
Rossiya 10 kilometr chuqurlikda «bufer zona» hosil qilish uchun Sumi yo‘nalishida qo‘shin to‘plamoqda, deya ma’lum qildi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. U yurish boshlashga tayyorlanayotgan rus guruhi miqdorini 50 mingdan ortiq kishiga baholagan. Kremlning bu safargi rejalari qanday bo‘lishi mumkin va uni amalga oshirish istiqbollari qanaqa?
Rossiya armiyasi Sumi va ehtimol Xarkiv yo‘nalishlarida yirik hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida ayrim harbiy ekspertlar ham gapirmoqda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 22 may kuni hukumat a’zolari bilan yig‘ilishda Rossiya hududlarini Ukraina qurolli kuchlari tahdidlaridan himoya qilish uchun chegara bo‘ylab bufer xavfsizlik zonasi yaratish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini aytgandi.
Bu Vladimir Putin birinchi bor bunday bayonot berishi emas. U Ukraina chegarasi bo‘ylab xavfsizlik zonasini yaratish rejalari haqida dastlab 2024 yil mart oyida gapirgandi. O‘sha yil may oyida esa Rossiya qo‘shinlari Xarkiv oblastida yangi hujum boshlab, Vovchanskkacha yorib kirdi. Uch oy o‘tib javob zarbasi berildi – Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastiga bostirib kirdi.
Shu kunlarda Sumi oblasti harbiy ma’muriyati Rossiya armiyasi to‘rtta aholi punkti – Novenkoye, Basovka, Veselovka va Juravka qishloqlarini nazorat ostiga olganini tasdiqladi.
«Dushman bufer zonasi deb ataladigan hududni yaratish maqsadida oldinga siljish harakatlarini davom ettirmoqda. Vodologiya qishlog‘i atrofida va Xoten obshinasining Vladimirovka, Belovodov, Konstantinovka va Kondratovka qishloqlari yaqinida, shuningdek, Yunakov obshinasining Lokni qishlog‘i atrofida harbiy harakatlar davom etmoqda», – dedi ma’muriyat rahbari Oleg Grigorov..
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan qishloqlar aholisi allaqachon evakuatsiya qilingan, u yerda tinch aholiga hech qanday tahdid yo‘q.
Sumi oblasti chegaradosh hududining bir qismi, xususan, Juravka qishlog‘i bosib olingani haqida aprel oyi boshida Rossiya Mudofaa vazirligi xabar bergan edi, bu ma’lumotni OSINT-tadqiqotchilari ham tasdiqladi. May oyi oxiriga kelib Rossiya mudofaa vazirligi yana ikkita qishloq - chegaradan 7,5 kilometr uzoqlikdagi Belovodi va ikki kilometr uzoqlikdagi Vladimirovka egallab olinganini ma’lum qildi.
Ukrainaning DeepState OSINT-loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Belovodi qishlog‘i qisman «kulrang zonada», Vladimirovka esa Ukraina nazorati ostida qolmoqda. Shu bilan birga, uning xaritalari Sumi oblastining 60 kilometr kvadratdan ortiq hududi allaqachon Rossiya nazorati ostiga o‘tganini tasdiqlaydi.

Rossiyaga bufer zona nega kerak?
G‘oyaga ko‘ra, u dushmanning manyovr maydonini toraytiradi, uni qo‘shni hududga qurolli reydlar o‘tkazish va unga taktik o‘t ochish vositalari – birinchi navbatda, stvolli artilleriya, o‘qotar qurollar, yaqin radiusli dronlardan foydalangan holda zarba berish imkoniyatidan mahrum qiladi.
Bufer zonalar afg‘on kampaniyasi paytida SSSR chegara qo‘shinlari tomonidan shakllantirilgan – ular Afg‘onistonning barcha shimoliy viloyatlarida chegaradan 100 kilometrgacha bo‘lgan chuqurlikda harakat qilishgan.
Ammo Rossiya-Ukraina harbiy mojarosida Afg‘oniston bilan o‘xshashliklar kam. Gap faqat geografik o‘ziga xosliklar hamda afg‘on mujohidlari otryadlari va Ukrainaning muntazam armiyasining harbiy imkoniyatlarini solishtirib bo‘lmasligida emas – garchi bu ham muhim bo‘lsa-da.
Afg‘onistonga sovet qo‘shinlari kirganida nisbatan kuchsiz, asosan o‘choqli qarshilik ko‘rsatilgandi va faqat ancha vaqt o‘tib holdan toydiruvchi partizan urushiga duch keldi. U yerda hech qanday front chizig‘i yo‘q edi.
Rossiya va Ukraina o‘rtasida esa bunday chiziq bor – hatto hozirda faol harbiy harakatlar bo‘lmayotgan joylarda ham. Uni to‘qnashuv yoki qarama-qarshilik chizig‘i deb atash mumkin, mohiyat o‘zgarmaydi. Chegaraning ikki tomonidagi qo‘shinlar to‘liq jangovar shay holatda.
Bu shuni anglatadiki, Ukraina bilan chegara bo‘ylab to‘liq bufer zonasini yaratish uchun Rossiya armiyasi hech bo‘lmaganda ushbu front chizig‘ini ortga surishi kerak. Ya’ni keng ko‘lamli hujum amaliyotini o‘tkazish talab etiladi.

Qaysi uchastkada?
Rossiyaning Ukrainaning shimoliy oblastlari bilan chegaralari uzunligi quyidagicha: Bryansk oblastida 350 kilometrdan ortiq, Kurskda – taxminan 245 kilometr, Belgorodda – taxminan 540 kilometr. To‘g‘ri, Belgorod uchastkasining yarmi – Luhansk oblastida va qisman Xarkiv oblasti bilan chegara hududlari Rossiya tomonidan nazorat qilinmoqda.
Shunda ham 800-900 kilometrlik davlat chegarasi Ukraina nazorati ostida qolmoqda.
Rossiya armiyasi frontning bu qismida ko‘plab qo‘shinlarga ega. Uning ikkita guruhi – «G‘arb» va «Shimol» – Xarkiv oblastida, Kupyansk yo‘nalishida va Vovchansk-Lipsi hududida jang qilmoqda. Ammo u yerdagi vaziyat nisbatan barqaror, demak, tomonlarning kuchlari taxminan teng va yaqin orada keskin o‘zgarishlarni kutishning hojati yo‘q.
So‘nggi oylarda Kursk oblastining Sudja rayonidan Ukraina qurolli kuchlarini siqib chiqarish bo‘yicha vazifalarni deyarli hal qilgan va nisbatan «bo‘sh» qolgan guruh esa qiziqish uyg‘otadi – aynan uning qismlari hozirda Sumi yo‘nalishida hujum qilishga urinmoqda.
Ukrainalik harbiy ekspert Konstantin Mashovetsning baholashicha, Rossiya qo‘shinlarining Kursk guruhi soni bo‘yicha ishonchli ko‘rsatkich – 75 ming askar. «Aslida, Sumi yo‘nalishida son va „shtat“ bo‘yicha dushmanning umumqo‘shin armiyasi harakat qilmoqda, u havo va dengiz piyodalarining yig‘ma taktik guruhlari bilan kuchaytirilgan», – deb yozadi u.
Shu bilan birga, qo‘shinlarning bunday birlashmasi uchun jangovar texnika bilan ta’minlanganlik, uning ma’lumotlariga ko‘ra, juda past: tanklar – 160 ta atrofida, ehtimol – 200 tagacha, jangovar zirhli mashinalar – 480 dan ortiq (ko‘rsatkich 620-625 birlikgacha), stvolli artilleriya (shu jumladan, 120 millimetrli minomyotlar) – 660 ga yaqin, reaktiv artilleriya – 160-180 tagacha.
Ukrainalik ekspert Rossiya guruhining sonini biroz past baholagan bo‘lsa ham (garchi u maksimal deb hisoblasa ham), u 800 kilometrlik front chizig‘ida yirik umumqo‘shin operatsiyalarini o‘tkazish uchun yetarli emasligi aniq. Bir kilometrga yuz kishi va bir to‘pdan kamroq – Rossiya-Ukraina urushi sharoitida bunday kuchlar bilan hatto himoyalanish ham qiyin.
Shuni ham hisobga olish kerakki, Ukraina qurolli kuchlari qo‘shinlari guruhi Kursk oblastidan chekinishdan keyin ham hech qayerga ketmadi. Uning ayrim qismlari Rossiya hududining kichik qismlarini Sudjaning janubi-g‘arbiy qismida va Tyotkino qishlog‘i hududida ushlab turishda davom etmoqda, shuningdek, qo‘shni Belgorod oblasti hududiga hujum qilishga urinmoqda.
Toliqtirishga qaratilgan urush mantig‘i
Biroq tor uchastkada 75 ming kishilik guruh jiddiy keskinlik o‘chog‘ini yaratishga va bir yil oldin Vovchansk atrofida bo‘lgani kabi hudud ichkarisiga kirib borishga qodir. Frontning yana bir faol uchastkasini shakllantirish Rossiya va Ukraina uchun qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini hozir aytish qiyin.
Hozirda Sumi oblastidagi ko‘plab aholi yashash punktlarida evakuatsiya ketmoqda, oblast markazi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda. Ukrainaning chegaradosh hududida harbiy harakatlar faollashishi chegaraning narigi tomonidagi aholining ham tinchini buzgan – doimiy ravishda Rossiya obyektlariga berilayotgan zarbalar haqida xabarlar kelmoqda.
Harbiy qo‘mondonlikni ko‘p tanqid qiladigan va hozirda ekstremizmda ayblanib, Rossiya qamoqxonasida jazo o‘tayotgan sobiq dala qo‘mondoni Igor Girkin Ukraina hududiga bufer zona yaratish uchun Rossiya zaxiralarining ommaviy ravishda kiritilishini Ukraina qurolli kuchlari uchun foydali deb hisoblaydi: «bir necha o‘n kilometr yo‘qotish dushmanni qo‘rqitmaydi».
«Front Belarus bilan chegaragacha yana yuzlab kilometrga cho‘ziladi (kamida, ko‘plab va ko‘plab o‘nlab kilometrga, lekin katta ehtimol bilan gap yuzlab kilometrlar haqida ketadi). Natijada, Ukraina armiyasini mag‘lub etish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan barcha zaxiralarimiz bu „bufer zona“ni qo‘riqlash bilan band bo‘ladi. Dushman qattiq qarshilik ko‘rsatishini hisobga olsak, bu juda qiyin bo‘ladi», - deb yozadi u.
Ammo Rossiya armiyasining Sumi yo‘nalishidagi xatti-harakatlari ayrim operatsiyalar natijasi emas, balki dushmanga bosimni davom ettirish muhim bo‘lganida, toliqishga olib keladigan urush mantig‘iga mos keladi. Front cho‘zilmoqda va urushayotgan tomonlarga tobora ko‘proq resurslar kerak bo‘lmoqda.
Shunday vaziyat yuzaga kelmoqdaki, mudofaa xarajatlarini oshirish zarurligi haqidagi dalillar tobora ko‘proq ahamiyat kasb etmoqda. Va bu Rossiya-Ukraina harbiy mojarosida u yoki bu tarzda ishtirok etayotgan barcha tomonlarga tegishli. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar