date
views 290

Xitoy AQSHga qarshi kurashda qanday «qurol»larga ega?

Xitoy AQSHga qarshi kurashda qanday «qurol»larga ega?
Dunyodagi ikki eng yirik iqtisodiyot – AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi kun sayin kuchayib, global iqtisodiy inqiroz xavfini yanada yaqqol ko‘rsata boshladi. Donald Tramp ma’muriyati Xitoy tovarlariga qarshi 245 foizgacha yetadigan ulkan tariflarni joriy qilgan bo‘lsa, Pekin bu harakatga javoban AQSH mahsulotlari importiga 125 foizlik bojlarni o‘rnatib qo‘ydi.

Xo‘sh, Xitoyning Tramp siyosatiga qarshi javob zarbalari nimalardan iborat va bu savdo urushida Pekin qanday kuchga ega? BBC tahlilchilari bu savollarga atroflicha javob berishgan.

Xitoy iqtisodiy inqirozga qarshi tura oladi

Aholi soni 1,4 milliarddan oshib ketgan Xitoy dunyodagi ikkinchi eng yirik iqtisodiyot hisoblanadi va global inqirozlarga qarshi turuvchi ulkan ichki bozori bor. Tramp joriy qilgan yuqori bojlar Xitoy eksportchilariga og‘ir bosim o‘tkazayotgan bo‘lsa-da, mamlakatning ichki iste’mol salohiyati bu ta’sirni ancha yengillashtirmoqda.

Bu vaziyatda Xitoy Kommunistik partiyasi ichki bozor va milliy mahsulotlarga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Hozir Pekin g‘oyat tashvishli kayfiyatda bo‘lishiga qaramay, o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini saqlab turibdi.

Xitoy kelajak texnologiyalariga katta sarmoya kiritmoqda

Xitoy uzoq vaqt dunyo sanoatining markazi bo‘lgan. Lekin prezident Si Szinpin davriga kelib, mamlakat iqtisodiyoti nafaqat ishlab chiqarish, balki yuqori texnologiyalar sohasida ham AQSH bilan raqobatga kirisha boshladi. Hozirgi vaqtda Xitoy sun’iy intellekt (SI), qayta tiklanuvchi energiya, chiplar kabi innovatsion sohalarda yetakchilik qilishga harakat qilmoqda.

Xitoylik ishlab chiqaruvchi BYD kompaniyasi 2024 yili Tesla'ni ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchiga aylandi. Shuningdek, sun’iy intellekt sohasida ChatGPT'ga raqobatchi sifatida DeepSeek nomli Xitoy chatboti paydo bo‘ldi. Apple esa mahalliy brendlar – Huawei va Vivo kabi raqiblariga bozor ulushini boy berib bormoqda.

Pekin keyingi o‘n yil mobaynida sun’iy intellekt sohasini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 trillion dollardan ortiq mablag‘ ajratishini ma’lum qildi.

Trampdan keyin Xitoy saboq oldi

2018 yilda Donald Tramp Xitoyning quyosh panellari importiga boj solgan paytdan boshlab, Pekin o‘zining tashqi savdo aloqalarini diversifikatsiya qilishni boshladi. Hozirda Xitoyning eng yirik savdo sherigi AQSH emas, balki Janubi-Sharqiy Osiyo hisoblanadi.

Xitoy 2023 yilda 60 dan ortiq davlat bilan savdo aloqalarini kuchaytirdi, bu esa AQSHning savdo sheriklaridan qariyb ikki baravar ko‘p deganidir. Shuningdek, 2024 yilning oxirida Xitoy rekord darajadagi 1 trillion dollarlik foyda bilan jahonning eng yirik eksportyoriga aylandi.

Xitoy AQSH obligatsiyalariga bosim qila oladi

Xitoyning yana bir muhim ustunligi AQSH davlat obligatsiyalari bozoridagi mavqeidir. Hozirda Xitoyning qo‘lida 700 milliard dollardan ortiq AQSH obligatsiyalari mavjud. Bu Pekinga AQSH iqtisodiyotiga bosim o‘tkazishda muhim qo‘shimcha «kozir» kartalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Noyob minerallar bilan javob zarbasi

Xitoyning eng muhim kuchli tomonlaridan biri – bu dunyodagi eng katta noyob minerallar zaxiralari va ularni qayta ishlashdagi deyarli monopoliyasi hisoblanadi. Xitoy sun’iy intellekt chiplari, elektromobillar va shamol turbinalari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan disproziy, ittriy kabi minerallarning asosiy ta’minotchisi hisoblanadi.

Tramp yangi bojlarni joriy qilgandan keyin, Pekin ushbu noyob minerallarning eksportini cheklash orqali javob qaytardi. Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda noyob yer minerallarining 61 foizi qazib olish va 92 foizi qayta ishlash bo‘yicha Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash mumkinki, Xitoy ushbu savdo urushining iqtisodiy ta’siridan o‘zini himoya qilish uchun bir qator muhim vositalarga ega. Pekin nafaqat kuchli ichki bozori, balki texnologik innovatsiyalar, global savdo aloqalari va strategik resurslarini ishga solib, AQSHning bojlarga asoslangan bosimiga qarshi samarali turishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy AQSHga qarshi kurashda qanday «qurol»larga ega?