Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 oktabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda oilalardagi muammolar, yoshlar tarbiyasi va mahallalardagi ijtimoiy muhit bo‘yicha jiddiy masalalarni ko‘tardi. Davlat rahbari oilaviy barqarorlik va mas’uliyatni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu yilning o‘zida mamlakat bo‘ylab 32 mingga yaqin oila ajrashgan. Shu bilan birga, 16 mingdan ortiq ota-ona aliment to‘lashdan bo‘yin tovlayotgani, ayrim erkaklar oilasi va bolalarini kredit qarzlari bilan tashlab ketish holatlari kuzatilayotgani alohida qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev ta’kidlashicha, bu holatlar jamiyat uchun jiddiy signal bo‘lib, mahalla yettiliklari, hokimlar, nuroniylar va jamoatchilikning e’tibor markazida bo‘lishi shart. “Oila qurish — bu faqat ikki yoshning birikishi emas, balki mas’uliyat, farzandlar taqdiri va kelajak oldidagi katta majburiyat”, — dedi u.
Yig‘ilishda Prezident ajrimlar vaqtida ayniqsa farzandlar og‘ir moddiy ahvolga tushib qolmasligi uchun nikoh shartnomasi tuzishning afzalliklarini keng targ‘ib qilish zarurligini qayd etdi. Uning fikricha, bunday kelishuvlar nafaqat oila a’zolari huquqini himoya qiladi, balki ajrim jarayonida bolalar manfaatlarini ham ta’minlaydi.
Shu bilan birga, davlat rahbari yoshlar o‘rtasida erta nikoh va yaqin qarindoshlar o‘rtasida turmush qurish holatlarining salbiy oqibatlariga ham to‘xtalib o‘tdi. Bu kabi nikohlar ko‘p hollarda oilaviy nizolar va sog‘lom avlod tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
Mirziyoyevning ta’kidlashicha, jamiyatda oila madaniyatini, mas’uliyat va o‘zaro hurmatni kuchaytirish muhim vazifaga aylangan. Buning uchun mahallalarda faol targ‘ibot, ta’lim muassasalarida tushuntiruv ishlari olib borish, yoshlar bilan yaqin muloqotda bo‘lish zarur.
Shunday qilib, Prezidentning bu chiqishi oilaviy munosabatlar, iqtisodiy mas’uliyat va farzandlar taqdiri masalalariga yangi yondashuvni talab etayotganini ko‘rsatdi. Davlat darajasidagi bu tashabbus, shubhasiz, oila institutini mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!