
Foto: The Sun
AQSHda yashovchi Loren Bennon bir necha oy davomida sog‘lig‘idan tashvishlanib yurdi. 2024 yil fevral oyidan boshlab uning jimjiloq barmog‘i tongda va kechqurun qattiqlashib, bukilishda qiyinchilik tug‘dira boshladi. Loren mutaxassislarga murojaat qilgan, ular esa unga revmatoid artrit tashxisini qo‘yishgan. Lekin bu kasallik uchun o‘tkazilgan test natijalari salbiy chiqdi.
Bir necha oy o‘tib, Loren oshqozonida kuchli og‘riq his qila boshladi. Bu safar shifokorlar uning ahvolini kislotali refluks bilan izohlashdi. Ammo ayol shifokorlarning aytgan tashxislariga ishonchsizlik bildira boshladi va o‘zini qiynayotgan belgilarni sun’iy intellekt — ChatGPT chatbotiga yozib ko‘rdi.
Ta’sirli jihati shundaki, sun’iy intellekt Lorenda qalqonsimon bez bilan bog‘liq Hashimoto kasalligi borligini aniq va darhol taxmin qildi. Bu autoimmun xastalik bo‘lib, qalqonsimon bez yallig‘lanishi bilan xarakterlanadi. Loren bu ma’lumot bilan shifokorga murojaat qilganida, mutaxassis bunday tashxisning unda bo‘lishi mumkinligini rad etib, oilasida bu kasallik kuzatilmaganini ta’kidladi.
Biroq Loren o‘z fikrida qat’iy turib, shifokorlardan ushbu kasallik bo‘yicha ham tekshiruv o‘tkazishni iltimos qildi. Test natijalari esa ayolda haqiqatan ham Hashimoto kasalligi mavjudligini tasdiqladi. Keyingi bosqichda o‘tkazilgan qalqonsimon bezning ultratovush tekshiruvi natijasida Lorenning bo‘ynida ikkita saraton o‘smasi ham aniqlandi.
2025 yilning yanvar oyida Loren qalqonsimon bez va ikki limfa tugunini olib tashlash bo‘yicha operatsiya o‘tkazdi. Hozirda u hamon shifokorlar kuzatuvida qolmoqda.
Lorenning ta’kidlashicha, agar ChatGPT unga bu tashxisni aniqlab bermaganida, Hashimoto kasalligining klassik belgilarini namoyon etmagani sababli, shifokorlar saratonni payqamay qolishi mumkin edi.
«Shifokorim menga omadim chopganini, kasallik erta bosqichda aniqlanganini aytdi. Agar sun’iy intellektdan foydalanmaganimda, kasallik tarqalib ketgan bo‘lardi, buni aniq bilaman», – deydi Loren Bennon.
Bu holat sun’iy intellektning tibbiyot sohasida qanchalik foydali vosita bo‘lishi mumkinligini yana bir bor isbotladi. Hikoya millionlab insonlarni hayratga soldi va bu sohada yangi imkoniyatlarni ochishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar