date

Tramp Netanyahuni himoya qildi: “Afv eting uni, janob prezident!”

Tramp Netanyahuni himoya qildi: “Afv eting uni, janob prezident!”

AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil rahbariyatiga murojaat qilib, korrupsiya va suiiste’mol ayblovlari bilan sudga tortilgan bosh vazir Binyamin Netanyahuni afv etishni so‘radi. Bu haqda u dushanba kuni Knessetdagi chiqishida ma’lum qildi.

Mamlakat qonunlariga ko‘ra, agar sud Netanyahuni aybdor deb topsa, uni afv etish vakolati faqat prezident Itxak Gertsogda bo‘ladi.

“Mening fikrim shunday: janob prezident, nega uni afv etish mumkin emas?! Afv eting uni. Bu to‘g‘ri qaror bo‘ladi. Urush paytida u katta yetakchi sifatida ish tutdi. Sigara va shampan vinosi, jin ursin — bunday mayda narsalar kimni qiziqtiradi?!” — dedi Tramp.

Trampning bu bayonoti Isroilda ham, xalqaro miqyosda ham katta bahslarga sabab bo‘ldi. Chunki Netanyahu hozirda poraxo‘rlik, firibgarlik va vakolatni suiiste’mol qilish ayblovlari bo‘yicha sudlanayotgan ilk amaldagi bosh vazir hisoblanadi.

Unga qarshi ish 2019 yilda ochilgan bo‘lib, tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u milliarder va prodyuser Arnon Milchandan tijoratdagi yordami evaziga qimmatbaho sovg‘alar olgan. Shuningdek, Bezeq telekomiga aloqador Walla axborot sayti orqali ijobiy materiallar chop etilishi uchun imtiyozlar bergani aytiladi.

Prokurorlar ma’lumotiga ko‘ra, u shunday yo‘l bilan 475 ming yevroga teng iqtisodiy afzallik taqdim etgan. “Yedioth Ahronoth” nashri bilan ham shunday kelishuv bo‘lgani ta’kidlanadi.

Bosh vazir esa barcha ayblovlarni rad etib, ularni “siyosiy bosim va tuzoq” deb ataydi. Sud jarayoni hali ham davom etmoqda, ammo Netanyahu davlat ishlari bahonasida uni bir necha bor kechiktirgan.

Undan tashqari, Xalqaro jinoyat sudi ham Netanyahuga qarshi og‘ir jinoyatlar bo‘yicha tergov olib bormoqda. 2024 yil 21 noyabrda XJS uni G‘azo sektorida urush va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgani uchun hibsga olish orderini chiqargan.

Ayblovga ko‘ra, Isroil rahbariyati G‘azo aholisi suv, dori-darmon, oziq-ovqat va elektr kabi zarur ehtiyojlardan qasddan mahrum qilgan.

Shu orderga qaramay, Netanyahu 2025 yil aprelida Vengriyaga tashrif buyurgan va bu xalqaro huquqqa zid holat sifatida baholangan.

Donald Tramp esa Isroilning doimiy himoyachisi bo‘lib kelgan. Uning ma’muriyati G‘azodagi harbiy harakatlar va Eron qarshi siyosiy bosimda Tel-Avivni ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlagan.

Hatto, Xalqaro jinoyat sudi Netanyahuga nisbatan ish qo‘zg‘atgandan so‘ng, Tramp ma’muriyati ushbu xalqaro organga nisbatan sanksiyalar joriy etgan edi. Bu voqea jahonda “AQShning inson huquqlariga zid harakati” sifatida ta’riflangan.

Shunday qilib, Trampning bu bayonoti nafaqat Netanyahuga siyosiy himoya sifatida baholanmoqda, balki AQShning Yaqin Sharqdagi pozitsiyasi yanada keskinlashishiga olib kelishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Netanyahuni himoya qildi: “Afv eting uni, janob prezident!”