
Yaqin Sharqdagi jiddiy qarama-qarshiliklar va urushlar fonida Donald Tramp va Benyamin Netanyahuning yangi siyosiy kelishuvi haqidagi xabarlar xalqaro jamoatchilikning diqqat markaziga chiqdi. “Israel Hayom” nashri o‘z manbalariga tayanib yozganiga ko‘ra, bu kelishuv G‘azo sektoridagi urushni tezroq tugatish va Isroilning arab dunyosi bilan munosabatlarida yangi sahifa ochishni ko‘zda tutmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Trampning rejasida G‘azodagi qurolli to‘qnashuvlar ikki hafta ichida to‘xtatilishi, AQSH va Yevroittifoq terrorchi tashkilot sifatida e’tirof etgan HAMAS rahbariyati sektori tark etishi belgilangan. Sektorni boshqarish esa Misr va BAAni o‘z ichiga olgan to‘rt arab mamlakati zimmasiga yuklatilishi kutilmoqda.
Yana bir muhim jihat — 2023 yil oktyabridan buyon garovda saqlanayotganlar ozod etilishi va o‘z mamlakatidan chiqib ketishni xohlagan falastinliklarga uchinchi davlatlarda boshpana topish imkoniyati yaratilishi kerak. Bu orqali mintaqadagi insonparvarlik inqirozini yumshatish ko‘zda tutilmoqda.
Tramp ma’muriyatining yana bir maqsadi — Isroil va arab mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yaqinlashtirish va ilk bor Saudiya Arabistoni, Suriya, Livan kabi davlatlarni katta siyosiy kelishuvga jalb etishdan iborat. Musulmon dunyosi bilan hamkorlikni kuchaytirish, mintaqada barqarorlik va iqtisodiy integratsiyani ta’minlash asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Yangi kelishuv doirasida Isroil Falastin muxtoriyatida islohotlar amalga oshirilishi sharti bilan mustaqil Falastin davlatini yaratishni muhokama qilishga rozi bo‘lishi mumkin. Buning evaziga AQSH Isroilning Iordan daryosi G‘arbiy sohilidagi ayrim hududlar ustida suverenitetini tan oladi.
Siyosiy tahlilchilarga ko‘ra, bu kelishuv faqat Yaqin Sharq emas, balki butun xalqaro siyosiy maydonda katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Agar hujjat amalga oshsa, G‘azodagi urushga nuqta qo‘yilishi, minglab insonlar hayoti saqlab qolinishi va yangi siyosiy format shakllanishi mumkin. Bundan tashqari, Isroil va arab dunyosi munosabatlarida ham yangi tarixiy bosqich boshlanadi.
Ayni damda barcha e’tibor Tramp va Netanyahuning tashabbusiga, arab davlatlari va xalqaro hamjamiyatning bu masalaga munosabatiga qaratilgan. Yaqin haftalarda mintaqada siyosiy manzara qay tarzda o‘zgarishi, katta savol bo‘lib turibdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar