
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Sudanning Al-Fashr shahridagi shifoxonada amalga oshirilgan halokatli hujum natijasida 460 dan ortiq bemor va ularning qarindoshlari halok bo‘lganini ma’lum qildi. Tashkilot rahbari Tedros Adhanom Gebreesus bu haqda so‘zlar ekan, voqeani “axloq va insoniyat qoidalariga zid fojea” deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Al-Fashrdagi Saudi tug‘ruqxonasi so‘nggi kunlarda bir necha marta o‘qqa tutilgan. Shu bilan birga, tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuzlar ham sodir etilgan — 28-oktyabr kuni to‘rt nafar shifokor, bir hamshira va bir farmatsevt noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan.
“Hech qanday holatda tibbiyot muassasalariga hujumni oqlab bo‘lmaydi. Barcha jangchilar darhol o‘t ochishni to‘xtatishi lozim. Bemorlar, shifokorlar va shifoxonalar xalqaro gumanitar huquq bilan himoya qilingan”, — dedi Tedros Adhanom.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Al-Fashr shahri 26-oktyabr kuni 18 oy davom etgan qamal va havo hujumlaridan so‘ng Tezkor yordam kuchlari (RSF) qo‘liga o‘tgan. Shundan keyin Darfur mintaqasida “etnik tozalash” holatlari boshlangani haqida xabarlar tarqalgan. Qizil Xoch xalqaro qo‘mitasi ham bu fojealarni qattiq qoralab, tinch aholi azob chekmacligi lozimligini ta’kidlagan.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yil aprelidan beri Sudanda sog‘liqni saqlash tizimi va tibbiy muassasalarga qarshi 185 marta hujum amalga oshirilgan. Bu hodisalarda 1 200 dan ziyod kishi halok bo‘lgan, 400 dan ortiq inson jarohat olgan. Faqat 2025-yilning o‘zida 49 ta hujum qayd etilgan bo‘lib, ular natijasida kamida 966 nafar fuqaro halok bo‘lgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hozircha mazkur hodisalar uchun aniq javobgar tomonni ko‘rsatmagan, ammo xalqaro jamoatchilikni Sudandagi zo‘ravonliklarni bas qilishga chaqirgan.
Bu fojea Afrika qit’asidagi eng og‘ir gumanitar inqirozlardan biri sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!