
Har bir ota-ona farzandining aqlli, qobiliyatli va muvaffaqiyatli bo‘lishini istaydi. Ammo bu maqsadga yetishda onalar tomonidan ko‘rsatiladigan qattiqqo‘llik va kuchli nazorat har doim ham ijobiy natija bermasligi mumkin. Xitoylik olimlar shu mavzuda o‘tkazgan yangi tadqiqotlari bilan bu masalaga aniqlik kiritishdi. Unga ko‘ra, farzandini qattiqqo‘llik bilan tarbiyalaydigan, o‘qishda a’lo baholarni talab qiladigan onalar farzandlarining aqliy salohiyatini yuqori darajaga olib chiqishi mumkin, biroq buning evaziga ularning shaxsiy fazilatlari yetarlicha rivojlanmay qolishi xavfi mavjud.
Xitoylik mutaxassislar bu turdagi tarbiyani amalga oshiradigan ayollarni "yo‘lbars onalar" deb atashdi. Bu atama doimiy ravishda bolalariga bosim o‘tkazib, ulardan yuqori natijalarni talab qiluvchi ona timsolini aks ettiradi. Olimlar ushbu xulosaga kelishi uchun Xitoyning 25 ta provinsiyasida, shuningdek, avtonom hududlarda joylashgan minglab oilalar o‘rtasida tadqiqot o‘tkazgan. Tadqiqot doirasida oilalarda qaror qabul qilish, tarbiya usullari va bolalarning aqliy va shaxsiy rivojlanishi sinchiklab tahlil qilingan.
Olimlar bolalarning kognitiv ko‘nikmalarini baholash uchun xotira testlari, matematika va boshqa fanlardan maxsus topshiriqlarni bajarishni so‘rashgan. Shaxsiy sifatlarni o‘lchashda esa vijdonlilik, xayrixohlik, ekstraversiya, yangiliklarga ochiqlik va hissiy barqarorlik kabi inson shaxsiyatining besh asosiy xususiyati inobatga olingan.
Natijalarga ko‘ra, Xitoydagi onalarning deyarli yarmi (taxminan 49%) "yo‘lbars ona" mezonlariga to‘liq mos kelgan. Qizig‘i shundaki, bu kabi qat’iy tarbiyalangan farzandlar aqliy va kognitiv testlarda yuqori natijalarga erishgan bo‘lsa-da, ijtimoiy muloqot, ijodiy qobiliyatlar va shaxsiy fazilatlar bo‘yicha tengdoshlaridan orqada qolgani aniqlangan.
Mutaxassislarning fikricha, bu holatlarning asosiy sababi, farzandlariga o‘ta qattiq talabchan bo‘lgan onalarning bolalarining erkinlik va bo‘sh vaqtini juda cheklab qo‘yishidir. Bunday muhitda o‘sgan bolalar ijodiy mashg‘ulotlar, o‘z-o‘zini ifodalash va mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishda qiynaladi. Ularning shaxsiyati, ochiqligi va hayotdagi turli vaziyatlarga moslashish qobiliyati yetarlicha shakllanmay qolishi ehtimoli yuqori bo‘ladi.
Shuningdek, ota-onalarning bolalariga nisbatan o‘ta qattiq nazorat va bosim o‘tkazishi oiladagi munosabatlarni ham salbiy tomonga o‘zgartirishi kuzatilgan. Bunday tarbiya uslubida ota-ona va farzand o‘rtasida samimiylik, ishonch va ochiq muloqot kam bo‘ladi.
Psixologlarning fikriga ko‘ra, bolalarning barcha sohalarda sog‘lom rivojlanishi uchun onalarning me’yoriy tarbiya uslubiga amal qilishi maqsadga muvofiqdir. Ta’lim sohasidagi yuqori talablar bilan bir qatorda bolalarning shaxsiy rivojlanishiga, hissiy barqarorligiga va ijtimoiy muloqot ko‘nikmalarini shakllantirishga ham alohida e’tibor berish kerak.
Shu sababdan ota-onalar bolalarning hayotida ta’lim va shaxsiy o‘sish o‘rtasidagi tenglikni ta’minlashi zarur. Har qanday ta’lim usulida, avvalo, farzandlarning shaxsiy ehtiyojlari va qobiliyatlarini hisobga olish muhim. Faqat shundagina farzandning butunlay rivojlanishi uchun yaxshi zamin yaratiladi.
Bu tadqiqot natijalari orqali ota-onalarga muhim saboq berish mumkin: farzandini aqlli qilish niyatida unga zulm o‘tkazmaslik lozim. Farzand tarbiyasida yuqori natijalarga erishishni xohlaydigan ota-onalar, avvalo, o‘z farzandining shaxsiy ehtiyojlari va imkoniyatlariga e’tibor berishlari lozim.
Farzandning barcha sohalarda muvaffaqiyatli va baxtli bo‘lib o‘sishi uchun, qat’iy talablardan ko‘ra, to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq va samimiy munosabat muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa nafaqat aqliy, balki shaxsiy jihatdan ham kuchli va muvaffaqiyatli insonlarni tarbiyalashda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar