date

Xitoyda “Ming” sulolasi tugatildi- 39 kishi sud qilindi

Xitoyda “Ming” sulolasi tugatildi- 39 kishi sud qilindi

Xitoyning Venchjou shahrida o‘tkazilgan sud jarayonida “Ming” oilasi deb nomlangan yirik transmilliy jinoyat guruhi a’zolariga hukm o‘qildi. Xitoy davlat teleradiokorporatsiyasi xabar berishicha, 39 nafar shaxs turli og‘ir jinoyatlar uchun javobgarlikka tortiladi.

Tergov materiallariga ko‘ra, “Ming” oilasi 2015-yildan beri Myanmaning Laukaing shahrida firibgarlik markazlarini boshqarib kelgan. Ular noqonuniy qimorxona faoliyati, onlayn firibgarlik, narkotik moddalar savdosi va odam savdosi bilan shug‘ullangan.

Jinoyat tarmog‘ining noqonuniy daromadi 10 milliard yuandan (taxminan 1,4 milliard AQSH dollari) ortiq bo‘lgan. Laukaingdagi “Crouching Tiger Villa” nomi bilan tanilgan markazlarda 10 mingdan ortiq ishchi faoliyat yuritgan, ularning aksariyati majburiy mehnat va zo‘ravonlik qurboniga aylangan.

Sud qaroriga muvofiq, “Ming” oilasi a’zolariga quyidagi jazolar tayinlandi:

11 nafariga — o‘lim jazosi;

5 nafariga — kechiktirilgan o‘lim jazosi (2-yil muddat bilan);

11 nafariga — umrbod qamoq;

12 nafariga — 5-yildan 24-yilgacha ozodlikdan mahrum etish.

“Ming” oilasi Myanmada eng ta’sirli jinoiy guruhlardan biri sifatida tanilgan. 2023-yilda Myanma hukumati qidiruvdagi a’zolarning bir qismini Xitoy huquq-tartibot organlariga topshirgan. Oila yetakchisi Ming Syuechang hibs paytida o‘zini halok qilishga uringani ma’lum.

Xitoy hukumati bunday jinoyat tarmoqlariga qarshi qat’iy choralar ko‘rmoqda va bu xalqaro miqyosda e’tibor qozonmoqda. Pekin bosimi ostida Tailand ham Myanma bilan chegaradosh hududlardagi noqonuniy markazlarga qarshi kurashni kuchaytirgan. Biroq, BMT ma’lumotiga ko‘ra, ayrim tarmoqlar Kambodja kabi boshqa davlatlarda faoliyat olib bormoqda.

BMT bunday tuzilmalarni “firibgarlik fabrikalari” deb atab, Xitoyning “Ming” oilasiga nisbatan amalga oshirgan keskin choralarini jinoyatchilikka qarshi murosasiz siyosatning namunasi sifatida baholagan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoyda “Ming” sulolasi tugatildi- 39 kishi sud qilindi