Turkiya futbol muhitida yangi sensatsiya muhokama qilinmoqda. Mamlakatning etakchi klublaridan biri — “Galatasaray” qishki transfer oynasida “Liverpul”ning yulduz futbolchisi Muhammad Saloҳni oʻz saflariga qoʻshib olish niyatida ekani maʼlum boʻldi. Bu haqda turk OAV xabar bermoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, misrlik hujumkor vingerning oʻzi ham bu taklifni ijobiy qabul qilgan. Manbalar taʼkidlashicha, Saloҳ Turkiyadagi muhit va muxlislarning jonkuarligi bilan allaqachon qiziqib qolgan. Ayni paytda u “Galatasaray” stadionidagi atmosferani “energiya va ishtiyoq bilan toʻlgan” deb taʼriflagan va bu unga katta ilhom bergan.
Transfer qishda amalga oshishi mumkin. Biroq agar tomonlar oʻzaro kelishuvga erisha olmasa, muzokaralar yozgi oylarda davom etishi ehtimoli bor.
“Liverpul” klubi hozircha rasmiy izoh bermagan boʻlsa-da, jamoa bosh murabbiyi Arne Slot Saloҳning jamoada beqiyos oʻrin tutishini bir necha bor taʼkidlab kelgan. Shu bois, agar Angliya klubi uni qoʻyib yuborishga rozi boʻlsa, bu jahon futbolidagi eng shov-shuvli qishki transferlardan biri boʻlishi aniq.
Muhammad Saloҳning “Liverpul” bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil yozigacha moʻljallangan. Transfermarkt portali maʼlumotlariga koʻra, futbolchining bozor qiymati 50 million yevroga baholangan.
Turkiya futboli muxlislari esa bu yangilikni hayrat va umid bilan kutib oldi. Koʻpchilikning fikricha, agar Saloҳ “Galatasaray”ga qoʻshilsa, bu nafaqat klub uchun, balki butun turk futboli uchun yangi davr boshlanishini anglatadi.
Bu ehtimoliy bitim, shubhasiz, qishki transfer bozorining eng qiziq mavzusiga aylanishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!