
Hozirgi zamonda internet va ijtimoiy tarmoqlar har birimiz hayotining ajralmas qismiga aylangan. Biroq yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot o‘smirlar ruhiyati uchun bu tarmoqlarning foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. San-Fransiskodagi Kaliforniya universitetining olimlari tomonidan amalga oshirilgan keng qamrovli tadqiqot natijalariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘proq vaqt o‘tkazish o‘smirlarda depressiya belgilarining kuchayishiga olib kelmoqda.
Tadqiqot muallifi, universitetning pediatriya kafedrasi dots.nti, tibbiyot fanlari doktori Jeyson Nagata boshchiligidagi olimlar guruhi tomonidan, 9-10 yoshdagi 12 ming nafarga yaqin bolalar ma’lumotlari tahlil qilingan. Ushbu bolalarning rivojlanishi uch yil davomida kuzatilib, 12-13 yoshga yetgan davrida ham yana bir bor qayta ko‘rib chiqilgan. Tahlil natijalari esa tashvishli manzarani ochib bergan.
Olimlar fikricha, o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazgan vaqti qanchalik ko‘p bo‘lsa, ularning ruhiy holati shunchalik yomonlashgan. Bu jarayon bir tomonlama bo‘lib, aks holat kuzatilmagan: ya’ni depressiya holati kuchliroq bo‘lgan bolalar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘proq vaqt o‘tkazmagan. Demak, aynan ijtimoiy tarmoqlarning ortiqcha iste’moli o‘smirlarda depressiyani keltirib chiqaruvchi asosiy sabablardan biri hisoblanadi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 3 yil davomida bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazgan vaqti kuniga o‘rtacha 7 daqiqadan 73 daqiqagacha keskin o‘sgan. Bu esa o‘smirlarda kuzatilgan depressiya belgilari 35 foizga oshishiga olib kelgan. Hatto kuniga bir soatdan ortiq ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o‘tkazish o‘smirlarning kayfiyati va o‘zini o‘zi his qilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ma’lum bo‘ldi.
Mutaxassislar bu jarayonning sabablari sifatida ijtimoiy tarmoqlardagi negativ kontent, solishtiruv, ruhiy zo‘riqish va virtual muhitdagi doimiy bosimni ko‘rsatmoqda. O‘smirlar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p vaqt o‘tkazgan sayin o‘zlarini tengdoshlari bilan taqqoslay boshlaydi. Bu esa o‘z navbatida ularning o‘zlariga bo‘lgan ishonchini pasaytiradi va ruhiy tushkunlikka olib keladi.
Tadqiqot mualliflari ota-onalar va ta’lim muassasalariga bu masalada ko‘proq e’tibor qaratish, bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazgan vaqtini nazorat qilish va ularga internetdan foydalanish madaniyatini o‘rgatish kerakligini tavsiya qilmoqda.
Shu bilan birga, olimlar depressiya belgilarining kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘smirlarga real hayotdagi muloqot va faoliyatlar ko‘payishi muhimligini alohida ta’kidlaydi. Bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan cheklangan holda foydalanishi ularning ruhiy sog‘lig‘ini saqlashda katta ahamiyat kasb etadi.
Zamin.uz tahririyati yoshlarimiz salomatligi va kelajagi uchun internetdan to‘g‘ri foydalanishni targ‘ib qiladi va barcha ota-onalarni, ta’lim muassasalarini bu masaladagi mas’uliyatni his qilishga chaqiradi. Chunki o‘smirlarning sog‘lom kelajagi bugungi kunning asosiy vazifasidir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar