
Braziliya olimlari mamlakatning ikki hududi — Maranyan va San-Paulu shtatlarida olib borgan tadqiqotlar natijasida ko‘rshapalaklarda mutlaqo yangi virus turini aniqlashdi, deb xabar berdi “Bloomberg”.
Mutaxassislar virusni BRZ batCoV deb nomlashdi. Uning genetik xususiyatlari COVID-19 va Yaqin Sharq respirator sindromi (MERS)ni keltirib chiqaruvchi viruslarga yaqinligi bilan ajralib turadi. Tadqiqot natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, virus beta-koronaviruslar oilasiga mansub bo‘lib, aynan shu guruhga COVID-19 (SARS-CoV-2), MERS (MERS-CoV) va SARS viruslari ham kiradi.
Olimlar BRZ batCoV virusi hozircha inson salomatligi uchun xavf tug‘dirmasligini ta’kidlashdi. Biroq ularning so‘zlariga ko‘ra, virus tuzilishidagi sanchiqsimon oqsil qismi hayvon va inson hujayralaridagi ayrim fermentlar tomonidan parchalanishi mumkin — bu esa virusning organizmga kirishini yengillashtirishi ehtimolini bildirib turadi.
BRZ batCoV asosan hasharotlar bilan oziqlanadigan kichik turdagi ko‘rshapalaklarda topilgan. Olimlar bu virusning paydo bo‘lishi va tarqalishiga iqlim o‘zgarishlari hamda inson faoliyati ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Rossiyaning Rospotrebnadzor rahbari Anna Popova ham SARS-CoV-2 virusining yangi XFG (Stratus) shtammi mamlakatda aniqlanganini ma’lum qilgandi.
Mutahassislar fikricha, BRZ batCoV kabi viruslar ustidan olib borilayotgan ilmiy kuzatuvlar kelgusida pandemiyalarni oldindan bashorat qilish va profilaktik choralarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!