
Turkiya hukumati istanbulliklarni kuchli zilzila va tsunami xavfidan ogohlantirdi. 15 milliondan ortiq aholi yashaydigan megapolis shaharda 7 magnitudadan yuqori zilzila boʻlishi mumkin va bu balandligi 3-5 metrli tsunamiga sabab boʻladi. Qirgʻoqboʻyi hududlarda sirenalar oʻrnatilgan, aholiga xabarnomalar etkazish tizimi faol yoʻlga qoʻyildi. Istanbulda yashovchi oʻzbek jurnalisti Sohiba Hayotga koʻra, zilziladan qoʻrqib, Anqaraga koʻchib ketayotganlar ham bor.
Turkiya hukumati Santorini orolidagi seysmik faollik sabab ehtimoliy zilzila va tsunamiga tayyorgarlikni boshladi. Davlat tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga tayanib, qator turk OAV aholini kuchli er qimirlashidan ogohlantirmoqda. Qirgʻoqboʻyi hududlarda sirenalar oʻrnatildi, aholiga zilziladan avval sms-xabarlar joʻnatish tizimi faollashtirilmoqda. Turkiya matbuoti bunga jiddiy e'tibor qaratyapti.
Bugun Turkiyaning Istanbul shahrida yashovchi jurnalist Sohiba Hayot fikricha, zilzila mavzusi – turklar uchun doimiy kun tartibida. Uy xarid qilishda, ish tanlashda, yashash uchun shahar tanlashda aytiladigan kriteriyalardan biri – zilzilaga bogʻliq boʻladi.
“Etti balldan yuqori zilzila boʻlishini xabar qilishmoqda, matbuot ham shuni gapiryapti va odamlardan tayyor turish soʻraldi. Albatta, zilzilaning oldini olib boʻlmaydi, lekin davlat tabiiy ofatning xavfini kamaytirishi mumkin. Targʻibot va ogohlantirish ishlari juda yaxshi ketyapti, deya olaman. Boshqarma xodimlari mahallalarda uyma-uy ham yurishibdi. Zilzilada eng katta xavf bu – uylarda, hukumatning hozirgi birlamchi qilayotgan ishi shu uylarni tekshirish boʻlyapti. Eskilarini buzib, yangisiga odamlarni koʻchirish kerak” – Sohiba Hayot, jurnalist.
Lekin odamlarni mustahkam va baquvvat uylar bilan ta'minlash ishi ham oson emas. Chunki Istanbulda 15 milliondan ortiq aholi yashaydi va qisqa muddatda hammani yangi binolarga koʻchirib oʻtkazish – imkonsiz.
2023 yil fevral oyidagi zilzilalar va ularning ayanchli oqibati 50 mingdan ortiq kishining qurbon boʻlishiga olib kelgan. Hozirda u hududlarda hali-hanuz qurilish va odamlarni uy-joy bilan ta'minlash ishlari davom etmoqda. Shunday sharoitda hukumat qurilish standartlari va zilzilaga bardoshli binolarni saqlab qolish ishida qat'iy turibdi.
Suhbatdoshimizga koʻra, odamlar zilzila mavzusiga koʻnikkan. Chunki zilzila va tabiiy ofatlar Istanbul aholisi uchun yangilik emas hamda turklar hayotining bir qismiga aylangan, ular buni oddiy qabul qiladi, deydi Sohiba Hayot.
“Lekin odamlar ikki xil, zilziladan juda qoʻrqadiganlar ham bor. Mana shu er qimirlashidan ogohlantirishganidan keyin Istanbul va uning atrofida turuvchilar zilzila ehtimoli kam deb Anqaraga ham koʻchib ketishdi, shunday oʻzbeklarni ham bilaman. Shahar bilan bogʻlanganlar, uyi, ish joyi shu erda boʻlganlar Istanbuldan ketolmaydi. Ular ehtiyot chorasini koʻrib qoʻygan, deylik kerakli narsalari va hujjatlarini bir joyda saqlaydi” – Sohiba Hayot, jurnalist.
2023 yildagi dahshatli zilzilalar ortidan hudud aholisining hukumat va bevosita prezidentdan noroziligi kuchaygan edi. Saylov oldidan roʻy bergan bu tabiiy ofat Erdoʻgʻan va uning ma'muriyati uchun katta minus boʻldi, biroq prezident jamoasi faollik bilan ishlab, xalq bilan birga boʻlishga harakat qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda norozilik kuchli, lekin hayotda odamlar tinch va Erdoʻgʻanni yaxshi koʻradi, deydi jurnalist.
“Bilasizmi, 2023 yilgi zilzila boʻlgan hududlarning har biriga borib, materiallar tayyorlar ekanman, odamlar yuz-koʻzida siyosatdan norozilik va tushkunlikni koʻrdim. Biroq, juda kuchli darajada emas, deyarli hamma omon qolganiga shukr qiladi. Qisqa vaqt ichida odamlarga yangi uylar qurib berish va'dasi ularni tinchlantirgandi, lekin oʻtgan yili borganimda koʻrdimki, aholining yarmi haliyam chodirlarda yashayapti. Erdoʻgʻanga kelsak, undan norozilar koʻp, lekin baribir xalq yaxshi koʻradi” – Sohiba Hayot, jurnalist.
Turkiya oʻzbek muhojirlari eng koʻp boradigan va oʻzbek diasporasi eng koʻp yashaydigan davlatlardan biri. Ehtimoliy zilzila ularga ham xavf soladi va yurtdoshlarimizning ayni kunlardagi kayfiyati xususida jurnalistdan soʻrar ekanmiz, migrantlar uchun zilzila mavzusi birinchi oʻrinda turmaydi, deydi suhbatdoshimiz.
"Ishim bevosita migrantlar bilan bogʻliq. Ular bilan koʻp suhbatlashganim uchun ayta olamanki, muhojirlar uchun ish haqi, ishlash sharoitlari eng muhim. Undan keyingina bizning oʻzbeklar hujjatlarga e'tibor qaratadi va zilzila hamda yashash sharoitlari oxirgi oʻrinda qolaveradi. Chunki muhojirlar zilzila xavfi tufayli ishini tashlab ketib qolmaydi, ular uchun pul ishlab topib, uyiga joʻnatish doim birinchi oʻrinda turadi” – Sohiba Hayot, jurnalist.
Eslatib oʻtamiz, 7 fevraldan beri Egey dengizida 3 balldan yuqori boʻlgan 761 ta zilzila sodir boʻlgan. Bu seysmik faollik aynan Istanbulga xavf solmoqda.
“Egey dengizida doimiy ravishda erosti silkinishlari kuzatilmoqda. Bu seysmik faollik natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan kuchli zilzila, tsunami yoki vulqon otilishi kabi hodisalarning oqibatlari Turkiyaga etib kelishi ehtimoli mavjud”, deyiladi tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (AFAD) xabarida.
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar