date

Argentina Diyego Maradonaga bag‘ishlangan yubiley tangasini chiqardi

Argentina Diyego Maradonaga bag‘ishlangan yubiley tangasini chiqardi

Argentina Markaziy banki 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati munosabati bilan tarixiy ahamiyatga ega yangi esdalik kumush tangani taqdim etdi. Bu tanga nafaqat mamlakatning futbol an’analariga, balki afsonaviy Diyego Maradona merosiga ham chuqur hurmat ifodasidir.

Maxsus chiqarilgan tanganing orqa tomonida 1986-yilda Meksikadagi jahon chempionatida Angliya terma jamoasiga qarshi o‘yinda Maradonaning butun maydon bo‘ylab yakkaxon yugurib, “asr goli” deb atalgan golni kiritgan lahzasi trayektoriya ko‘rinishida aks ettirilgan. Bu tarixiy voqeaga 2026-yilda 40-yil to‘lishi munosabati bilan ushbu ishlangan dizayn alohida ma’no kasb etadi.

Tanganing old tomonida esa quyidan yuqoriga chiqib kelayotgan to‘p tasviri bor. Bu ramziy tarzda argentinaliklarning futbolga bo‘lgan beqiyos ishtiyoqi va jamoaga nisbatan mehrini ifodalaydi. Markaziy bankning rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, “ushbu tanga — Argentina futbolining ruhi, g‘ururi va jahon miqyosidagi sahnadagi daholigining ramzi hisoblanadi”.

Yasalish jihatidan ham tanga juda nodir: 925 probali kumushdan ishlangan, og‘irligi 27 gramm, diametri 40 millimetr. Uning tiraji ham cheklangan — atigi 2,5 ming dona. Tanganing nominal qiymati 10 dollar deb belgilangan. Shuningdek, xalqaro kollektorlar uchun xuddi shunday dizayndagi oltin versiya ham tayyorlanmoqda.

Maradonaning 1986 yilgi Meksika chempionatidagi o‘yini futbol tarixida burilish nuqtasi bo‘lgan. U faqat “asr goli” bilan emas, balki butun turnir davomidagi mahoratli o‘yini bilan Argentinaga jahon chempionligi olib kelgan edi. Shu orqali u nafaqat Argentinada, balki butun dunyoda “futbolning qiroli” sifatida yodda qoldi.

Argentina hozir ham amaldagi jahon chempioni. Leo Messi boshchiligidagi jamoa 2022-yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida g‘alaba qozongan va Maradonaning ruhi bilan bog‘langan bu yutuq mamlakat uchun tarixiy davomiylik ramziga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, navbatdagi Jahon chempionati — 2026 yilgi mundial — 11-iyundan 19-iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Bu tarixda ilk bor uchta mamlakat birgalikda mezbonlik qiladigan musobaqa bo‘ladi.

Shu tariqa, yangi kumush tanga nafaqat numizmatik qadriyat, balki butun bir avlodning xotirasi va futbol orqali millat iftixorining yorqin timsoli sifatida tarixga kiradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Argentina Diyego Maradonaga bag‘ishlangan yubiley tangasini chiqardi