
Isroil va Eron o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlar, havo hujumlari va raketa zarbalari ortida yahudiy davlati iqtisodiyoti kun sayin og‘ir bosim ostida qolmoqda. The Wall Street Journal manbasiga ko‘ra, bu urush Isroilga har kuni yuzlab million dollarga tushayotgani mamlakatning uzoq muddatli jangovar salohiyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil kuniga 200 million dollargacha mablag‘ni faqatgina havo mudofaa tizimi uchun sarf qilmoqda. Bunga zamonaviy raketa to‘xtatuvchi tizimlar, maxsus o‘q-dorilar, harbiy samolyotlarning parvozlari va boshqa logistik xarajatlar kiradi. Cheklanmagan xarajatlar ortib borishi mamlakatni tezroq tinchlik muzokaralariga undash ehtimolini kuchaytirmoqda. Shu bilan birga, vayron qilingan infratuzilmani tiklash ham Isroil budjetiga kamida 400 million dollarga tushishi mumkinligi qayd etilmoqda.
Aytish kerakki, urushga sarflanayotgan mablag‘lar bo‘yicha prognozlar turli manbalarda farqli keltirilmoqda. Masalan, Financial Express nashrining hisob-kitobicha, aviazarbalar, parvoz vaqti va o‘q-dorilar xarajatlarini o‘z ichiga olgan operatsiyalar 593 million dollarga yaqinlashgan. Shuningdek, raketalarni tutib olish va zaxira qo‘shinlarini safarbar qilish masalalari ham katta mablag‘ talab etadi.
Nashr taxminiy hisob-kitoblarga tayanib, Eron bilan urush Isroilga kuniga taxminan 725 million dollarga tushayotganini yozmoqda. Bu raqam faqat bevosita harbiy xarajatlarni o‘z ichiga oladi. Boshqa infratuzilmaviy va ijtimoiy ta’sirlar esa bu summadan ancha yuqori bo‘lishi mumkin.
SAXAL (Isroil mudofaa armiyasi) shtabining sobiq moliyaviy maslahatchisi Re’em Aminachning so‘zlariga ko‘ra, Eronga qarshi o‘tkazilgan birgina 48 soatlik harbiy amaliyot 1,45 milliard dollar xarajatni talab etgan. Bu raqamlar nafaqat hukumat, balki butun jamoatchilikda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
G‘azo urushi va umumiy xarajatlar
2024 yil oxiriga kelib, Calcalist nashri ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azodagi urush Isroilga 250 milliard shekeldan ziyod (ya’ni taxminan 67,5 milliard dollar)ga tushgan. Bu mablag‘ faqat harbiy operatsiyalar emas, balki fuqarolarga yordam, mamlakat ichidagi iqtisodiy uzilishlar va ishlab chiqarishdagi daromad yo‘qotishlarini ham qamrab oladi.
Eng katta xarajatlardan biri — zaxira qo‘shinlarini safarbar qilish hisoblanadi. Urush avjida Isroil 300 mingdan ortiq zaxira askarlarini jangga tayyor holatda saqladi. Moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 100 ming askarni bir kun saqlash — ularning ish haqi, oziq-ovqati, yashash sharoiti va logistik xarajatlari — taxminan 100 million shekel, ya’ni 27 million dollargacha bo‘lishi mumkin.
Iqtisodiy bosim va kelajakdagi xatarlar
Kun sayin o‘sib borayotgan xarajatlar, qurol-yarog‘, raketa va parvozlarning qimmatligi, infratuzilmaning vayron bo‘lishi va iqtisodiy inqiroz xavfi Isroil hukumati uchun jiddiy xulosalar qilishga majbur qilmoqda. Analitiklar fikricha, agar urush uzoq davom etsa, mamlakat budjetidagi tanqislik va iqtisodiy barqarorlikka tahdid kuchayadi.
Biroq Isroil uchun asosiy ustuvorlik — davlat va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘lib qolmoqda. Urushning iqtisodiy “narxi” esa har kuni ortmoqda, bu esa hukumatni tezroq qaror qabul qilish va muzokaralarga qaytishga undashi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar