
Ukrainaga harbiy ko‘mak masalasida katta burilish yuz berdi. Germaniya kansleri Fridrix Mersning ma’lum qilishicha, G‘arb davlatlari — Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSH — Ukrainaga yetkazib berilgan qurollardan Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berish bo‘yicha avval qo‘yilgan barcha cheklovlarni rasman bekor qildi. Bu haqda Germaniya OAVlari orqali jamoatchilikka yetkazildi.
— Ukrainaga yetkazib berilgan qurollarning otish masofasiga hech qanday cheklov qolmagan. Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan bunday to‘siqlar yo‘q qilindi. AQSH ham bu yo‘nalishda cheklovlardan voz kechdi, — dedi kansler Mers.
Bu qaror Ukrainaga strategik himoya va javob zarbalarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratib berishi ta’kidlanmoqda. Xususan, u mamlakat Rossiya hududida joylashgan harbiy obyektlarga qarshi kurashishda endilikda uzoq masofali qurollardan bemalol foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Fridrix Mers o‘z nutqida ta’kidladiki, Germaniya Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishda barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor. Shu bois u yaqinda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Polsha rahbari Donald Tusk bilan birga Kiyevga tashrif buyurgan. Bu tashrif "ko‘ngillilar koalitsiyasi" doirasida amalga oshirilgan va G‘arb davlatlarining qat’iy pozitsiyasini yana bir bor namoyon qilgan.
Kremlning javobi
Rossiya bu qarorlarga nisbatan o‘z munosabatini bildirishga ulgurdi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu cheklovlarning bekor qilinishi siyosiy kelishuv va mavjud diplomatik urinishlarga zid harakat ekanini aytdi. U buni “yetarlicha xavfli yechim” deb baholadi.
Shu paytgacha G‘arb davlatlari tomonidan Ukrainaga yetkazib berilgan uzoq masofali qurollardan Rossiya hududidagi nishonlarga qarshi foydalanish taqiqlangan edi. Bu — mojaroni keskinlashtirmaslik va to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvdan saqlanish maqsadida qo‘llangan siyosiy choralardan biri edi.
Biroq so‘nggi oylarda vaziyat keskin o‘zgarmoqda. 2024 yil noyabrida AQSHning o‘shandagi prezidenti Jo Bayden ilk bor Ukrainaga uzoq masofali ATACMS raketalaridan Rossiya hududidagi strategik obyektlarga qarshi foydalanishga ruxsat bergani haqida xabar tarqalgan edi. Shuningdek, Buyuk Britaniya ham Storm Shadow qanotli raketalaridan foydalanish bo‘yicha cheklovlarni bekor qilgan.
Fransiya ham xuddi shunday qarorni qabul qilgani aytilgan, ammo bu ma’lumotlar rasmiy ravishda tasdiqlanmagandi. Endilikda esa Germaniyaning eng yuqori darajali rasmiysi buni ommaga ochiq e’lon qildi.
Bunday qarorlar mojaroni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin. Ukrainaga uzoq masofali qurollarning to‘liq erkin foydalanilishi Rossiya hududidagi harbiy va logistika nuqtalariga tahdid soladi. Bu esa Moskva tomonidan keskin javob reaksiyasini keltirib chiqarishi ehtimoldan holi emas.
Mazkur vaziyat xalqaro siyosiy sahnada yangi ziddiyatlar kelib chiqishiga asos solishi mumkin. Kiyev uchun esa bu o‘zini himoya qilishda strategik ustunlik va yangi harbiy imkoniyatlar eshigini ochishi aniq. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar