
Inson hayotida yangi sahifa ochildi — 1X Technologies kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan dunyodagi ilk to‘liq funksional odamsimon robot NEO rasman sotuvga chiqarildi. Yangi avloddagi ushbu robot oddiy maishiy vazifalarni bajara oladi: narsalarni ko‘chirish, eshiklarni ochish, uy tozalash, buyumlarni joyiga qo‘yish va eng muhimi — ovoz orqali muloqot qilish qobiliyatiga ega.
NEO sun’iy intellekt tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, u foydalanuvchi bilan tabiiy suhbat olib borish, uning odatlarini eslab qolish va keyingi harakatlarini moslashtirish imkoniga ega. Robotdagi kompyuter ko‘rish tizimi, audio tahlil funksiyasi va zamonaviy til modeli uni haqiqiy uy yordamchisiga aylantiradi.
Uning texnik tavsiflari ham diqqatga sazovor: bo‘yi — 1,68 metr, og‘irligi taxminan 30 kilogramm, 25 kilogrammcha yukni ko‘tara oladi. Robotning tanasi yengil, xavfsiz va energiya tejamkor materiallardan ishlangan. Shuningdek, NEO ko‘plab kameralar, sensorlar va karnaylar bilan jihozlangan bo‘lib, harakatni aniq anglaydi va inson bilan faol muloqot qila oladi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, NEO narxi taxminan 20 000 AQSH dollarini tashkil qiladi. Shu bilan birga, oylik 499 dollarlik obuna orqali ham robotdan foydalanish imkoni taqdim etiladi. Ilk partiya 2026-yilda AQSH bozoriga chiqariladi, keyin esa Yevropada va Osiyo davlatlarida sotuvga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
1X Technologies (ilgari Halodi Robotics nomi bilan mashhur bo‘lgan) ushbu robotni “kelajakka qadam” sifatida baholamoqda. Kompaniya vakillariga ko‘ra, yaqin kelajakda shunday odamsimon robotlar inson turmushining ajralmas qismiga aylanib, uy tozalashdan tortib, kundalik muloqot va yordam vazifalarigacha bajarishi mumkin bo‘ladi.
Tahlilchilar fikricha, NEO nafaqat robototexnika sohasida, balki umuman inson va mashina o‘rtasidagi yangi munosabat bosqichini boshlab berishi mumkin. Inson hayotini yengillashtirishga qaratilgan bu kabi robotlar keyingi yillarda har bir xonadonda paydo bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!