date

Qirg‘izistonda o‘lim jazosi qayta joriy etilishi bo‘yicha muhokama boshlandi

Qirg‘izistonda o‘lim jazosi qayta joriy etilishi bo‘yicha muhokama boshlandi

Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati mamlakat Konstitutsiyasiga o‘lim jazosini qayta kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga chiqardi, deb xabar berdi Kabar.kg.

Hujjatning asosiy maqsadi — bolalar va ayollarni og‘ir jinoyatlardan, jumladan, zo‘ravonlik va qotillikdan himoya qilishni kuchaytirishdan iborat. Tashabbus mualliflariga ko‘ra, mamlakatda bunday jinoyatlar soni ortib borayotgani sababli aybdorlar uchun “jazoning aniq chegarasi”ni belgilash zarur bo‘lib qolgan.

“Bolalar va ayollarga nisbatan shafqatsiz zo‘ravonlik sodir etgan har qanday shaxs jamiyatdan butunlay chetlatilishi va eng og‘ir jazoga — o‘lim hukmiga tortilishi mumkin bo‘lgan vaqt keldi”, — deyiladi loyihada.

Hozirda Qirg‘izistonda o‘lim jazosi amalda taqiqlangan. Bu taqiq Konstitutsiyaning 25-moddasi 1-qismida mustahkamlangan. Yangilangan loyiha bo‘yicha, 2010 yilda mamlakat qo‘shilgan BMTning “o‘lim jazosini taqiqlovchi Ikkinchi fakultativ protokoli” ham kuchini yo‘qotadi.

Tushuntirish xatida ta’kidlanishicha, o‘lim jazosi faqat eng og‘ir jinoyatlar uchun, jinoyat sodir etilgan paytda amal qilgan qonunlar asosida va vakolatli sudning yakuniy hukmiga binoan qo‘llanilishi mumkin. Bu jarayon xalqaro huquq normalari va genotsidning oldini olishga oid konventsiya talablariga zid bo‘lmasligi kerak.

Prezident Sadir Japarov ushbu tashabbusni oktyabr oyi boshida ilgari surgan edi. U bolalarni zo‘rlagan yoki ayollarni zo‘rlab, o‘ldirgan shaxslar uchun o‘lim jazosini joriy etishni taklif qildi. Bu qaror Issiqko‘l viloyatida 2008 yilda tug‘ilgan qizning shafqatsiz tarzda zo‘rlanishi va o‘ldirilishi bilan bog‘liq holatdan so‘ng paydo bo‘ldi.

Aybdor sifatida gumonlangan shaxs allaqachon qo‘lga olingan. 4 oktyabr kuni Japarov “o‘lim jazosi bo‘yicha qonun loyihasi umumxalq ovoziga qo‘yilishi mumkin”, — deb bayonot bergan edi.

Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonda o‘lim jazosi 1998 yilda moratoriy e’lon qilinganidan so‘ng to‘xtatilgan, 2007 yilda esa umrboqiy qamoq jazosi bilan to‘liq almashtirilgan. 2010 yilda mamlakat o‘lim jazosini qayta joriy etmaslik majburiyatini o‘z zimmasiga olgan xalqaro protokolni ratifikatsiya qilgan.

Agar yangi tashabbus qo‘llab-quvvatlansa, Qirg‘izistonda o‘lim jazosini tiklash uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish va umumxalq referendumi o‘tkazish talab etiladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, mazkur tashabbus mamlakatda keskin muhokamalarga sabab bo‘ladi — biri adolat talabini qo‘llab-quvvatlasa, boshqalar insonparvarlik tamoyillariga zid deb hisoblamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘izistonda o‘lim jazosi qayta joriy etilishi bo‘yicha muhokama boshlandi