date
views 126

Trampning yangi Yaqin Sharq doktrinasi: Isroildan voz kechishmi?

Trampning yangi Yaqin Sharq doktrinasi: Isroildan voz kechishmi?
Odatda Donald Tramp va Yaqin Sharq mavzusi muhokama qilinganda diqqat markazida eng avvalo Isroil omili turadi. U AQSH elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirib tanqidlar ostida ham qolgandi. Ammo AQSH prezidentining bu galgi Yaqin Sharq safarining so‘nggi manzili ham Tel-Aviv emas. Rekord darajadagi kelishuvlar, Trampga shohona munosabat, arablarga hurmat, Eronga qaratilgan tanqid bilan shov-shuvga aylangan safar.

Kun.uz studiyasida Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspertlar Farhod Karimov, Shavkat Ikromov va Habibulloxon Azimov mavzu yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tramp nega Yaqin Sharq safarini Saudiyadan boshladi?

Farhod Karimov: Tramp Amerika Qo‘shma Shtatlarining iqtisodiy jihatdan qayta qudratini tiklash, dunyodagi ta’sir doirasini va buyukligini yana qaytarishini e’lon qilgan edi. Bu birinchi saylov davrida ham tushunarli bo‘lgan va birinchi tashrifini ham aynan Yaqin Sharq mintaqasi, xususan, Saudiya Arabistondan boshlagan. O‘shanda ham arab mamlakatlari bilan uchrashib, asosiy maqsadimiz kapitalga ega bo‘lgan davlatlar va subyektlarga qaratiladi degan edi.

Dunyodagi asosiy investitsion loyihalar paketlari hozirgi kunda arab davlatlarida, AQSHning maqsadi esa Xitoy bilan raqobat qilish va undan ustun keladigan iqtisodiyotni tiklash. Tramp uchun bunday kapital hozir suv va havodek zarur. Tramp biznesmen va u aynan shunga e’tibor beradi. Saudiya Arabistoni esa shu kapitalga ega bo‘lgan arab va musulmon davlatlari ichida eng kattasi va asosiysi hisoblanadi.

Shu nuqtayi nazardan Yaqin Sharqqa bo‘lgan tashrif aynan Saudiya Arabistonidan boshlandi va e’tibor beradigan bo‘lsa, eng ko‘p muddat ham Saudiya Arabistonida bo‘ldi. Uchrashuvlar deyarli ikki kun davom etdi va bu yerda ko‘rilgan va muhokama qilingan masalalarning aksariyati iqtisodiy mavzular edi. Ya’ni Vashington arab davlatlariga nima taqdim eta oladi, Xitoy va boshqa davlatlar bu ehtiyojni qondirib ko‘ymasdan oldin AQSH uchun buyurtmalar olish birinchi masala bo‘ldi.

Manzillar orasida nega Isroil yo‘q, Tel-Avivga nisbatan munosabat o‘zgardimi yoki Trampning vaqtincha jazo chorasimi?

Habibulloxon Azimov: Tramp haqiqatan juda ham isroilparast prezident, Tramp davrida Isroilning AQSHdagi diplomatik vakolatxonalari Quddusga ko‘chirildi. Chunki saylovoldi kompaniyasi vaqtida ham yahudiy lobbiylari Trampni qo‘llagan. Lekin bugungi Trampning Yaqin Sharq mintaqasidagi siyosati o‘zgarganini ko‘rib turibmiz, chunki Tramp haqiqatan bugun prezidentdan ko‘ra biznesmen ekani bilinib qolmoqda. Uning moliya va kapitalga bo‘lgan intilishi Amerikaning Isroilga munosabatini bir chekkaga surib qo‘yishga majbur qilyapti. Trampning Netanyahu bilan bog‘liq muammolari bor, chunki Netanyahu mintaqada tinchlik bo‘lishini xohlamayapti.

Ya’ni u bugun Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi yahudiy diasporasidan foydalangan holda, Amerikani Eron bilan qarama-qarshi holatga ham majburlayotganini ko‘rib turibmiz. Tramp Isroilning xavfsizligi va davlatchiligidan yuz o‘girolmaydi, faqatgina Netanyahusiz mintaqada tashqi siyosat olib boryapti. Bugun Isroilda Netanyahu davri tugab, hukumat almashadigan bo‘lsa, albatta, Amerika Qo‘shma Shtatlari Isroilning mintaqadagi xavfsizligi, iqtisodiy, siyosiy holati barqarorligi uchun har doimgidek ko‘mak beradi.

Shavkat Ikromov: Tramp Yevropa davlatlari bilan juda ijobiy munosabatlardan emas, u Yevropa davlatlarini juda ko‘p tanqid qildi. Shu sababdan Yevropa davlatlaridan bunday tashrifni hech kim kutmagan edi. Kanadaga nisbatan ham tajovuzkor chiqishlar qilgan. Demak asosiy fokus Saudiya Arabistoniga qaratildi, Ar-Riyodga kelishidan avval G‘arb matbuotida “Oq uyning eng katta savdogari — Saudiya Arabistonida” nomli maqola chiqdi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, tashrifdan asosiy maqsad beznes maqsadlar hisoblanadi. Ya’ni Amerikani yanada qudratli qilish uchun Amerikaga investitsiyalar jalb qilish kerak. Yevropa davlatlari ham ehtimol investitsiya kiritishi mumkin edi, lekin Qo‘shma Shtatlar tomonidan taklif qilinayotgan sohalar Yevropa davlatlarini qiziqtirmaydi. Lekin bir tomonini e’tiborga olishimiz kerakki, arablar juda mohir savdogarlar hisoblanadi.

Xususan, shahzoda Muhammad bin Salmon tadbirkorlik sohalari va uni samara bilan yuritish bo‘yicha juda yaxshi bilimlarga ega ekanini Trampning o‘zi ham e’tirof etdi. Trampning birinchi tashrifidagi asosiy kelishuvlar rekord darajadagi qurol-yarog‘ shartnomasi masalasida edi, bu safar esa asosan qurilish, xizmat ko‘rsatish, yuqori texnologiyalar va sun’iy intelekt sohalarida shartnomalar imzolangan. G‘arb matbuoti e’tibor qaratgan nuqtalardan biri, imzolangan shartnomalar asosan Tramp va uning atrofidagilar manfaati bilan bog‘liq.

Shuningdek Saudiya bilan imzolangan 600 milliard dollar, bu hozircha faqat raqamlar ko‘rinishida, bu raqamlar haqiqatan ham realizatsiya qilinadimi, hozircha noaniq. Tramp prezidentlikka kelganiga yuz kundan oshdi, u xalqqa nimadir ko‘rsatish kerak va mamlakatga mana, investitsiyalar olib kelyapman, deyishi uchun qo‘l keladi.

Shuningdek, suhbat davomida Trampning Suriya muvaqqat rahbari Ahmad ash-Shar’adan talablari, Falastinning tan olinishi, Qatar va BAAdagi uchrashuvlar mohiyati, mintaqada Xitoy-AQSH raqobati kabi mavzular ham muhokama qilindi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Trampning yangi Yaqin Sharq doktrinasi: Isroildan voz kechishmi?