date

G‘azodagi gumanitar yordam markazi xodimlari och falastinliklarni o‘qqa tutgan

G‘azodagi gumanitar yordam markazi xodimlari och falastinliklarni o‘qqa tutgan
BBCning xabariga ko‘ra, gumanitar yordam markazlarida nazoratsizlik, zo‘ravonlik hukum surmoqda, javobgarlik yetishmayapti.

G‘azo sektorida AQSh va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan va bahsli deb baholangan yangi yordam tarqatish markazlarida ishlagan sobiq xavfsizlik xodimi BBC'ga bergan intervyusida o‘z hamkasblarining hech qanday tahdid solmagan och-nahor fuqarolarga bir necha bor o‘q uzganini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, bir holatda kuzatuv minorasida turgan qo‘riqchi mashina quroli bilan ayollar, bolalar va keksalardan iborat guruh juda sekin harakatlangani sababli o‘q uzgan. “Bu paytda boshqa bir xodim, qiyalikda turgan holda, 15-20 marta avtomatik quroldan o‘q uzdi. Bir falastinlik yiqildi va qimirlamay qoldi. Boshqa qo‘riqchi esa kulib: ‘Voy, sen bittasini uribsan, shekilli’, dedi”, — deya eslaydi guvoh.

Ushbu ayblovlarga javoban, G‘azo Gumanitar Jamg‘armasi (GHF) bu iddaolarni "mutlaqo yolg‘on" deb rad etdi. Ular rasmiy bayonotda hech bir tinch aholi vakili yordam markazlarida nishonga olinmaganini aytishdi. GHF bu xodimni "intizomsizligi uchun ishdan bo‘shatilgan norozi sobiq pudratchi" deb atadi. Biroq, guvoh ishdan ketganidan keyin ham ikki hafta davomida haq to‘langanini tasdiqlovchi maosh varaqalarini ko‘rsatdi.

GHF may oyining oxiridan boshlab janubiy va markaziy G‘azodagi bir nechta markaz orqali yordam tarqatishni boshlagan edi. Bu G‘azo sektoriga 11 haftalik to‘liq blokada davomida oziq-ovqat kiritilmaganidan so‘ng joriy qilingan tizim edi. Ammo, BMT va mahalliy shifokorlarning ma’lumotlariga ko‘ra, GHF markazlaridan oziq-ovqat olishga uringan 400 dan ortiq falastinlik Isroil harbiylari tomonidan o‘ldirilgan.

GHF'ning aytishicha, ularning tizimi yordamni "Hamasga emas, bevosita muhtoj aholiga" yetkazishni maqsad qilgan. Isroil harbiylari esa o‘z navbatida tinch aholi atayin nishonga olinmayotganini bildirmoqda.

Sobiq xodimning aytishicha, markazlar ichida amalda hech qanday qat’iy qoidalar, harakat protokollari yoki fuqarolar xavfsizligini ta’minlash mexanizmi mavjud emas. "Agar tahdid sezsang – ot, o‘ldir va keyin savol ber", — degan edi, uning aytishicha, bir guruh rahbari.

Shuningdek, u har bir markazda kuzatuv kamerasi mavjudligini, GHF bayonotida aytilganidek, hech kimga o‘q uzilmagan, degan da’volarni “ochiqcha yolg‘on” deb atadi.

Sobiq xodimning fikricha, GHF ichida falastinliklarga nisbatan kamsituvchi munosabat mavjud: ularning insoniy qadriyati inkor etiladi. "Ularga 'zombi to‘dasi' deb murojaat qilishardi", — deya eslaydi u.

Uning ta’kidlashicha, yordam oluvchilarga ko‘p holatlarda gaz purkalgan, granatalar parchalari tekkan yoki tiqilinchda sim to‘siqlarga urilib tan jarohati olganlar bo‘lgan. Bir ayol boshiga granata qobig‘i tekkanidan keyin hushidan ketgan, dedi u.

Oxfam, Save the Children kabi 170 dan ortiq xalqaro tashkilotlar GHF faoliyatini to‘xtatishga chaqirdi. Ularning bayonotida, harbiylar va qurollangan guruhlar yordam olishga uringan aholiga muntazam ravishda o‘q uzayotgani qayd etilgan.

GHF esa o‘zining besh hafta ichida 52 milliondan ortiq ovqatlik tarqatganini bildirgan va boshqa tashkilotlar yordamlarini himoyalay olmasligini tanqid qilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » G‘azodagi gumanitar yordam markazi xodimlari och falastinliklarni o‘qqa tutgan