date

Chernogoriya Oʻzbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qildi

Chernogoriya Oʻzbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qildi

Chernogoriya hukumati Oʻzbekiston, Armaniston va Misr fuqarolarini vizadan vaqtincha ozod etuvchi avvalgi qarorni toʻxtatish haqida rasmiy qaror qabul qildi. Bu haqdagi maʼlumot 2025 yil 9 oktyabr kuni bosh vazir Miloǰko Spaiç raisligida oʻtgan Vazirlar Mahkamasining 98-sessiyasida eʼlon qilindi.

Hukumat maʼlumotida taʼkidlanishicha, mazkur qaror Yevropa Ittifoqiga qoʻshilish jarayoni doirasida Chernogoriyaning viza siyosati boʻyicha majburiyatlariga muvofiq qabul qilingan. Davlat 2024–2027 yillar uchun belgilangan “Islohotlar kun tartibi” asosida YI ning umumiy viza siyosati bilan uygʻunlashishda davom etmoqda.

“Bu qaror orqali Chernogoriya Yevropa Ittifoqiga toʻliq aʼzo boʻlish yoʻlida oʻz majburiyatlariga sodiq ekanini yana bir bor namoyon qildi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston, Armaniston va Misr fuqarolari uchun vizadan vaqtincha ozod qilish haqidagi avvalgi qarorlar amaldan chiqarildi”, — deyiladi hukumat bayonotida.

Vazirlar Mahkamasi shuningdek, viza rejimi toʻgʻrisidagi nizomga tegishli oʻzgartirishlar kiritdi. Unga koʻra, endi Oʻzbekiston fuqarolari Chernogoriya hududiga kirish uchun viza olishi shart boʻladi. Yangi tartib 2025 yil 29 oktyabrdan amalga kirishi belgilangan.

Eslatib oʻtamiz, Chernogoriya hukumati 2023 yil iyun oyida Oʻzbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni joriy etgan edi. Shu bilan birga, ikki davlat oʻrtasida doimiy toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar yoʻlga qoʻyilgan va turizm sohasida hamkorlik faol rivojlangandi.

Ekspertlar fikricha, yangi qaror Chernogoriyaning Yevropa Ittifoqi bilan siyosiy va huquqiy standartlarni uygʻunlashtirish jarayonining bir qismi boʻlib, davlatning YI ga toʻliq aʼzolik sari intilishini yanada tezlashtirishga qaratilgan.

Shunday qilib, 2025 yil kuzidan boshlab Oʻzbekiston fuqarolari Chernogoriyaga safar qilish uchun oldindan viza rasmiylashtirishi talab etiladi. Bu oʻzgarish turizm va ishbilarmonlik safarlariga maʼlum taʼsir koʻrsatishi mumkin, biroq mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar oʻz kuchida qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Chernogoriya Oʻzbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qildi