
Rossiya prezidenti Vladimir Putin yana bir bor dunyo e’tiborini harbiy sohadagi yangi yutuqlariga qaratdi. Davlat rahbari “Burevestnik” qit’alararo qanotli raketasi haqidagi xabarlardan so‘ng, bu safar yana bir strategik qurol — “Poseydon” nomli yadroviy torpedoning muvaffaqiyatli sinovi haqida ma’lum qildi.
Putinning aytishicha, tajriba Mandrik nomidagi markaziy harbiy klinik gospitalga tashrifi chog‘ida o‘tgan suhbatda tilga olingan. Prezident ta’kidlaganidek, mazkur sinov Rossiyaning harbiy salohiyatida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin.
“Kecha biz yana bir istiqbolli qurol — ‘Poseydon’ suvosti ekipajsiz mahsulotini sinovdan o‘tkazdik. Bu qurilma yadroviy energiya bilan ta’minlangan. Birinchi marta nafaqat start dvigatelini suvosti kemasidan ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldik, balki torpedodagi atom energiya qurilmasini ham ishlatdik”, — dedi Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Poseydon” harakat tezligi va chuqurlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda tengsiz. Prezident bu qurilmani “ulkan muvaffaqiyat” deb atadi va uning quvvati “Sarmat” qit’alararo raketasidan ham yuqori ekanini ta’kidladi.
“Bu qurolni to‘xtatib qolish usuli hozir mavjud emas”, — deya qo‘shimcha qildi u.
“Poseydon” suv osti droni (yoki yadroviy torpedo) ilk bor 2018-yilda Putin tomonidan jamoatchilikka tanishtirilgan edi. U katta chuqurlikda, qit’alararo masofalarda harakatlanishi va suvosti kemalari hamda dushman hududidagi strategik inshootlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan.
Birinchi “Poseydon” torpedo tashuvchisi — “Belgorod” suvosti kemasi 2019-yilda “Sevmash” zavodida suvga tushirilgan. Keyinchalik u Barens dengizida davlat sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi va 2022-yil 8-iyulda Rossiya Harbiy-dengiz floti ixtiyoriga topshirildi.
Ekspertlar fikricha, “Poseydon” loyihasi Rossiyaning yadroviy strategiyasida muhim o‘rin tutadi. Bu qurol nafaqat harbiy ustunlikni saqlab qolish, balki dunyodagi geosiyosiy muvozanatni ham o‘zgartirishi mumkin.
Hozircha rasmiylar qurilmaning texnik imkoniyatlari haqida to‘liq ma’lumot bermagan. Biroq Putinning bayonoti Rossiyaning harbiy salohiyati yanada kengayib borayotganini ko‘rsatib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!