
O‘zbekiston kubogi finalida “Buxoro” jamoasi “Paxtakor”ga qarshi bellashuvda (0:1) mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov jurnalistlar bilan suhbatda fikrlarini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa oxirigacha kurashgan, ammo bitta vaziyat o‘yin taqdirini hal qilgan.
— “Paxtakor”ni g‘alaba bilan tabriklayman va ularga Osiyo chempionlar ligasida omad tilayman. Bugungi bellashuvda muxlislarimizga ham katta rahmat aytmoqchiman. Ular butun o‘yin davomida bizga ishonch bag‘ishlashdi. Finalda har bir xatoning bahosi katta bo‘ladi, shuning uchun u tomoshabop bo‘lmasa ham, keskin va hissiyotlarga boy o‘tdi. Yigitlar bor kuchini berdi, afsuski, g‘alaba raqibga nasib etdi, — dedi murabbiy.
Ofsayd haqida: “Men ofsayd ko‘rmadim, lekin qaror mendan emas”
Jurnalistlar jamoaning bekor qilingan goli haqida so‘raganda, Xomyakov shunday javob berdi:
— “O‘sha vaziyatda “passiv ofsayd” bor deyishdi. Lekin menimcha, yo‘q edi. Boshqa gap — men hakam yoki ekspert emasman, qaror chiqarish mening vazifam emas. Bu futbol, shunday holatlar bo‘lib turadi. Ammo albatta, bunday mag‘lubiyatlar alamli. Biz hujumda yanada agressivroq bo‘lishimiz kerak edi.”
Hakamlar haqida: “Qo‘pollik uchun qizil kartochka ham bo‘lishi mumkin edi”
— “Ba’zan barcha vaziyatlar ko‘z oldimizda bo‘ladi. Birinchi bo‘limda Po‘latovga nisbatan qo‘pol harakat uchun qizil kartochka ko‘rsatish mumkin edi, deb o‘ylayman. Ammo hakamlar tajribali, ular qarorni o‘yin hissiyotida qabul qilishadi.”
“Futbolda har doim yutish mumkin emas”
Mag‘lubiyatdan so‘ng kiyinish xonasidagi muhit haqida so‘zlar ekan, murabbiy jamoasiga qattiq gapirmaganini ta’kidladi:
— “Yigitlar professional. Ularga so‘z aytishning hojati yo‘q — o‘zlari ham vaziyatni his qilishyapti. Futbolda har doim g‘alaba quchish mumkin emas. Bunday mag‘lubiyatlar yoshlarimiz uchun katta saboq bo‘ladi. Hayotda ham, sportda ham shunday — adolatli bo‘lmagan holatlar sizni kuchli qiladi. Shuning uchun bugungi mag‘lubiyatni ruhiy jihatdan to‘g‘ri qabul qilish kerak.”
Kolakovich haqida: “Bu ko‘z yoshlar pul uchun emas — g‘urur uchun”
— “Futbol — bu g‘alabalar uchun olib boriladigan urush. Hozirgi zamonda sizni qayerda o‘ynaganingiz emas, nima yutganingiz so‘raladi. Kolakovich yillar davomida O‘zbekistonda to‘p surdi va u bu mamlakat tarixida iz qoldirishni xohladi. Shuning uchun u yig‘ladi. Bu ko‘z yoshlar pul yoki maosh uchun emas, g‘urur va mehnat uchun edi. Biz muxlislarimiz, oilalarimiz uchun o‘ynadik. Qo‘rquv yo‘q edi, faqat ishtiyoq bor edi.”
Finalning ma’naviy sabog‘i
So‘nggi so‘zlarida murabbiy futbolning mohiyatini yana bir bor yodga soldi:
— “Futbol — hissiyot va iroda o‘yini. Natija oldindan ma’lum bo‘lmaydi. Men yigitlardan shunchaki bir narsani so‘raganman: ko‘chada bolaligingizda qanday ishtiyoq bilan to‘p surgan bo‘lsangiz, bugun ham xuddi shunday maydonga chiqinglar. Ular shunday qilishdi va men ular bilan faxrlanaman.”
Shu tariqa, “Buxoro” mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, jamoa o‘yindagi irodasi va jangovor kayfiyati bilan muxlislar qalbidan joy oldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!