23:47 / 13.01.2025
116

Dunyo imperializm davri ostonasidami?

Dunyo imperializm davri ostonasidami?
Trampning Grenlandiya, Kanada va Panama kanaliga da'volari shundogʻam oyoqosti boʻlib ketgan xalqaro huquqqa yana bir zarba boʻlishi mumkin. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar oʻzini xalqaro huquq himoyachisi deb koʻrsatib kelgan AQSh va tajovuzkor Rossiyaning soʻnggi oʻn yilliklardagi harakatlarini tahlil qildi.

Shuhrat Rasul: Trampning da'volari – shak-shubhasiz imperializm. Tramp oʻzining fikrlari bilan dunyoni 19-asrning boshlariga, Napoleon urushlari davriga olib kelib qoʻyyapti. Bu – mas'uliyatsizlik. Bu – sharmandalik.

Qoʻshma Shtatlar shu paytgacha toʻgʻrimi-notoʻgʻrimi, har holda oʻzini xalqaro huquq himoyachisi sifatida koʻrsatar edi. 1945 yildan to Tramp davrigacha Amerikaga hamma “xalqaro huquq himoyachisi” deb qarardi. Zoʻravonlardan mazlumlarni, kichkina davlatlarni, kichkina millatlarni himoya qilib kelar edi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining nizomiga, tartibga chaqirib turadigan bir davlat edi.

Endi uning prezidenti boʻlgan janob Tramp aytyaptiki, hamma narsaga tupurdik, biz falon joylarni oʻzimizniki qilib olamiz, deyapti. Agar bu ishlar amalga oshadigan boʻlsa, dunyo xalqaro huquqsizlik davriga, Napoleon Bonapart davriga, XIX asrga qaytgan boʻladi.

Hozir Amerikada nafaqat demokratlar, balki Amerikadagi hur fikrlilar oʻrtasida ham Tramp sha'niga har xil gaplar yogʻilyapti. Juda obroʻli odamlar uni matbuotda eng kamida ahmoq deyapti.

Kamoliddin Rabbimov: Bu safargi saylovlarda Tramp nafaqat prezident boʻldi, balki kongress ham, senat ham respublikachilar qoʻliga oʻtdi. Undan tashqari, AQShdagi eng qudratli davlat organi Oliy sudda ham konservator sudyalar soni koʻproq. Bunaqasi Amerika tarixida kamdan kam sodir boʻladi.

Grenlandiya masalasida. U erda bor-yoʻgʻi 50 ming odam yashaydi. Agar Tramp rejasini amalga oshirmoqchi boʻlsa, orol Daniyadan oʻzini mustaqil deb e'lon qilishi, 50 ming kishi referendum oʻtkazib, “biz mustaqilmiz”, deb aytish kerak. Soʻngra yana bir marta referendum oʻtkazib, “biz Amerikaga qoʻshilamiz”, deb aytishi kerak. Buning roʻy berishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilib boʻlmaydi.

Farhod Karimov: Grenlandiyani hozirgi holatda AQSh oʻziga qoʻshib olishi juda qiyin. Chunki AQSh va Daniya – NATO shartnomasining eng birlamchi imzolovchilaridan sanaladi.

Bunday holatda Daniya tarkibida boʻlib turgan Grenlandiyani davlat qilib qoʻshib olishi NATOning ustaviga toʻgʻri kelmaydi va bu erda ikkita taraf bir-birini himoya qilishi kerak. Bir-birining hududiy daxlsizligiga tahdid boʻladigan, NATO kuchga kiradigan paytda kim qaysi tarafda boʻlib qoladi degan masala bor. Shuning uchun hozirgi holatda Trampning bayonoti – shunchaki ritorika.

Bu amaliyotni, ming afsuski, ba'zi davlatlar qilyapti, misol uchun, Donesk va Luhanskda ham referendum asosida konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritilib, Rossiyaga qoʻshildi. Bu – pretsedent boʻlib boʻldi.

AQSh endi aytyaptiki, bugun xalqaro munosabatlarda liberalizm emas, realizm kelib boʻldi. Hamma oʻzining hududini kengaytiryapti. Misol uchun, Turkiya ham Suriya hisobiga ancha-muncha ta'sir doirasini kengaytirdi. Rossiya va Ukraina, misol uchun, oldin Qrim olingan edi, undan oldin esa Gruziyaning Osetiyasi olib qoʻyilgandi va hokazo.

Oxirgi 20 yil ichida xalqaro munosabatlardagi liberalizm, xalqaro normalari buzildi va Tramp bunga real qarayapti. Shuning uchun ham faqat Grenlandiya emas, Kanada, Panama kanali masalasi koʻtarilyapti. Agar shu xalqaro munosabatlarda realizm masalasi engib chiqa olsa, bu xalqaro munosabatlar tartiboti qayta koʻrib chiqilishi kerak, degani.

— Trampning Grenlandiyani AQShga qoʻshib olish istagi va Rossiya referendumlari orasida qanday farq bor?

Kamoliddin Rabbimov
: Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Trampning da'volariga shama qildi, ya'ni “mana, biz Donesk va Luhanskda qilgan ishimizni endi Amerika Qoʻshma Shtatlari qilmoqchi, lekin meynstrim OAV bunga e'tibor qaratishni istamayapti”, dedi. Rossiyaning Qrim, Donesk va Luhanskdagi referendumlarini hattoki Moskvaning ittifoqchilari ham qabul qilmagan. Sababi – Rossiya avval hududni ajratib olyapti, u erda fuqarolik urushini boshlayapti va saylovda tomonlarga teng erkin imkoniyat berilmayapti.

Bektosh Berdiyev: Grenlandiyaga oʻxshash masala bilan Qoʻshma Shtatlar tarixda ham toʻqnashgan va bunday tajriba bor, masalan, Luiziana shtatini Fransiyadan sotib olishi.

Amerika Qoʻshma Shtatlari uchun Grenlandiyaning oʻziga xos ahamiyati bor, chunki bu hudud katta tabiiy zaxiralarga ega, shunga qaramay, hali geologik razvedka oʻtkazilmagan. Bugungi kunda Grenlandiyadagi asosiy uran, neft va tabiiy gaz hamda foydali qazilmalar Xitoyga etkazib berilishi qayd etilgan. Bu holatda Xitoy omilini hisobga olish bekorga emas. Xitoy Grenlandiyadagi oʻsha tabiiy xomashyolarni qazib olishni boshlashi bilan, Trampning ishtahasi ochilib qoldi.

Shuningdek, Donald Trampning yana bir qarori Panama kanali bilan bogʻliq. U “kanalni biz uni ochdik, ta'mirladik, lekin hozir Xitoy foydalanyapti”, deb aytgan. Aslida, kanaldan oʻtayotgan yuklarning 70 foizi hali ham AQShga tegishli, Xitoyning yuklari faqat 10-20 foiz atrofida.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo