʻri boʻladi. Chunki AQSh Trampgacha boʻlgan vaqtda ham Grenlandiyaga qiziqib kelgan. 2-Jahon urushidan keyin 1946 yilda AQSh Daniyaga Grenlandiyani sotib olish maqsadida pul taklif qiladi. Lekin Daniya hukumati rad javobini beradi. Grenlandiya dunyodagi eng katta orol hisoblanadi. Hududiy jihatdan u Daniyaga tegishli avtonom mamlakat. Oʻzining hukumati bor.

2024 yilda Grenlandiya Daniyadan mustaqil boʻlish niyatini e'lon qildi. Bundan xavotirga tushgan Daniya va AQSh yana harakatlarni boshlashdi. Grenlandiya muzliklardan iborat togʻli hudud, aholisi 60 ming. Daniya NATOga a'zo boʻlganidan keyin, oʻzaro kelishuvga koʻra AQSh Grenlandiyaga qurolli kuchlar bazasini qurgan. AQSh fuqarolari bu bazaga koʻchib oʻtishgan.

Grenlandiya AQShga nega kerak?

Grenlandiya hududiy joylashuv jihatdan strategik ahamiyatga ega. Evropani AQSh bilan bogʻlab turadi. Shuningdek, bu orolda qazilma boyliklari koʻp. Avvallari bu boyliklar usti muzliklar bilan qoplangan edi, shu sababli u erda qazish ishlarini olib borishning iloji yoʻq edi. Lekin dunyodagi "global warmimg", ya'ni global isish tufayli muzliklar eriyapti, yangi yoʻllar ochilyapti. Shu sababli AQSh bilib qoldiki, Grenlandiyada muzlar erisa, boyliklarni qazib olish imkoniyatlari paydo boʻladi. "Agar AQSh katta pul taklif qilsa, Daniya orolni sotarmikan?" degan savol paydo boʻladi.

Foto: Wikipedia
Daniya sotishni istamasa ham, bunga majbur boʻladi deb oʻylayman. Chunki, Daniya AQShning taklifini inkor qilsa, Tramp Putinning usulini qoʻllaydi, deb oʻylayman. Putin Qrimni Rossiyaga qoʻshib olish uchun qanday harakatlarni amalga oshirgan boʻlsa, AQSh ham shu ishlarni qiladi, degan fikrdaman. Faqat AQShning Rossiyadan farqi, tarixda Grenlandiyani tortib olgan, degan nom qoldirmaslik uchun AQSh Daniyaga baribir pul beradi. Biz bilamiz, Putin Qrimda qoʻshtirnoq ichida referendum oʻtkazgan.

Hamma bir ovozdan Rossiyaga qoʻshilishga rozi boʻlgan, shundan keyin Rossiya Qrimni egallagan. AQSh ham xuddi shunday qiladi. Grenlandiyadagi oz sonli aholi AQShga qoʻshilishga rozi boʻlsa kerak. Chunki ular oyoqqa turishi uchun puli yoʻq, resursi yoʻq. Agar AQShga qoʻshilishsa, ularda yangi infrastruktura, yangi yoʻllar, yangi tizim paydo boʻladi.

Trampning Kanada boʻyicha ambitsiyalari

Tramp Grenlandiyadan tashqari, Kanadani ham 51-shtat sifatida AQSh tarkibiga qoʻshib olish niyati haqida hazilomuz tarzda boʻlsa ham bildirdi. Lekin bu taklifni koʻpchilik jiddiy qabul qilib, oʻz fikrlarini bildirishdi. Tramp Kanadaning bosh vaziri Tryudo bilan telefon orqali suhbatlashganda, nega biz sizlarga bekorga pul berishimiz kerak, degan savolni oʻrtaga qoʻydi.

Ma'lumki, AQSh Kanadaga yiliga 2 mlrd dollar investitsiya qiladi. Qoʻshnisiga yordam berish uchun. Toʻgʻri, AQSh Kanadadan sut va yogʻoch mahsulotlari sotib oladi. Lekin Tramp aytdiki, biz bu mahsulotlarni boshqa davlatlardan ham olishimiz mumkin. Shunday ekan, nega Kanadaga investitsiya qilishimiz kerak? deb savol berdi. Tryudo Trampning savollariga tayinli javob bera olmadi. Sizlarga shuncha pul berayotgan ekanmiz, undan koʻra bizni shtatga aylaninglar, dedi Tramp hazil aralash.

Mening fikrimcha, Tramp prezident sifatida qasamyod qabul qilganidan keyin, birinchi ishni mamlakatning tashqi xarajatlarini optimizatsiya qilishdan boshlaydi. Bu topshiriqni Tramp Ilon Maskka topshirgan. Shulardan kelib chiqib, AQSh Kanadani ogohlantirmoqda. Agar bizni shtatga aylanmas ekansizlar, tayyor turinglar, sizlarga boshqa pul bermaymiz, deyapti.

Grenlandiyaga qaytadigan boʻlsak, mening fikrimcha, Tramp toʻrt yillik muddat ichida orolni oʻz safiga qoʻshib ololmasa kerak. Shunchaki Tramp dunyoga messej berdi: hech kim Grenlandiyana koʻz tikmasin, biz hali ham Grenlandiya tarafmiz.

Panama kanali boʻyicha bayonot

Trampning yana bir bayonoti Panama kanalini yana AQShga qaytarish bilan bogʻliq. AQSh Panama kanalini nega oʻziga qaytarmoqchi? Chunki, Trampning aytishi boʻyicha, AQSh bergan sovgʻasini Panama yana boshqa davlatga — Xitoyga berib yubordi. Bu ishni Tramp xato deb oʻylashini ma'lum qildi.

Meksika koʻrfazi haqida

Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning Meksika koʻrfazini Amerika koʻrfazi deb qayta nomlash niyati haqidagi soʻzlaridan keyin Amerikaga tarixiy nomni qaytarishni taklif qildi. Trampning bu boradagi bayonoti hazilomuz boʻlsa ham, lekin koʻpchilik bunga oʻz munosabatini bildirdi. Tramp shunday shaxsiyatga egaki, uning hazil aralash gaplari ham jiddiy munozaralarni keltirib chiqaradi.

Foto: Instagram / claudia_shein
Noqonuniy migrantlar haqida

Noqonuniy migrantlar mavzusi Trampning eng yaxshi koʻrgan mavzularidan biri hisoblanadi. Biz bilamizki, Amerikada juda koʻp oʻzbekistonliklar yashashadi. Nafaqat oʻzbekistonliklar, balki butun dunyodan kelgan migrantlar istiqomat qilishadi. Tramp avvalgi prezidentlik muddatida ham noqonuniy migratsiya haqidagi keskin bayonotlari bilan ommaga tanilgandi. Bu safar ham xuddi shu masalani koʻtarmoqda.

"Bu safar hammasi jiddiy, hech kim noqonuniy migratsiya boʻyicha choralardan qutulib qololmaydi" degan mazmunda bayonot berdi. Tramp birinchi marta hokimiyatga kelganda katta siyosatda hali yangi edi, kuchli jamoaga ega emasdi. Boshqalarga taqlid qilardi. Jumladan Putinga. Trampning Grenlandiya va Kanada boʻyicha bayonotlari ham Putinga taqlid deb oʻylayman. Mening fikrimcha, Tramp Putin tarafdori. Putin Sobiq Ittifoqini tiklash rejalari haqida qogʻozga oʻrab koʻp gapirgan. Tramp ham Putinga oʻxshaydi. Faqat u oʻz fikrlarini qogʻozga oʻramasdan, ochiqcha bayon qiladi.

Foto: Reuters
Migrantlar mavzusiga qaytadigan boʻlsak, bu safra qanday qonunlar chiqishini bilmaymiz. Tramp noqonuniy migrantlar haqida gapirganda, birinchi navbatda oʻz mamlakatida jinoyat qilib, AQShga kelganlarni yana oʻz vataniga qaytarib yuborish masalasini koʻtargan. "Undan keyin esa qolganlar bilan shugʻullanamiz" dedi Tramp.

Oʻzbekistonliklar orasida Trampning bu bayonotlar hamisha asosiy mavzulardan biri boʻlib kelgan. Lekin mening gapim shuki, oʻzbekistonliklar hech xavotir olishmasin. Agar hujjatlar joyida boʻlsa, grin kartasi boʻlsa, AQSh fuqarosi boʻlsa, xavotirga oʻrin yoʻq. Lekin Meksika orqali kelganlar, avval legal yoʻl bilan kelib, keyin nolegal boʻlib qolib ketganlar boʻlsa, ular xavotirga tushishlari zarur. Chunki AQSh shunaqa davlatki, noqonuniy yurgan migrantlarni xush koʻrmaydi. Oʻzi umuman hech qaysi davlat noqonuniy migrantlarni xush koʻrmaydi.

Shu sababli AQShda noqonuniy yurganlar boʻlsa, hujjatlarini toʻgʻrilab olishlari kerak. Bu Oʻzbekistonning imidji uchun ham zararli. Qolaversa, AQShga qonuniy kelmoqchi boʻlgan oʻzbekistonliklarga ham toʻsiqlar yaratishi mumkin. Noqonuniy yurgan migrantlar qanday qilib AQShda qolishlari mumkin, degan savol tugʻiladi. Bu boʻyicha juda koʻp blogerlar, huquqshunoslar chiqishlar qilishdi, savollarga javoblar berishdi. Qonuniy yoʻllari bor.

Fuqarolik uchun ariza topshirish shulardan biri. Qolaversa, sudga murojaat qilsa boʻladi. Sud bu murojaatni koʻrib chiqquncha, migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish taqiqlangan. Lekin Tramp bu qonunni ham oʻzgartirsa kerak. Chunki bunday insonlarning sudlari uzoq muddat davomida, 10-15 yillab koʻrilardi. Bu payt davomida ularga AQShda ishlash huquqi berilardi. Lekin Tramp bu muddatni qisqartirishni talab qilmoqda. Sudlar murojaatlarni tezroq koʻrib chiqishi kerak, shunga qarab migrantlar yo vataniga qaytarib yuborilishi yoki AQShda ishlashga rasmiy ruxsat berilishi kerak, demoqda Tramp. Shu sababli endi AQShda noqonuniy yurgan fuqarolarga oson boʻlmasa kerak.

Farzandi AQSh fuqarosi, oʻzi boshqa mamlakat fuqarosi boʻlgan migrantlarga ham qiyin boʻlishi kutilmoqda. Tramp ularga aytmoqdaki, farzandingizni oʻzingiz bilan olib keting, yoki ular qolsin, oʻzingiz chiqib keting. Hech qaysi ota-ona farzandini bir oʻzini boshqa davlatda tashlab ketmaydi. Oʻz-oʻzidan ma'lum boʻladiki, ular AQSh fuqarosi boʻlgan farzandini ham olib ketishlariga toʻgʻri keladi.

Bundan tashqari, Tramp ota-onasi AQSh fuqarosi boʻlmagan farzandlar AQShda tugʻilsa ham, ularga avtomatik fuqarolik bermaslik masalasini koʻtarmoqda. Chunki bunday qonun faqat Amerikada bor, boshqa davlatlarda yoʻq, demoqda Tramp.

AQShda islomofobiya qay darajada?

Bugungi kunda Evropa, ayniqsa, Angliyada islomofobiya avj olmoqda. Mening fikrimcha, AQShda ham azal-azaldan islomofobiya boʻlgan. Bu hech qachon yoʻqolmaydi. Chunki dinlar soni koʻp, dinlar soni qancha koʻp boʻlsa, qarama-qarshiliklar shuncha koʻp boʻladi. Hamma oʻzini dinini targʻib qiladi. Islom dini dunyoning tezlik bilan oʻsib borayotgan dinlaridan biri hisoblanadi. Butun dunyodagi musulmonlar soni 1,6 mlrdni tashkil qiladi. Bu boshqa dinlar vakillari qalbiga gʻulgʻula soladi. Angliyada juda koʻp musulmonlar yashaydi.

Mamlakatda tugʻilish soni pasayib ketgan. Migrant boʻlib kelayotgan musulmonlar soni oʻsib bormoqda. Hayit kunlari musulmonlar namoz oʻqishi uchun yoʻllar yopiladigan darajaga etgan. Musulmonlarning koʻpayotgani, ularning ahilligi, birlashishi kuchayayotganini koʻrib, yevropaliklar qoʻrquvga tushayotgani tabiiy hol. Shundan kelib chiqib, ular har xil nayranglar ishlab chiqishmoqda, Islom dinini yomon koʻrsatish uchun har xil terroristik aktlar uyushtiriladi. Hozirda musulmonlan terrorchi degan fikrni butun dunyoga singdirishga urinishlar kuchayib ketgan. Mediya ham bu narsada kuchli ishlaydi.

Amerikada ham bunday islomofobiyalar kuchayib bormoqda. Mashhur UFC jangchisi ham Islom dinini yomonlab, shu ma'noda gapirib oʻtdi. AQSh faqat xristianlar mamlakati, musulmonlar oʻz yurtiga ketsin, deb ochiq-oydin gapirib oʻtdi. Tramp ham islomofob. Kim nima desa ham, u islomofob. U hukumatga keldi degani endi hamma Islomga qarshi oʻz fikrini ochiq gapira oladi, degani. Chunki Amerikada islomofoblar juda koʻp.

Toʻgʻri, qonun ustuvorligi bor, lekin endi hammasi boshqacha boʻladi, islomofobiya kuchaysa kerak, degan fikrdaman. Bunga javoban musulmonlar nima qilishi mumkin? Koʻp hollarda yurtdoshlarimiz koʻchada yurishganda namoz vaqti boʻlib qolsa, qazo qilmaslik uchun, koʻchaning oʻzida birgalashib namoz oʻqishganiga guvoh boʻlaman. Shu narsadan sal chetlashishsin degan tavsiyani bergan boʻlardim. Iloji boricha, amerikaliklarni gʻashini keltirmaslik kerak, namozlarini uyda yoki masjidlarda oʻqish kerak. Musulmonlar qanchalik koʻp birlashib, namoz oʻqishganini koʻrishsa, bu hol ularda shunchalik koʻp gʻazab uygʻotadi. Shu sababli ehtiyot boʻlga afzal".

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo