Foto: Reuters
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon va unga hamrohlik qilgan delegatsiya 17 yanvar kuni Moskvaga tashrifi chog‘ida noxush vaziyatga duch keldi. Bu haqda Iran International xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Kremlga borgan Pezeshkiyon va uning delegatsiyasi eshik oldida deyarli bir soat kutishga majbur bo‘lgan. Ularga Putin hali uchrashuvga tayyor emasligi aytilgan. Eron delegatsiyasiga zalda kutib turish yoki mehmonxonaga qaytishni taklif qilishgan.
“Eron prezidenti va hamrohlari noqulay ahvolga tushib, namoz o‘qish vaji bilan mehmonxonaga qaytgan. Keyinroq ular Putin bilan uchrashish uchun yana Kremlga borgan”, deydi Iran International.
Rossiya eronlik jurnalistlarga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lmagani aytilmoqda.
Putinning kuttirish taktikasi
Putin muntazam ravishda jahon rahbarlarini uni kutishga majbur qilgan, bu sobiq KGB xodimining psixologik taktikasi sifatida keng tarqalgan. Eng mashhur ikki holatda Putin Germaniya kansleri Angela Merkel va Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichni taxminan to‘rt soat kuttirgan.
Yaponiya, Mo‘g‘uliston va Isroil rahbarlari uch soatgacha kutishga majbur bo‘lishgan. 2003 yilda Putin Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ni deyarli 15 daqiqa kuttirib qo‘ygan, bu hurmatli monarx uchun kamdan kam uchraydigan hurmatsizlik edi.
2012 yilda AQSHning o‘sha paytdagi prezidenti Barak Obama Putinning kechikishi tufayli uchrashuvdan keyingi rejalarini 40 daqiqaga kechiktirishga majbur bo‘lgan.
Tahlilchilarning fikricha, Putin bu harakati bilan hamkorlarini dovdiratib qo‘yishni va muzokaralarda ustunlikka erishishni maqsad qilgan. Bu usul asosan Moskvaning nazaridan qolgan rahbarlarga nisbatan qo‘llangan.
Eron va Rossiya nimalarga kelishib oldi?
Pezeshkiyonning Moskvaga tashrifi paytida Eron va Rossiya o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik memorandumi imzolandi.
Memorandumda tomonlar turli sohalarda, jumladan, mudofaa va xavfsizlik yo‘nalishida hamkorlikni kuchaytirishlari qayd etilgan. Biroq hujjatda tomonlarning bir-biri oldidagi harbiy majburiyatlari ko‘zda tutilmagan.
Memorandumga ko‘ra, tomonlardan biriga hujum qilingan taqdirda, ikkinchi tomon tajovuzkorga hech qanday yordam ko‘rsatmaydi. Boshqacha aytganda, bu ittifoqchilik shartnomasi emas, balki hujum qilmaslik to‘g‘risidagi kelishuvdir.
Shuningdek, muzokaralar yakunida Rossiya Ozarbayjon orqali Eronga 55 milliard kub metrgacha rus gazini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Ushbu bayonotga nisbatan Bokuning munosabati hamon noma’lumligicha qolmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar