
Tramp Grenlandiya ustidan nazorat oʻrnatishni juda istamoqda. U orolni sotib olishga tayyor va hatto harbiy bosib olish variantlarini ham istisno qilmayapti. Daniya rasmiylari taklifni bir necha bor rad etdi, shu bilan birga mudofaa xarajatlarini oshirib, Evropa davlatlari qoʻllovini izlamoqda.
«Meduza» nashri Daniya qurolli toʻqnashuvga tayyormi va grenlandiyaliklar bu borada qanday fikrda ekanini tahlil qildi.
Tramp yana bir bor Grenlandiyani sotib olish istagini bildirdi. Rad javobi uni gʻazablantirdi. Daniya esa buning ortidan mudofaasini kuchaytirdi
«Undan qaytish mumkin emas edi. Bu sovuq dushga oʻxshardi. […] Menimcha, vaziyat jiddiy va potentsial jihatdan juda xavfli», — deya sharhlagan Financial Times nashri manbasi AQSh prezidenti Donald Tramp va Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen oʻrtasidagi telefon suhbati yuzasidan.
45 daqiqa davom etgan muloqot mavzusi Grenlandiya ustidan nazorat oʻrnatish masalasi boʻlgan. FT manbalariga koʻra, u «juda yomon» oʻtgan. Manbalar garchi Frederiksen harbiy bazalar va tabiiy resurslar qazib olish borasida hamkorlikni rivojlantirishni taklif qilgan boʻlsa ham, Tramp «tajovuzkor» va «ziddiyatga tayyor kayfiyatda» boʻlganini aytishgan.
Daniya bosh vaziri ofisi «bu muloqot yuzasidan anonim manbalar keltirgan izohlar»ni tasdiqlamadi. Biroq, muloqotdan koʻp oʻtmay Daniya Grenlandiya mudofaasi uchun xarajatlarni oshirishga shoshildi – Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen esa, bu qaror oxirgi voqealar bilan bogʻliq emasligini aytdi. U buni hatto «taqdirning hazili» deb atadi.
Bu Trampning Grenlandiyani sotib olishga birinchi urinishi emas. Qisqa tarix
Grenlandiyani sotib olish haqidagi dastlabki gap-soʻzlar Trampning birinchi prezidentlik davrida, 2019 yil avgust oyida paydo boʻlgan. Oʻshanda u orol uchun har yili 600 million dollar toʻlashni taklif qilgan. Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen bu gʻoyani «absurd» deb atagan va «Grenlandiya sotiladigan narsa emas, u Daniyaniki ham emas, balki grenlandiyaliklarning oʻz mulki», deb ta'kidlagan.

Bu rad javobidan soʻng, AQSh prezidenti Kopenhagenga rejalashtirilgan tashrifini bekor qildi. Bir necha oy oʻtib esa, Grenlandiya poytaxti Nuuk shahrida 1953 yildan beri yopiq boʻlgan AQSh konsulligi qayta ochildi.
Shundan soʻng, vaziyat barqarorlashgandek tuyulgandi. Frederiksen Trampning taklifi jiddiy emasligiga umid bildirgan: «Xayriyatki, davlatlar va xalqlarni sotish yoki sotib olish mumkin boʻlgan davrlar oʻtdi. Shu hazilni ham oʻsha erda qoldiraylik».
Biroq, oradan besh yil oʻtib, Tramp oʻz fikridan qaytmaganini va bu masalaga jiddiy yondashishini aniq koʻrsatmoqda.
Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen tan olishicha, uzoq yillar davomida Kopenhagen mudofaa xarajatlarini qisqartirib kelgan va Grenlandiya himoyasi uchun kerakli harbiy kemalar va samolyotlarni etarlicha sotib olmagan. Hozirda esa bu vaziyatni oʻzgartirishmoqchi.
Hukumat uchta yangi arktik patrul kemasini xarid qilish va it qoʻshilgan aravalardan foydalanadigan arktik razvedka va patrul boʻlinmalari sonini oshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Arktika va Shimoliy Atlantikada kuzatuv va razvedka tizimini rivojlantirish uchun 400 million dollar ajratildi. Bu mablagʻ uzoq masofaga ucha oladigan ikkita yangi dron xaridiga ham yoʻnaltiriladi.
Bundan tashqari, 27 yanvar kuni Kopenhagen Grenlandiya va Farer orollari bilan yangi mudofaa kelishuviga imzo chekdi va Arktikadagi harbiy mavjudlikni kuchaytirish uchun 14,6 milliard dat kroni (2,1 milliard dollar) ajratishini e'lon qildi. Taqqoslash uchun: oʻtgan yili Daniya oʻn yillik mudofaa xarajatlari uchun 26 milliard dollar ajratgandi (bu yiliga 2,6 milliard degani). Shuningdek, bu mablagʻning faqat bir qismigina Arktikaga sarflanishi rejalashtirilgandi.
BBC ma'lumotlariga koʻra, bu mudofaa kuchaytirish rejasi oldindan muhokama qilingan va uni Trampning soʻzlariga javob sifatida qabul qilish toʻgʻri boʻlmaydi.
Daniya oʻzini himoya qila olmaydi, Evropa esa ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda
Mudofaa xarajatlarini oshirish — Daniya hukumati koʻrayotgan choralardan biri xolos. Bundan tashqari, Kopenhagen tashqi koʻmak topishga urinayotgani ham ayon. 28 yanvar kuni bosh vazir Mette Frederiksen bir kunda Evropadagi uchta poytaxt shaharga tashrif buyurib, «kuchliroq va qat'iyroq Evropa» haqida soʻz yuritdi hamda xavfsizlik uchun koʻproq javobgarlikni oʻz zimmasiga olish zarurligini ta'kidladi.
Evropa siyosatchilari Daniya bosh vazirini qoʻllab-quvvatladi. Germaniya kansleri Olaf Shols «chegaralar zoʻravonlik yoʻli bilan oʻzgarmaydi» va «Evropa birlashgan holda harakat qiladi» deb ta'kidladi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa «Evropa davlatlari AQSh bilan hamkorlikning yangi bosqichiga oʻtishini tushunib etdi», deb fikr bildirgan.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte ham alyans a'zolari Arktika mudofaasini mustahkamlashi kerakligini tasdiqladi. Ammo eng keskin bayonot Avstriya generali va Evropa Ittifoqi harbiy qoʻmitasi raisi Robert Briger tomonidan berildi. U Grenlandiyaga Evroittifoq qoʻshinlarini joʻnatish imkoniyatini koʻrib chiqishni taklif etgan. Shu bilan birga, uning fikriga koʻra, bu kuchlar u erda AQSh harbiylari oʻrniga emas, balki ular bilan birgalikda joylashtirilishi kerak.
3 fevral kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen yana bir bor Grenlandiya «bizga tegishli va sotilmaydi» deb ta'kidladi. Shuningdek, u Evropa davlatlarini Donald Trampning tahdidlariga qattiq javob qaytarishga chaqirdi.
Biroq, Daniya hukumati AQSh bilan ochiq mojaroga kirishishni istamayapti. Financial Times ma'lumotlariga koʻra, Kopenhagen oʻzining Evroittifoq va NATOdagi ittifoqchilaridan ehtiyotkor boʻlishni soʻragan. Sabab aniq: Daniya Xalqaro munosabatlar instituti etakchi tadqiqotchisi Ulrik Pram Gadning TV2 telekanaliga bildirishicha, Daniya nafaqat Grenlandiyani, balki oʻz hududini ham mustaqil himoya qila olmaydi.
Daniya va AQSh rasmiylari oʻrtasida diplomatik muloqot saqlanib qolmoqda. 24 yanvar kuni Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashib, ikki davlat oʻrtasidagi mustahkam aloqalarni tasdiqladi.
Bir hafta oʻtib, Rasmussen Rubio bergan intervyuga izoh berarkan, AQShning ayrim manfaatlari Daniya manfaatlari bilan toʻliq mos kelishini ta'kidladi. Bosh vazir Mette Frederiksen ham Arktika mudofaa va xavfsizlik nuqtayi nazaridan tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini e'tirof etdi.
Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen AQSh prezidenti Donald Trampning Arktikadagi Xitoy va Rossiya tahdidlariga doir xavotirlarini jiddiy qabul qilayotganini namoyon etish taktikasini qoʻllamoqda. Uning ta'kidlashicha, agar asosiy maqsad mintaqa xavfsizligini ta'minlash boʻlsa, buni amalga oshirishning munosib yoʻllari mavjud:
«Agar maqsad dunyoning oʻzimiz tomondagi qismi xavfsizligini ta'minlash boʻlsa, biz bunga erishish yoʻllarini topa olamiz», — deydi Frederiksen.
Daniya Mudofaa akademiyasi mayori Steyen Kergor ham Trampning bu mavzuni koʻtarishi Daniyaga Grenlandiyadagi harbiy imkoniyatlarini kengaytirish uchun bosim oʻtkazishga qaratilgan boʻlishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Grenlandiyaliklarning oʻzi qanday fikrda?
Grenlandiya aholisi AQShning 51-shtatiga aylanish gʻoyasini rad etmoqda: soʻralganlarning 85 foizi bu taklifga qarshi, 55 foizi esa Daniya fuqaroligini saqlab qolishni ma'qul koʻradi. Shunga qaramay, 45 foiz respondentlar Trampning orolga qiziqishi yangi iqtisodiy imkoniyatlar olib kelishi mumkinligi, 43 foizi esa bundan xavotirda ekanini bildirgan.
Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede bu vaziyatda ehtiyotkorlikka chaqirib, AQSh bilan hamkorlikka tayyorligi, lekin Grenlandiyaning bosh maqsadi – toʻliq mustaqillikka erishish ekanini ta'kidladi. Orolning boshqa siyosiy kuchlari ham bu pozitsiyani qoʻllab-quvvatlamoqda.
Biroq, ba'zi ekspertlar hukumat harakatlarini tanqid qilmoqda. Grenlandiya Munitsipalitetlar uyushmasi sobiq rahbari Marta Labansen hukumatning vaziyat haqida ochiq gapirmasligini «demokratik mamlakat uchun sharmandalik» deb atadi. Grenlandiyadagi oʻzini oʻzi boshqaruvchi organlarning sobiq rahbari Kay Kleyst bosh vazir Mute Egedaning pozitsiyasi aholi oʻrtasida «Grenlandiyani oxir-oqibat kim nazorat qiladi: AQShmi yoki Daniya?» degan savolni paydo qilayotganini aytdi.
Hukumatdagi koalitsiyani tashkil etgan «Xalq birligi» partiyasi asoschisi Akkaluk Linge bunday ehtiyotkorlikni tabiiy deb hisoblaydi. Uning fikricha, Grenlandiya tarixida birinchi marta «orolning mavjudligi masala ostida qolgan» vaziyat yuzaga kelgan.
Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede va uning koalitsiyasi Trampning bosimiga keskin javob qaytarishdan tiyilmoqda. Bunga sabab – ikki oydan soʻng oʻtkaziladigan parlament saylovlari. Tashqi aralashuvning oldini olish uchun 3 fevral kuni hukumat parlamentga maxsus qonun loyihasini taqdim etdi. Unga koʻra, siyosiy partiyalarga xorijiy yoki anonim homiylardan mablagʻ olish taqiqlanadi, shuningdek, xususiy xayriya mablagʻlari 200 ming dat kroni (taxminan 27 700 dollar) bilan cheklanadi. Har bir donor esa 20 ming krondan ortiq xayriya qilolmaydi.
Ayni paytda Grenlandiya ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari aholini ortiqcha xavotirga tushmaslikka chaqirmoqda. «Bunday vaqtda asosiysi – xotirjamlikni saqlash. Chuqur nafas oling va real boʻlmagan stsenariylarga berilib ketmang», deydi psixolog Niina Isaksen Sermitsiaq gazetasiga intervyusida. Biroq, u aynan qaysi stsenariylar real va qaysilari fantastika ekanini aniqlashtirmagan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar