date
views 2 087

Apple yuk samolyotlari orqali 1,5 million iPhone'ni AQSHga olib o‘tdi

Apple yuk samolyotlari orqali 1,5 million iPhone'ni AQSHga olib o‘tdi
Apple kompaniyasi AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan yangi bojxona tariflaridan qutulish maqsadida g‘ayrioddiy va shoshilinch strategik qadam tashladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya Hindistonda ishlab chiqarilgan taxminan 600 tonna iPhone smartfonlarini yuk samolyotlari orqali AQSHga jo‘natdi.

Nega shoshilinch jo‘natma?

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Apple mart oyidan buyon har biri 100 tonna sig‘imga ega oltita yuk samolyoti orqali mahsulotlarni olib o‘tmoqda. Ulardan biri hatto yangi bojlar kuchga kirishidan bir necha kun oldin AQSHga yetib borgan.

Bunday shoshilinch harakatlar kompaniyaning 145% boj to‘lovlaridan qutulish uchun amalga oshirilgani aytilmoqda. Chunki Applening asosiy ishlab chiqarish markazi Xitoyda joylashgan bo‘lib, aynan shu yurtidan keladigan mahsulotlarga tariflar keskin oshirildi.

Apple'ning “yashil koridori” — Hindistonda ham ishga tushdi

Apple kompaniyasi Hindistondagi Chennay aeroportida maxsus “yashil koridor” tashkil etishni so‘ragan. Natijada bojxona rasmiylashtiruvi muddati 30 soatdan 6 soatgacha qisqartirildi. Bu usul Applening Xitoydagi ayrim logistika modellariga juda o‘xshaydi.

Qancha smartfon olib o‘tilgan?

Reuters hisob-kitobiga ko‘ra, qadoqlangan iPhone 14 va zaryadlovchi qurilmasi o‘rtacha 350 grammni tashkil etadi. Demak, 600 tonnalik yuk taxminan 1,5 million dona iPhone smartfonga to‘g‘ri keladi.

Amerika bozori uchun kurash

Apple har yili dunyo bo‘ylab 220 milliondan ortiq iPhone sotadi. Counterpoint Research tahlillariga ko‘ra, hozirda AQSHda sotilayotgan iPhone'larning 20 foizi Hindistonda, qolganlari esa Xitoyda ishlab chiqarilgan.

Biroq bojlar orqali yuzaga kelgan jiddiy xavf kompaniyani logistika va ishlab chiqarish strategiyasini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. Agar bojlar saqlanib qolsa, iPhone narxlari uch barobargacha qimmatlashishi mumkin.

Apple shoshilinch va oqilona harakatlar orqali nafaqat bojlardan qochishga, balki o‘zining eng muhim bozorlaridan biri — AQSHdagi pozitsiyasini saqlab qolishga harakat qilmoqda. Bu bir tomondan logistikadagi yuksak darajani, ikkinchi tomondan esa kompaniyaning global siyosiy vaziyatlarga qanchalik tez moslasha olishini namoyon etmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo